Ularning aksariyati yaqin 6-7 yilda tadbirkorligini boshlab, xalqimiz orasidan chiqayotgan yangi Oʻzbekiston ishbilarmonlaridir.
Ular keyingi yillarda soha vakillariga yaratilayotgan qator yengilliklar, erkinliklardan kuch olib, iqtisodiyotimiz lokomotiviga aylanib bormoqda. Yetti yil oldin boshlangan amaliy ishlar samarasi yurtimizda ishbilarmonlik muhiti taraqqiy etib borayotgani, yangi-yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgani, aholining salmoqli qismi shu sohada mehnat qilayotganida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Islohotlar ayni shu ogʻriqli nuqtadan boshlangani bejiz emas. Chunki ilgari bir tadbirkor ish boshlasa, faoliyatiga aralashib, huda-behuda tekshiruvi bilan toʻsiq qoʻyadiganlardan koʻpi boʻlmasdi. Mahsulot ishlab chiqarish, bozor topish, yangi ish oʻrni yaratish — barchasi katta mashaqqat, bu yoqda tadbirkorga yordam berish oʻrniga uning ishiga xalal qilishlar, albatta, rivojlanish yoʻlidagi toʻsiq edi.
Shu bois, 2016-yildan boshlab mamlakatimizda tadbirkorlarga munosabat tubdan oʻzgardi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni esa ushbu sohada yangi bosqich, yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Zero, hujjat bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari, shuningdek, ularni jinoyat ishlari doirasida muqobil tekshirishlarning barcha turi bekor qilindi.
Bu boradagi qatʼiy qadamlar biri biriga ulandi. Soha rivojiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Sohani rivojlantirishga qaratilgan koʻplab qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Oʻtgan yillar davomida biznes yuritishga doir 100 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga oʻtkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo boʻyicha koʻplab cheklovlarga barham berildi. Natijada ichki va tashqi bozorda oʻz nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi.
Odamlarimiz orasida tadbirkorlikka qiziqish ortdi. Barcha tarmoqlarda tadbirkorlik muhiti shakllanib, kichik va oʻrta biznes hayotimizga jadal kirib keldi. Ayni chogʻda mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish oʻrinlarining asosiy qismi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri kelyapti. Ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilayotgani xususiy biznesning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni ham oshib borayotganini koʻrsatadi.
Kutilgan tashabbuslar
Tadbirkorlik — qariyb barcha sohalar lokomotivi, degan gapda hech bir mubolagʻa yoʻq. Aholini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, zamonaviy xizmatlar koʻrsatish, yangi ish oʻrinlari yaratish masalalarida asosiy rol oʻynayotgan ishbilarmonlik rivojlansa, albatta, boshqa sohalar ham gullab-yashnaydi. Bu haqiqatni rivojlangan mamlakatlar tajribasi tasdiqlayapti.
Keyingi yillarda yurtimiz aholisi oʻrtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga munosabat oʻzgardi. Jamiyatda ularning obroʻyi, mavqei kun sayin ortib boryapti. Chunki mulk va mulkdorlar, xususiy sektor vakillarining huquq va manfaatlari qonun yoʻli bilan himoya qilinishi yanada mukammallashdi. Ana shulardan kelib chiqib, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar yangi Oʻzbekistonda real voqelikka aylanib boryapti.
Yurtimizda 20-avgust Tadbirkorlar kuni etib belgilangani, shu sana oldidan davlat rahbari ishbilarmonlar bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazishi esa soha vakillariga bildirilayotgan yuksak ishonch, hurmat-eʼtibor timsolidir. Taʼbir joiz boʻlsa, bu dunyoda muqobili yoʻq noyob amaliyot boʻldi.
Oʻtgan yili tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ishbilarmon doira vakillari tomonidan koʻplab taklif va tashabbuslar bildirilib, muammolar oʻrtaga tashlangan edi. Oʻtgan bir yil ichida bu uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarning aksariyati amalga oshdi, deyish mumkin. Masalan, oʻtgan yilgi takliflar asosida biznes subyektlari mikro, kichik, oʻrta va yirik toifalarga boʻlindi hamda ularning har biri bilan alohida yondashuvlar asosida ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Tuman va shaharlar ham 5 ta toifaga ajratildi, 60 ta tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi.
Bu saʼy-harakatlar natijasida mazkur tumanlardagi tadbirkorlar oʻtgan olti oyda qariyb 1 trillion soʻmlik imtiyozlardan foydalangan. Buning hisobidan 20 ta tumandagi tadbirkorlarning daromadi oʻtgan yildagiga nisbatan 1,5-2 barobar oshdi, boshqacha aytganda, joriy yilning birinchi yarmida 7 trillion soʻmdan 11,5 trillion soʻmga koʻpaydi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish muddati qisqartirilib, oʻtgan bir yil ichida 6 mingta korxonaga 20 trillion soʻm qaytarib berilgani ham hazil gap emas. Ayniqsa, eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qoʻshilgan qiymat soligʻini intizomli eksportchi korxonalarga qaytarib berish tartibi joriy qilingani natijasida 2 mingdan ziyod tadbirkorning hisob raqamiga 7 trillion soʻm kelib tushgan.
Bunday misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo asosiysi, natijalar faqat qogʻozda emas, bevosita hayotimizda, tadbirkorlar faoliyatida aks etmoqda. Shu bois, soha vakillari navbatdagi ochiq muloqotni ham katta qiziqish bilan kutib, oʻz muammolari, takliflarini dadil bildirganiga guvoh boʻldik. Bular asosida davlatimiz rahbari tomonidan biznes rivojiga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildiki, ularning barchasi yurtimizda tadbirkorlikning keng quloch yoyishi, ishbilarmonlar safi yanada kengayishiga turtki beradi. Zero, mamlakatimizda, har bir tuman, mahallalarimizda tadbirkorlar koʻpayib borishidan barcha manfaatdor.
Ilgari surilgan yangi tashabbuslar bu boradagi aniq vazifalarni belgilab beradi. Jumladan, muloqot davomida tadbirkorlikka oʻqitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish boʻyicha yaxlit ekotizim yaratilishi qayd etildi. Bunday yondashuv biznes rivoji uchun katta turtki beradi.
Joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarimiz davomida tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati banklardan kredit olishdagi qiyinchiliklar toʻgʻrisida boʻladi. Ochiq muloqotda mazkur muammoga ham oddiy, ayni paytda juda samarador yechim aytildi. Endilikda tadbirkor koʻp daromad topishidan bank manfaatdor boʻladigan tizim yaratiladi. Bu oqilona tadbir Oʻzbekistonni tadbirkorlar mamlakatiga aylantiradi.
Shu bilan birga, oʻz biznesini yoʻlga qoʻya olgan, kredit va soliq tarixi toza tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foiz kamaytiriladi. Biznes bilan shugʻullanayotgan yurtdoshlarimiz bu juda katta yengillik ekanini yaxshi biladilar, binobarin, bu yangilik ularni gʻoyat quvontirgani bor gap.
Ochiq muloqotda soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq idoralari xodimlarining yondashuvlari butunlay oʻzgartirilishi ham taʼkidlandi. Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi, ularga qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini vaqtinchalik toʻxtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi. Soliq boʻyicha tadbirkorlarga nisbatan daʼvo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga kamaytiriladi. Soliq yoki kredit qarzini undirish boʻyicha sud qarori chiqarilganda, penya va foizlar hisoblash toʻxtatiladi. Bundan tashqari, yana koʻplab yengilliklar, yangi sharoit-imkoniyatlar tilga olindi. Bu oʻzgarishlar, yangiliklar, xalqona aytganda, tadbirkorlar davri keldi, qandingni ur, tadbirkor, degani emasmi?
Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar, yuqorida aytganimizdek, nainki tadbirkorlik, balki butun mamlakatimiz rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Ammo mazkur yangilanishlarni amalga oshirish uchun barchamiz birga, hamfikrlikda harakat qilmogʻimiz lozim. Shundagina yurtimizda tadbirkorlik muhiti yanada rivojlanib, ishbilarmonlar safi kengayadi, buning ortidan xalq ham, davlat ham boy boʻladi.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari









