U paytlar boshqacha edi. Bizning avlod moddiy farovonlikdan koʻra bilimni, oliy maʼlumot olishni muhimroq hisoblardi. Oʻylab qarasam, bugun viloyatimizdagi koʻplab rahbarlar–bizning avlod vakillari. Turli sohalarni boshqarish va rivojlantirishda ularning oʻrni sezilardi darajada. Albatta, bu hol kishini xursand qiladi. Axir XX asr 60-80 yillari Namanganda taʼlim gullab-yashnagani rostda. Shahrimizdagi 7-, 31-maktablarning dovrugʻi butun respublikaga yoyilgandi.
Afsuski, soʻngi yillarda mana shu yorqin anʼana ancha-muncha soʻnib qolgandek. Shahar maktablari bitiruvchilari orzu-maqsadlarini oʻrgansangiz, hozirgi holatda ularning aksariyati savdo sohasini, hunar yoʻlini tanlashmoqda. Inkor etmayman, savdo sohasi va hunar – bugun tirikchilik yaxshi oʻtishi va farovon yashash asosi. Farzandlarimiz hunar oʻrganishlari – ayni muddao. Lekin masalani boshqa jihati bor: aynan savdo sohasi va hunar yoʻlini tanlayotgan oʻquvchilar maktabda oʻqishni tashlab qoʻyishmoqda. Ularda savdo-sotiq va hunar oʻrganish uchun fanlarni chuqur oʻzlashtirish shart emas, degan notoʻgʻri qarash shakllangan. Hatto ota-onalarda ham “Oʻqib olim boʻlarmiding, buning oʻrniga bozorga chiq, hunar oʻrgan, besh tanga pul top!” - degan zamon talablari koʻtarmaydigan aqidalar mavjud. Holbuki, dunyo juda tez oʻzgarmoqda va yangilanmoqda. Endi zamon shiddatiga mos boʻlish, hatto, undan oʻzish uchun har qaysi oʻquvchi tanlagan kasb-kori, hunaridan qatʼi nazar maktabda yaxshi oʻqishi shart. Qoʻli gul zargar yoki hunarmand ingliz tilini bilmasa, dunyo kezolmaydi va oʻzi tayyorlagan noyob mahsulotni dunyo bozorida sotolmaydi. Davlatimiz rahbari tomonidan ayni mana shu muammoga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Ayonki, taʼlim oʻz-oʻzidan rivojlanib qolmaydi, oʻquvchi-yoshlar dabdurustdan fan sirlarini oʻzlashtirishga qiziqishmaydi. Demoqchimanki, taʼlimni rivojlantirish va oʻquvchi-yoshlarni bilimga qiziqtirish – har birimizning vatanparvarlik burchimizdir. Shu maʼnoda “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyat Kengashi taʼlim-targʻiboti masalasida koʻplab ishlarni amalga oshirmoqda. Bu oʻrinda amalga oshirilgan ishlar hisobotini berish shart emas. Biz uchun muhimi – turli vositalar orqali maktab hayotiga kirib borish va taʼlim-tarbiya jarayonini yangilashga munosib hissa qoʻshish!
Sohamizning asosiy maqsadi – yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat. Quvonchli jihati shundaki, vatanparvarlik tuygʻusini shakllantiruvchi toʻgaraklarimiz va oʻtkazadigan tadbirlarimizda, asosan, maktab oʻquvchilari ishtirok etishmoqda. Hech bir mubolagʻasiz aytaman: bu oʻquvchilar orasida isteʼdodlar juda koʻp. Ular mamlakatimiz miqyosida oʻtkazilgan turli musobaqalarda isteʼdodlarini namoyish etib ishonchimizni oqlashmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashining “Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2020-yilgi kalendar rejasi”ga asosan, 23-25-oktyabr kunlari Buxoro shahrida oʻtkazilgan sportning texnik va amaliy turlari tarkibiga kiruvchi «Raketamodel» sport turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati va kubogi musobaqasida Namangan viloyati terma jamoasi faxrli 2-oʻrinni egalladi. Yosh vatanparvar sportchilarimizning Qozogʻistonning Boyqoʻngʻir kosmodromida oʻtkazilgan xalqaro musobaqadagi yutuqlari hamon koʻpchilikning ogʻzida. Shu kunlarda Uchqoʻrgʻon tumanida xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga moʻljallangan zamonaviy kartodromning ishga tushirilishi yosh vatanparvarlarning quvonchiga-quvonch qoʻshmoqda.
Demak, biz tanlagan yoʻl taʼlim ravnaqiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz. Zero, taʼlim-tarbiya jarayonini sport sogʻlomlashtirish ishlarisiz, eng asosiysi, vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirmay turib rivojlantirish – mushkul vazifa. Kun keladi va bugungi saʼy-harakatlarmiz oʻzining samarasini beradi, dunyo yangi Oʻzbekistonni Uchinchi Ryenessans davrida koʻradi. Vatanimizning yangi Ulugʻbeklari, Navoiylari, Avloniy va Behbudiylarining bilimi dunyoga doston boʻladi!
Ahmadjon AʼLOXODJAYEV,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati,
Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti
Namangan viloyati kengashi raisi.