Shu bois, agar korxona xorijiy brend va investor bilan kelishuvga erishsa, unga yangi tashkil qilingan Sanoat jamgʻarmasi 25 foizigacha kapitaliga sarmoya bilan kirishi mumkin boʻladi.

Tadbirkorlik jamgʻarmasi iqtisodiyotning yana bir drayveri boʻlgan xizmatlar sohasiga masʼul boʻladi. Jamgʻarmaga salohiyatli oʻrta biznes korxonalariga ulushdor boʻlib kirish vakolati beriladi. Buning uchun joriy yilda jamgʻarmaga qoʻshimcha 25 million dollar, kelgusi yilda yana 100 million dollar ajratiladi.

Shu bilan birga jamgʻarma tomonidan oʻrta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi.

Jamgʻarma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi. Endi mehmonxona, restoran, savdo kompleksi, avtoturargoh, yoqilgʻi shoxobchasi, kemping kabi obyektlarning tayyor loyihalari tadbirkorlarga taklif etiladi.

Shuningdek, jamgʻarma tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish obyekti uchun yer sotib olish, bino-inshootlar qurish va aylanma mablagʻi uchun ham resurs ajratadi.

Bu ikkita yangi tizim 1-oktyabrdan toʻlaqonli ishga tushiriladi va kelgusi bir yilda oʻrta biznesda sanoat sohasida 2 mingta va xizmatlarda 10 mingta yangi loyihalar moliyalashtiriladi.

Ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan qoʻshimcha 1 milliard dollarlik xizmatlar koʻrsatish, 5 milliard dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish, 350 ming yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish mumkin boʻladi.