Muzaffar Nazarov brifing davomida taksichilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar olgan daromadi boʻyicha qancha miqdorda soliq toʻlaydi, degan savolga quyidagicha javob berdi.
— Mazkur faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatlarini amalga oshirish uchun (faoliyatni respublikaning qaysi hududida amalga oshirishidan qatʼi nazar) 2021-yil uchun har oylik 150 ming soʻm miqdorida qatʼiy belgilangan miqdorda soliq va belgilangan miqdordagi ijtimoiy soliqni toʻlaydilar.
Shuningdek, berilgan litsenziya varaqasi boʻyicha bir yilga 245 ming soʻm miqdorida davlat boji undiriladi. Bunda 2021-yil 1-sentyabrgacha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganlar uchun davlat boji undirilmaydi. Bu ham taksichilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarimiz uchun imkoniyat desak boʻladi.