Uch taniqli jadidshunos olimning “Jadidlar faoliyati — ibrat maktabi” (“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2022-yil 28-dekabr) maqolasida koʻtarilgan masala biz, XX asr oʻzbek adabiyoti tadqiqotchilarini bir necha yildan beri bezovta qilib kelayotgan muhim xalqaro ahamiyatga molik masaladir.

Shu kecha-kunduzda, dunyoda tarixning magistral yoʻlidan borayotgan insoniyatni chalgʻituvchi bir-biridan qabih gʻoyalar, maslaklar, hatto urushlar avj olib borayotgan bir paytda oʻzbek olimlarining XIX asr oxiri — XX asr boshlarida vujudga kelgan jadidchilik harakati va adabiyotini xalqaro miqyosda oʻrganish haqidagi taklifi zamirida katta maqsad va maʼno bor.

Bu fenomenal hodisa AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Turkiya olimlari tomonidan oʻtgan asrning 50-yillaridayoq oʻrganila boshlangani tasodifiy hol emas.

Chor Rossiyasi iskanjasida yashagan, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotdan ancha orqada qolgan Turkistondan bir guruh yoshlarning otilib chiqishi, xalqni maʼrifatni egallab, qullik kishanlarini parchalab tashlashga chaqirishi favqulodda buyuk bir voqea edi.

1917-yil fevral inqilobidan keyin qisqa muddat boʻlsa-da, Turkiston Muxtoriyati hukumatining barpo etilishi, Oktyabr toʻntarishidan keyin esa yangi ilm-fan va madaniyatning maydonga kelishida jadid otalarimizning xizmatlari oz emas.

Fidoyi zotlar

Sovet davlatining 1919-yildan 1937-yilgacha boʻlgan davrda Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy singari buyuk jadidlarni otib tashlagani, oʻzbek xalqini dohiysiz qoldirgani tasodifiy emas.

Chunki ular — bu fidoyi zotlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning soʻzlari bilan aytganda, butun umrlarini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish uchun bor kuchlarini safarbar etish va shu yoʻlda oʻzlarining aziz jonlarini ham qurbon qilishga tayyor edilar. Bunday fidoyi kishilar qatl qilinganidan keyin ham ularning ruhi yangi avlodni millat va Vatan manfaati yoʻlida kurashga daʼvat etib turadi.

Biz, shoʻro davri fuqarolari, davlat va xususiy arxivlardagi jadidchilikka oid materiallarni kuydirgan va kuydirayotgan paytimizda xorijiy olimlar Moskva, Leningrad, Qozon, Toshkent, Samarqand, Dushanbe singari shaharlarga borib, xususiy arxivlardagi koʻplab noyob materiallarni olib ketgan. (Xorijiy olimlarning aytishicha, Qozon universitetining asosiy kutubxonasi va Tatariston davlat arxivida XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Turkistonda nashr etilgan kitob, risola va gazetalarning aksar qismi na oʻzbek, na xorij olimlari tomonidan oʻrganilgan).

Ular xizmat qilgan va xizmat qilayotgan universitetlarning kutubxonalarida Oʻzbekistondagi jadidchilikka oid shunday materiallar borki, koʻrib, hayratga tushasiz. Oʻzbekistondagi “yashirin biznes” bilan shugʻullangan kimsalar nafaqat xorijdagi muzeylarning sanʼat asarlari bilan, balki shu kutubxonalar fondining noyob kitoblar, hujjatlar va qoʻlyozmalar bilan ham boyishiga oʻz “hissa”larini qoʻshgan.

Soʻnggi kunlardagina ruxsat berilgan

Agar mamlakatimizda xalqaro jadidchilik akademiyasi tashkil etilsa, oʻzbek jadidshunoslari oldida yangi izlanishlar maydoni ochilgan, xalqaro ilmiy aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan, izlanishlar va olib borilgan tadqiqotlar natijalari oʻzbek va ingliz tillarida nashr etilib, Xalqaro jadidchilik akademiyasi jahonning nufuzli ilmiy markazlaridan biri sifatida faoliyat olib borgan boʻlardi.

Oʻzbekistonda jadidchilikni oʻrganishga SSSRning soʻnggi kunlarida ruxsat berilgan. Oʻzbek adabiyotshunos olimlari oʻtgan davr mobaynida ­“Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti” (B.Qosimov va boshqalar), B.Doʻstqorayevning “Oʻzbek jurnalistikasi tarixi” darsliklari, ­A.Boboxonov va M.Maxsumovning “Abdulla Avloniy”, B.Qosimovning “Milliy Uygʻonish”, Sh.Rizayevning “Jadid dramasi”, H.Boltaboyevning “Fitrat va fitratshunoslik”, kaminaning “Choʻlpon” va “Mahmudxoʻja Behbudiy”, S.Mirvaliyevning “Abdulla Qodiriy” singari monografiyalarini nashr ettirdilar.

Jumladan, A.Aliyev, Sh.Yusupov, S.Qosimov, Sh.Turdiyev, S.Ahmedov, D.Alimova, S.Xolboyev va boshqa olimlarning risola va maqolalari chop etildi. M.Behbudiy, Munavvarqori, A.Avloniy, Fitrat, Choʻlpon, Tavallo, Hoji Muin va boshqa jadidlarning bir, shuningdek, koʻp jildlik asarlari xalqqa taqdim etildi.

Sharaf bilan bajarilgan muqaddas burch

Shu yillarda yetishib chiqqan fidoyi olimlar ustoz jadidlar xotirasi oldidagi muqaddas burchini sharaf bilan bajardi.

Afsuski, ular jadid adabiyotining peshqadam namoyandalari toʻgʻrisida oʻnlab monografiya, risola va maqolalar yozgani, telekoʻrsatuvlar tayyorlaganiga qaramay, ayrim kishilar hali ham jadidlarni Oʻzbekiston xalq yozuvchilari, Lenin komsomoli mukofoti sovrindorlari bilan adashtirib yuradi.

Ayniqsa, ayrim gazeta va jurnallarning 1912-yilda tugʻilgan va shoʻro davri oʻzbek adabiyotining vakili boʻlgan Usmon Nosirni oʻquvchilarga jadid shoir sifatida taqdim etib kelishi achinarli holdir.

Hamza Hakimzoda Niyoziyning jadid adabiyotining yirik namoyandalaridan biri boʻlganligi esa butunlay unutib yuborildi. Holbuki, Hamza jadid dramaturgiyasining koʻzga koʻringan namoyandasi boʻlibgina qolmay, birinchi oʻzbek romani — “Yangi saodat”ning muallifi hamdir.

Bu asarning jadid adabiyoti namunasi ekanligi uning qimmatini aslo tushirmaydi. Aksincha, jadid yozuvchilarining, ayniqsa, Hamzaning 1914-yildayoq birinchi oʻzbek romanini yozib, milliy adabiyotimizni yangi adabiy janr bilan boyitishga intilgani, asardagi bosh qahramonlar obrazi orqali jadidchilik gʻoyalarini yorqin ifodalagani tahsinga sazovor.

“Tazkirai Qayyumiy” singari manbalarni, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti va Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi fondlarini oʻrganish shundan shahodat beradiki, hali jadidshunos olimlar nazariga tushmagan jadid shoirlar, jadid maʼrifatparvarlar oz boʻlmagan.

Bizga nomaʼlum boʻlgan bir necha jadid shoirlarning nomini Hamid Olimjon va Otajon Hoshimning jadid adabiyotiga bagʻishlangan maqolalarida uchratish, shu shoirlar asarlaridan olingan parchalar asosida ular ijodi haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.

Aytmoqchimizki, jadid muallimlar, shoirlar va jurnalistlar jadid adabiyoti va jurnalistikasiga bagʻishlangan darsliklardan oʻrin olgan jadidlarga qaraganda koʻp boʻlgan. Ular koʻp boʻlgani va jadidchilikning turli sohalarida faoliyat olib borgani sababli shu yillardagi jamiyatni larzaga keltirgan.

Jadidchilik oʻz-oʻzidan dunyoga kelmagan. Kolonial zulm XVII-XIX asrlardagi ijtimoiy-madaniy tanazzul, ayniqsa, rus mustamlakachiligi davrida maʼrifat va madaniyatdan orqada qolgan, ijtimoiy haq-huquqlari toptalgan, ogʻir iqtisodiy hayotni boshidan kechirgan va kechirayotgan Turkiston xalqining sabr kosasini toʻldirib yubordi. Ammo uni zulmga qarshi bosh koʻtarishga daʼvat etuvchi dohiy hali tugʻilmagan edi.

Yangi savdogarlar avlodi

Shu yillarda yangi savdogarlar avlodi shakllandi. Bu avlod vakillari Turkiston va Rossiyadan uzoqda joylashgan mamlakatlarga borib, ularda istiqomat qilayotgan xalqning — dini, millati va mentaliteti qanday boʻlishidan qatʼi nazar, Turkiston aholisiga qaraganda bir necha baravar yaxshi yashayotganini, madaniyat va maʼrifat mevalaridan bahramand boʻlayotganini oʻz koʻzlari bilan koʻrdi. Sayyoh savdogarlar va sayyoh maʼrifatli kishilarning matbuotda eʼlon qilingan sayohatnomalari shu davrdagi tarixiy sharoitning “qoʻngʻirogʻi” sifatida ziyolilarni mudroq uyqudan uygʻotib yubordi. Ortiq “ayiqlar uyqusi” bilan yashash mumkin emas edi.

Millat munavvarlari vatandoshlarining qoʻshni xalqlardek farovon va madaniy turmush kechirishlari uchun ularni uygʻotish, ular yashayotgan gʻarib kulbalarga maʼrifat va taraqqiyot nurlarini olib kirish lozim, degan qarorga keldi.

Jadidlarning akalari

Jadidchilik harakati shu tarzda boshlandi. Jadid maktablari paydo boʻldi, gazetalari nashr etila boshladi. Jadid teatri maydonga chiqdi.

Ayniqsa, jadid teatrining tugʻilishi jadidchilik va taraqqiyparvarlik gʻoyalari xalqning har bir qatlamiga yetib borishiga imkoniyat berdi. Bu tarixda boʻlmagan ulkan va buyuk harakat edi! Bu harakatning dohiylari va ularning safdoshlari esa oʻz hayotini vatandoshlarining erkin, farovon va baxtli yashashi yoʻlida fido qilgan kishilar edi.

Biz “jadidchilik” deganda, avvalo, M.Behbudiyni koʻz oldimizga keltiramiz. Ammo Behbudiydan oldin ham dun­yoda fan, texnika, sanʼat degan fenomenlar borligini bilgan, Toshkentdagi rus gimnaziyasi toʻgʻrisida sheʼr yozibgina qolmay, yosh vatandoshlarini bilim olishga daʼvat etgan, gimnaziyaning kimyo va fizika laboratoriyalarini tasvirlabgina qolmay, zamonaviy texnikani egallamay turib, mustamlakachilik kishanlarini parchalash mumkin emasligini anglagan, Suvorov haqidagi spektaklni koʻrib, shunday sanʼat koshonasi Toshkentning Eski shaharida ham boʻlishini orzu qilgan Furqat va Muqimiy singari shoirlar ham boʻlgan.

Ular jadidlarning akalari. Maʼrifat taronalarini birinchi boʻlib shu shoirlar avlodi kuylagan. Shuning uchun ham jadidchilik tarixi yozila boshlaganda, bu tarixning birinchi bobi XIX asrning ikkinchi yarmida dunyoga kelgan oʻzbek maʼrifatparvarlik adabiyotiga bagʻishlangan boʻlsa, ayni muddao boʻlardi. Zero, Fitratsiz Behbudiyni, Muqimiysiz Tavalloni tasavvur qilish qiyin.

Shoyad, shirin orzularimiz roʻyobga chiqsa

Turkistondagi jadidchilik harakatini Tatariston, Ozarbayjon va Turkiyadagi jadidchilik harakati bilan qiyosiy oʻrganish, ular oʻrtasidagi ijodiy aloqa va hamkorlik sahifalarini nurlantirish qanday muhim ahamiyatga ega boʻlsa, bu masalalar ustida xorijiy olimlar bilan birga ishlash, jadid adabiyoti namoyandalarining asarlaridan iborat “Turkistondagi jadid adabiyoti” turkumini va “Turkiston jadidlari” biografik kitoblar turkumini yaratish undan-da katta ahamiyatga molik.

Kamina yuqorida bayon qilingan fikrlar bilan “Xalqaro jadidchilik akademiyasi”ni tashkil etish gʻoyasini toʻla qoʻllab-quvvatlash bilan birga barpo etilishi mumkin boʻlgan akademiyaning rahbariyati va ilmiy xodimlari oldida qanday muhim vazifalar turganini ham aytib oʻtishni lozim, deb hisobladi.

Shoyad, shirin orzularimiz roʻyobga chiqsa. Shoyad, uch jadidshunos olimning “Xalqaro jadidchilik akademiyasi”ni barpo etish haqidagi taklifi ilmiy jamoatchilikka ham, jadidchilik davri va jadidlar faoliyatiga katta qiziqish bilan qarayotgan muhtaram Prezidentimizga ham manzur boʻlgan boʻlsa...

Naim KARIMOV,

akademik