Tadbirkorlik subyekti boʻlmagan yuridik shaxs qanday roʻyxatdan oʻtkaziladi?

    Mamlakatimizda 3 Oktabr 2022 2880

    Vazirlar Mahkamasining 28.09.2022-yildagi “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 542-son qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston hududida faoliyat koʻrsatadigan yuridik shaxslar birlashmalarini, advokatlik tuzilmalarini hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    • Davlat organlari va muassasalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va davlat organlarini tugatish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • Yuridik shaxslar birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • Advokatlik tuzilmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
    • Uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.

    Davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yuridik shaxslar davlat xizmatlari markazlariga ariza bilan murojaat qiladi, soʻrovnomani toʻldiradi. Arizaga taʼsis etish toʻgʻrisidagi hujjatlarni (ustav, yigʻilish bayonnomasi), shuningdek, davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisida kvitansiyani ilova qilish zarur.

    Qarorda ariza shakllari, soʻrovnomalar, shuningdek arizani koʻrib chiqish sxemalari koʻrib chiqish va roʻyxatdan oʻtkazish vaqtlari koʻrsatilgan holda keltirilgan.

    Shuningdek, hujjat bilan Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarning davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Davlat organlarini yuridik shaxs sifatida tugatish normativ-huquqiy hujjatlar yoki vakolatli davlat organlarining hujjati (qaror, buyruq va hokazo) asosida amalga oshiriladi. Tadbirkorlik subyekti boʻlmagan yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida qaror taʼsis hujjatlarida bunga vakolat berilgan yuqori turuvchi organ tomonidan qabul qilinadi. Qarorda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:

    • tugatilayotgan yuridik shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
    • tugatuvchi haqidagi maʼlumotlar;
    • yuridik shaxsni tugatish sababi va moʻljallanayotgan tugatish muddati.

    Yuridik shaxslarni tugatish boʻyicha soliq organlari, davlat statistika organlari, Majburiy ijro byurosi boʻlinmalari hamda tijorat banklari bilan oʻzaro maʼlumot almashinish Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi vositasida amalga oshiriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 29.09.2022-yildan kuchga kirdi.

    Lola Abduazimova.