Jinoyat ishlar boʻyicha Chortoq tuman sudining 2023-yil apreldagi tegishli hukmiga koʻra, 1991-yilda tugʻilgan A.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 41-moddasi qoʻllanib, eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, aybdordan murojaatchi qizni qayta bezovta qilmaslik toʻgʻrisida tilxat olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari vakili (ombudsman) ishonch telefoniga Namangan viloyati Chortoq tumanida yashovchi talaba qiz nomaʼlum bir shaxs telefon orqali muttasil qoʻrqitib, bezovta qilayotgani boʻyicha murojaat qildi. Otasi ishlash uchun chet davlatga ketgan murojaatchining yozishicha, yigit uni va dugonalarini koʻp bezovta qilgan. Hatto, onasini oʻldirish bilan ham qoʻrqitgan.
Mazkur murojaat zudlik bilan Ombudsmanning Namangan viloyatidagi hududiy vakiliga yuborildi hamda Chortoq tumani ichki ishlar boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻrganib chiqildi.
Oʻrganishlar davomida murojaatchini qoʻrqitib kelgan shaxs — shu tumanda yashovchi 1991-yilda tugʻilgan A.O. ekani aniqlanib, unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi va ish sudga oshirildi.
Jinoyat ishlar boʻyicha Chortoq tuman sudining 2023-yil apreldagi tegishli hukmiga koʻra, 1991-yilda tugʻilgan A.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 41-moddasi qoʻllanib, eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, aybdordan murojaatchi qizni qayta bezovta qilmaslik toʻgʻrisida tilxat olindi, deyiladi Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)ning axborot xizmati xabarida.