Iqtisodiyot samaradorligini oshirish, yetkazib berilayotgan mahsulotlarning ishonchliligi, xavfsizligi, foydalanishda qulayligi va sifatini taʼminlashda texnik jihatdan tartibga solishning ahamiyati katta. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan yurtimizda 2017-2022-yillarda texnik tartibga solish faoliyati oʻrganildi.
Soʻnggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida:
- huquqiy asoslar mustahkamlandi, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Metrologiya toʻgʻrisida”gi, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari qabul qilindi;
- “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida “ye-standart”, “ye-metrologiya” va “ye-akkreditatsiya” axborot tizimlari ishlab chiqildi;
- xalqaro talablarga uygʻunlashtirilgan standartlar soni 19,5 mingtaga yetdi va umumiy standartlar sonidagi ulushi 10 foizdan 80,4 foizgacha oshdi;
- joriy qilingan xalqaro texnik reglamentlar soni 4,8 marotaba (12 tadan 57 taga) oshdi.
ISO 9001 xalqaro standartiga muvofiq eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida turli sohalarda faoliyat yurituvchi 4 ming 961 korxonada Sifat menejmenti tizimlari joriy etildi.
Mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan “korxonabay” tizimining tatbiq etilishi tadbirkorlik subyektlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikning aniq mexanizmlaridan foydalanish imkonini berdi.
14,9 mingta korxonada tadbirlar oʻtkazilib, standartlashtirish, metrologiya, 1,4 ming turdagi mahsulotni sertifikatlash yoʻnalishlarida amaliy yordam koʻrsatildi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi sinov laboratoriyalari modernizatsiya qilindi yoki yangi uskunalar bilan bilan taʼminlandi, 4 ta laboratoriya xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi, 13 ta yangi laboratoriya tashkil etildi.
"Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” davlat unitar korxonasi Xalqaro laboratoriya akkreditatsiyasi tashkiloti (ILAC MRA)ning toʻliq aʼzoligiga qabul qilindi. Oʻzbekistonda oʻtkazilgan sinovlarning natijasi dunyodagi 116 ta mamlakatda tan olinadi.
Oeko Tex, GOTS, BCSI, Sedex, Global GAP, Organic, CE va boshqa xalqaro standartlar toʻqimachilik sohasidagi 157 ta, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektoridagi 225 ta, elektrotexnika tarmogʻidagi 53 ta korxonada joriy etilgan.
Shakllangan texnik jihatdan tartibga solish tizimi bundan keyin ham tarmoqlar va umuman, Oʻzbekiston iqtisodiyotini yanada samarali rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqini himoya qilishda koʻmak beradi.