Talabni o'rganib, importni tahlil qilish yangi loyihalarga yo'l ochadi

    24 ta tumanni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish taklifini qo'llab-quvvatlandi.

    Bugungi kunda energiya tejamkor qurilish materiallar ishlab chiqarish, investitsiya loyihalarni amalga oshirish va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda 13 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat ko'rsatayotgan bo'lsa, ular tomonidan tayyorlanayotgan materiallar soni 180 tadan oshdi.

    Valyuta bozorining liberallashgani, boshqa davlatlar bilan hamkorlik kengayib, mahalliy va xorijiy investorlarga keng yo'l ochilgani, bank sektori rivojlanib, imtiyozli kreditlar ko'payganligi sababli qurilish materiallari sohasida ham o'tgan besh yilda katta siljishlar ro'y berdi. Xususan, 2016-yildan 2021-yilgacha 7 ming 385 ta investitsiya loyihasi bo'yicha 5 milliard 386 million dollar o'zlashtirildi. Shuningdek, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlari ham 2016-yilga qaraganda 70 taga, korxonalar soni 12 yarim mingtaga ko'paydi.

    Ular tomonidan keramik plitka, gipsokarton, shifer, tsement, ohak, bazal`t armaturasi, temir-beton mahsulotlari, bezakli oyna, devorbop va noruda materiallar kabi asosiy turdagi qurilish materiallari bo'yicha ichki talabni to'liq qoplash va eksportga ushbu mahsulotlarni sotish imkoniga ega bo'lgan ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.

    E'tiborlisi, keyingi yillarda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish bo'yicha ko'plab ishlar amalga oshirildi. Tarmoqdagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, mahsulotlar sifatini oshirish, energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish hisobiga tannarxni pasaytirishga qaratilgan yo'nalishlar aniq belgilab olindi.

    Raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak, 2016-yilda respublikada qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 6 831,1 milliard so'mni tashkil etgan bo'lsa, 2020-yil oxiriga kelib, ushbu ko'rsatkich 22 trillion so'mga etdi. Ya'ni sohadagi o'sish sur'ati 2 yarim barobarga ortdi. Jumladan, 2020-yil mabaynida 12,5 million tonna tsement (o'sish 1,7 barobar), 56,5 million kvadrat metr qurilish oynasi (7 barobar), 18 million kvadrat metr keramik plitkalar (124 barobar), 650 ming dona santexnik buyumlari (5,2 barobar) ishlab chiqarildi.

    Korxonalarda “raqamli texnologiyalar”ni qo'llash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizatsiya darajasi oshirib borilayapti. Qurilish materiallari sohasida yangi yo'nalishlarni rivojlantirish, bunga xorijiy investorlarni keng jalb qilishga alohida e'tibor qaratildi. Buning ntijasida eksport hajmi 2016 yilda 55,3 million dollar bo'lgan bo'lsa, 2020 yilga kelib 200 million dollarni tashkil etdi.

    YUrtimizda ko'plab uy-joylar, zavod va korxonalar, ijtimoiy ob'ektlar bunyod etilayotgani qurilish materiallari, turdosh mahalliy sanoat mahsulotlariga talabni oshirmoqda.

    Shu bois Prezidentimiz raisligida joriy yilning 30-aprel kuni hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida bu boradagi ishlarni “ichki talabni o'rganish – importni tahlil qilish – resurs bazasini aniqlash – yangi loyihalar ishlab chiqish” zanjiri asosida tashkil etish zarurligi ta'kidlandi.

    Davlatimiz rahbari Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda 24 ta tumanni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish taklifini qo'llab-quvvatladi. Bu hududlardagi mavjud xomashyo va yirik zavodlar infratuzilmasidan foydalanib, ularga yaqin joyda yangi korxonalar tashkil etishga e'tibor qaratiladi. Infratuzilmani yaxshilash uchun byudjetdan qo'shimcha 400 milliard so'm, geologiya ishlarini amalga oshirishga 100 milliard so'm mablag' ajratiladi.

    Ayni paytda qurilish materiallari tarmog'ida umumiy qiymati 5 milliard dollarlik mingdan ziyod yangi loyihalar shakllantirilgan. Bu orqali 25 mingdan ortiq ish o'rni yaratish mumkin bo'ladi. Joriy yilda tasdiqlangan Investitsiya dasturiga asosan, sohada umumiy qiymati 3 milliard 829,1 million dollar bo'lgan 175 ta yirik istiqbolli loyiha o'zlashtirish belgilangan. Bundan tashqari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida ham investitsiya loyihalari amalga oshirish ko'zda tutilgan.

    “O'zsanoatqurilishbank” tomonidan ushbu sohadagi loyihalar uchun 300 million dollarlik kredit liniyasi ochish, bank filiallaridagi konsalting markazlari orqali tadbirkorlarga amaliy yordam berish taklifi bildirilgan edi. Prezidentimiz yig'ilishda bunga qo'shimcha, mazkur bank orqali davlat tomonidan 200 million dollar ajratish bo'yicha ko'rsatma berdi. Shu bilan birga, endilikda yangi turdagi qurilish va pardozlash mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalariga 15 milliard so'mgacha kafillik beriladigan bo'lindi. Bunday korxonalarga milliy valyutadagi kreditlar bo'yicha Markaziy bank stavkasidan 10 foizgacha ortiq qismi va xorijiy kreditlar bo'yicha foiz stavkasining 50 foizi qoplanishi tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi loyihalarga cho'chimasdan kirishish imkoniyatini yaratadi.

    Bundan tashqari, qishloq joylaridagi sanoat zonalari hamda konlar va kar`erlar uchun er solig'i 10 baravargacha kamaytiriladi. 500 ta noruda qazilmalar koni auksion orqali sotilib, ularning negizida sanoat korxonalari tashkil etiladi.

    Demak, zimmamizdagi mas'uliyatli vazifalar ayon. Imkoniyatlardan foydalanib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi loyihalar evaziga mahsulot turlarini ko'paytirib, import o'rnini to'ldirishimiz zarur. Bu borada eng samarali yo'l – tuman yo shaharga kirib kelayotgan import tarkibini tahlil qilib, shu mahsulotlarni hududning o'zida ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish hisoblanadi. Chunki, so'nggi ikki yilda 6 mingga yaqin ko'p qavatli uylar qurilgan bo'lsa, ularga ishlatilgan materiallar 30 foizgacha chetdan keltirilgan. Ana shu materiallarni bosqichma bosqich ishlab chiqarishning o'zi salohiyatimizni kamida uchdan bir barobarga oshiradi.

    O'z navbatida, hozirgi kunda keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, gulqog'oz, quruq qurilish aralashmalari, pishgan g'isht, tabiiy toshdan yasalgan pardozbop plitalar, ohak, polipropilen quvurlar, deraza oynasi, fiting kabi mahsulotlar eksport qilinmoqda. Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriq va ko'rsatmalarni o'z vaqtida bajarish bunday raqobatbardosh mahsulotlar turini bir necha barobar oshirish imkonini ham beradi.

    Baxtiyor BOBOQULOV,

    “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi o'rinbosari