Abdulla Qodiriy uy muzeyida “O'tkan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjima qilgan AQSHlik olim, “Do'stlik” ordeni sohibi Mark Riz bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbirda Abdulla Qodiriy nabirasi Xondamir Qodiriy, Yozuvchilar uyushmasi raisining o'rinbosari G'ayrat Majidov, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, yozuvchi, shoiralar va universitet talabalari ishtirok etdi.
Mark edvard Riz mehnat faoliyati, O'zbekistonda 1994-1996-yillar davomida ishlagani, bu davrda ko'p vaqtini Farg'onada o'tkazgani, mutaxassis sifatida maktabda ish olib borganini alohida hayajon bilan esga oldi.
Olim Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjima qilish ustida 15 yildan ortiq vaqt davomida ishlagan. Mark Riz mazkur asarning ingliz tilidagi talqini o'zbek o'quvchilarining ingliz tilini o'rganishida yordam berishiga umid bildirdi. Kelgusida Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon”, O'tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarini ingliz tiliga tarjima qilishni rejalashtirganligini aytib o'tdi.
Tarjimon “O'tkan kunlar” asari haqida gapirar ekan, o'zbek xalqiga xos bo'lgan mardlik, mehmondo'stlik va vafodorlik xislatlarini nafaqat AQSH, balki butun Evropada keng targ'ib qilishini ta'kidladi. O'zbekistonga kelgan har bir mehmon-turistga ushbu tarjima kitobni tutqazish va o'quvchi-talabalarga mazkur ijod mahsulini tarqatishda amaliy ko'mak berishini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Mark Riz universitet talabalarini qiziqtirgan savollarga javob berdi va navbatdagi O'zbekistonga tashrifida oliy o'quv yurti hayoti bilan yaqindan tanishish uchun Toshkent davlat pedagogika universitetiga borishini ta'kidladi.