Yurtimizda farovonlik va taraqqiyotga erishish yoʻlida tadbirkorlikni rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlashga muhim eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Zero, faqat shu yoʻl bilan aholi farovonligi oshib, iqtisodiyot yana-da mustahkamlanadi.

Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 28-oktyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida joylarda tadbirkorga koʻmakdosh boʻladigan, muammosini hal qiladigan korxonalarni sogʻlomlashtirish va xususuylashtirish klinikalari hamda Call-markaz tashkil etish zarurligini taʼkidlagan edi.

Taʼkidlash joizki tadbirkor faoliyati mobaynida turli toʻsiqlar, muammolar, tushunmovchiliklarga koʻp uchrashi tabiiy. Kredit mablagʻlarining sababsiz kechiktirilishi, subyektga ajratiladigan joy, bino masalasi, mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ishchi kuchi, eksport muammolari va hokazo masalalar bilan qiynalib yurgan tadbirkor mana shunday klinikaga kelib, oʻz “dard”iga davo topmoqda.

Fargʻona viloyatida “Fargʻona tadbirkori – Fargʻonada islohotchi” tajribasi doirasida muayyan natijalarga erishilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini uzluksizligini taʼminlash va eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvvatlash uchun 1 trillion soʻm aylanma mablagʻ uchun kreditlar ajratilmoqda. Xususan, 101 ta tadbirkorga xalqaro moliya institutlarining 210 milliard soʻmlik kreditlari berildi. Joriy yilda 8 mingga yaqin yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.

Fargʻona shahrida faoliyat boshlagan “Tadbirkorlar uyi” har bir murojaatini belgilangan meʼyorlar asosida tezkorlik bilan ijobiy hal etish imkonini bermoqda.
Maqsad ham aslida tadbirkorga koʻmakchi va suyanch boʻlishdir. Bir soʻz bilan aytganda, tadbirkorning muammosi shu yerda yechim topadi. Istiqbolli loyihalar, biznes-rejalar ishlab chiqiladi.
Bu yerda tadbirkorning barcha masalalari ijobiy hal etilishi uchun tijorat banklari, davlat xizmatlari markazi, qurilish, arxitektura va boshqa barcha masʼul idoralarning xodimlari joylashgan. 
– Mazkur klinika tadbirkorlarning u tashkilotdan bu tashkilotga sarson-sargardon yurmasligi, ortiqcha vaqt sarflamasdan bir joyning oʻzida ishini bitirishi uchun tashkil qilindi, – deydi Fargʻona viloyati Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi Zokirjon Xoʻjayev.

– Davlat xizmatlarining maʼmuriy reglamenti aksariyati tadbirkorlik bilan bogʻliq hisoblanadi. Misol uchun, tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, xorijdan ishchi kuchlarini jalb qilish, tadbirkorlik faoliyati muddatini uzaytirish, ishchilarga pensiya daftarchasi ochish kabi jarayonlar biz orqali amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar bizga boʻlgan yuzdan ortiq murojaatning aksariyati ijobiy hal etildi.

“Tadbirkorlik uyi” faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish borish maqsadida uning telegram kanali, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifasi ochildi, tadbirkorlar uchun onlayn murojaat qilish imkoniyati ham yaratildi.

Oʻtgan davr mobaynida “Tadbirkorlik uyi”ga 1 ming 834 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1 ming 50 tasi ijobiy hal etilgan. 458 tasiga tushuntirish berilgan hamda 324 tasi tegishli boshqarma va tashkilotlar tomonidan oʻrganilmoqda.

Mazkur “Tadbirkorlik uyi”ga murojaat bilan kelgan tadbirkor Mansurbek Normatovning 8 yillik muammosi 3 kunda hal boʻldi. Aniqroq aytganda 2012-yilda tadbirkorga tegishli boʻlgan 4 gektar yer davlat tomonidan nomalum sabablarga koʻra olib qoʻyilgan. Uning qayd etishicha, bu yerda tadbirkor aholiga xizmat koʻrsatuvchi obyektlar qurishni rejalashtirib yurgan. Hozirga qadar bormagan idorasiyu, toʻplamagan hujjati qolmagan. Bir necha kun oldin ushbu masalada viloyat hokimiga murojaat qilgan va masala ijobiy yechim topgan.

Bu yerda har bir idoraning kun tartibidagi ustuvor vazifasi – tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning dardini eshitish va muammolarini hal qilishdan iborat boʻladi.

Yana bir jihat. Tadbirkorga biznes yuritishning ilk saboqlari va hozirgi rivojlanish tendensiyalarini oʻrgatish maqsadida “Biznes akademiya” tashkil etilgan. Oʻquv jarayonlariga respublikamiz va xorijdan malakali mutaxassislar jalb etilmoqda. Hozirgi kunda 60 dan ortiq tinglovchilar malakali mutaxassislardan saboq olmoqda.