Takroriy ekin qoʻshimcha daromad, toʻkinlik manbai

    Agrosektor 27 Iyul 2023 1783

    Qishloq odamlari tanti, joʻmard, mehnatkash boʻladi. Ayni saraton jaziramasiga qaramasdan, bozorlarimiz toʻkinligi uchun gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin ekyapti.

    Bilasiz, qishloqlarda “bekorchi”ni topish qiyin. Deyarli barchaning tomorqasi bor. Qolaversa, mamlakatimizda boshoqli don ekinlaridan boʻshagan maydonlardan samarali foydalanish maqsadida yangi tizim yoʻlga qoʻyildiki, bu oilasi uchun qoʻshimcha daromad topish istagida boʻlgan, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimiz uchun ayni muddao boʻlmoqda. Shuning uchun ham bunday joylarda ishsizlik masalasi deyarli muammo emas. Bu borada eng maqbul yechim, yuqorida aytganimizdek, yerdan unumli foydalanish.

    Yoz fasli kelib, bugʻdoy oʻrimi boshlanadigan avvalgi yillarni yaxshi eslaymiz. Qishloqdagi qarindosh-urugʻlar doim bir muammodan yozgʻirib qolardi. Takroriy ekin mavsumidagi yer taqsimoti tor doirada, pala-partish hal qilib yuborilardi. Yer egasi yerni tanishlariga yoki boshqalarga sheriklikka berardi. Tabiiyki, sheriklik kelishuvi doirasida olingan hosil ikkiga boʻlinardi, yaʼni ketmon chopib ter toʻkkan dehqon daromadining yarmini yer egasi bilan boʻlishishga majbur edi.

    Bugungi kunga kelib esa vaziyat tamoman oʻzgardi. Soʻnggi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida yer munosabatlari tartibga solinyapti.

    Jumladan, joylarda aholiga yer maydonlari 3+1 dasturi asosida ajratilmoqda. Tizim orqali xalqimiz, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar, yerga ehtiyojmandlarga takroriy ekin yetishtirish orqali qoʻshimcha daromad topish imkoniyati yaratilyapti. Mazkur xayrli tashabbus kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan yanada ahamiyatli.

    Kuzi iliq — hosili boʻliq

    Gʻalla hosili yigʻib olingandan keyin asosiy ekindan boʻshagan maydonlarga oʻz vaqtida ishlov berish va ulardan takroriy ekin uchun foydalanish bugunning muhim vazifalaridan biri. Kuzi iliq va uzoq davom etadigan, sernam joylarda bu usul ayniqsa, qoʻl keladi.

    Surxondaryo iqlimi yerdan unumli foydalanish, yil davomida ikki, hatto uch marta hosil olish imkonini beradi. Viloyat gʻallakorlari 15–20-iyungacha hosilni yigʻishtirib olgan taqdirda ham, undan keyin qariyb toʻrt, quyosh sahovatini zamindan ayamaydi. Bu esa donli ekinlar, sabzavot, poliz va kartoshka yetishtirish uchun ayni muddao.

    Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda gʻalladan boʻshagan maydonlarni takroriy ekin uchun avvalo, ijtimoiy daftarlarda roʻyxatda turgan 15 ming 453 nafar ishsiz, shuningdek, 14 ming 171 nafar mehnatga layoqatli, lekin bandligi taʼminlanmagan fuqarolar hamda 961 nafar migrant va ularning oila aʼzolariga berish reja qilingan.

    Dehqon uchun har daqiqa gʻanimat. Buni toʻgʻri anglagan fermer xoʻjaliklari va klasterlar hosili yigʻib olingan yerlarni tezda shudgorlab, foydalanish uchun aholiga ajratib bermoqda. Denov tumanida ham tasdiqlangan manzilli reja va yoʻl xaritasiga koʻra, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 6 ming 400 nafardan ortiq aʼzolariga dehqonchilik xoʻjaliklari tashkil qilish uchun 9 ming 77 gektar yer maydoni ajratib berildi. Ahamiyatli tomoni, mavsumiy foydalanish uchun yer olgan har bir fuqaro ortidan uning oʻzi kabi ishsiz kamida besh nafar qarindoshining ham bandligi taʼminlanadi.

    Takroriy ekin sifatida dukkakli don, moyli va yem-hashak yetishtirish tavsiya qilinadi. Ekinlarning “bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida joylashtirilayotgani ham yuqori hosil olish imkonini beradi. Bunday jarayon bir xil agrotexnik tadbirlar qoʻllanishi, ekinga suv berishning uzluksizligini taʼminlaydi.

    Harajatsiz daromad olish imkoni

    Yurtimizda ayollarga qartilayotgan eʼtibor va koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Shu bois, har bir sohada ular uchun qator imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Takroriy ekin yetishtirish jarayonida ham ishsiz ayollarninig mavsumiy bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Denov tumanining Tasmasoy mahallasida yashovchi Mahliyo Narzullayeva “Ayollar daftari”da roʻyxatda turadi. U qandolat mahsulotlari oilaviy korxonasini ochishni reja qilgan. Yer ajratilishi esa uning orzulari roʻyobga chiqishida asqotadi.

    — Mahallamizdagi hosildor joydan yer ajratib berildi, — deydi M. Narzullayeva. — Tayyor shudgorlangan yer, ekin urugʻi bilan birga berilayotgani harajatlarsiz daromad olish imkonini yaratadi. Takroriy ekindan moʻmaygina foyda olib, uyda qandolatchilik bilan shugʻullanish uchun kichik korxona ochishni niyat qilganman. Mehnat qilgan, harakat qilgan odam daromad ham koʻrar ekan. Oʻtgan yili ham takroriy ekindan katta foyda olib, toʻy qilgan edik. Bu dalalar menga begona emas. Shundoqqina koʻchamizning boshi. Bu yerning “issiq-sovugʻi”ni yaxshi bilaman.

    Oʻz Vatanimda mehnat qilmoqchiman

    Muzrabot tumanida joriy mavsum gʻalladan boʻshagan 10 ming 700 gektar maydonga takroriy ekin ekish reja qilingan. Ahamiyatli tomoni, tumanda “Temir daftar”da roʻyxatda turuvchi 13 oila, “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan 189 nafar yoshlar, “Ayollar daftari”dagi 109 nafar xotin-qizga, shuningdek, 152 nafar mehnatga layoqatli ishsiz, migratsiyadan qaytgan 11 nafar fuqaroga yer maydoni ajratib berilgan.

    — Ishsizligim tufayli chet davlatlarga borib ishlab kelardim, — deydi Muhammadali Abdurahmonov. — Musofirchilikning noni qattiq boʻlar ekan. Koʻp qiyinchilik koʻrdik. Arizamga koʻra menga yer ajratib berishdi. Yerdan oladigan daromadim hisobiga mahallamizda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻymoqchiman. Bundan keyin xorijda emas, oʻz Vatanimda mehnat qilishni niyat qildim. Oʻzga yurtda, zax yerlarda sogʻligingni yoʻqotib ishlash, yurakda xadik bilan tong ottirish azob. Oʻz mahallamdan ajratilgan yer men uchun katta imkoniyat. Shu dala nafasidan toʻyib katta boʻlganmiz. Qolaversa, mahalla faollari ham qarab turmaydi. Hosil moʻl boʻlishi uchun maslahatini ayamaydi.

    Joriy yilda Surxondaryo viloyatida takroriy ekin maydoni oʻtgan mavsumdagiga qaraganda ikki hissaga ortgan. Bu ichki isteʼmol bozorini oʻzimizda yetishtirilgan mahsulotlar bilan barqaror toʻldirish, qayta ishlash korxonalarini doimiy xomashyo bilan taʼminlash, shuningdek, dunyoda kuzatilayotgan oziq-ovqat tanqisligi bilan bogʻliq murakkab davrda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

    Takroriy ekin yetishtirish mavsumi bir qarashda u qadar muhim jarayondek koʻrinmagani bilan yurtdoshlarimiz daromadini koʻpaytirishda ham, mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini taʼminlashda ham katta ahamiyatga ega. Shu bois, yurtimizda moʻl-koʻlchilik manbaiga aylangan sohani qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilyapti.

    Feruza JOʻRAYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri