Farmon muqaddimasida: “yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish talab etilmoqda”, deb alohida ta’kidlangani bejiz emas.Shu asosda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi tasdiqlandi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydi. Mazkur Strategiyani amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlarning eng ustuvor vazifasidir.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida jami 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu dasturilamal hujjatning ijrosidan yurtimizdagi har bir insonga – qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetib, har qaysi oila va xonadon obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka topadi.

Strategiyadagi jami 100 ta maqsad quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan.

Birinchi ustuvor yo‘nalish: Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan 44 ta maqsad, ya’ni 1-maqsaddan – 44-maqsadgacha ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma’naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 130 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, 38 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash va qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish: Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash bilan bog‘liq 17 ta maqsad (45-61-maqsadlar) doirasidagi 68 ta amaliy chora-tadbir va 55 ta vazifani qamrab olgan. Mazkur ustuvor yo‘nalishda YaIM, byudjet, sanoat, investitsiya, bank, “yashil iqtisodiyot”, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, eksport, monopoliyalar, IT, turizm, xizmatlar, infratuzilma, uy-joy masalalariga oid 75 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 29 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash belgilangan.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish: Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan 12 ta maqsad (62-73-maqsadlar) ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda 31 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 39 ta maqsadli ko‘rsatkich ishlab chiqiladi hamda 15 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari tayyorlanadi.

To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish: 16 ta maqsad (74-89-maqsadlar) doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish borasida belgilab berilgan 51 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifani o‘zida qamraydi. Bunda mahalla, mahalliy davlat organlari, vakillik organlari, davlat xizmati, fuqarolik jamiyati institutlari, sud-huquq, inson huquqlari, advokatura, korrupsiya masalalariga oid 41 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 25 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan.

Beshinchi ustuvor yo‘nalish: “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirishga qaratilgan 11 ta maqsad (90-100-maqsadlar) doirasida 63 ta chora-tadbir va 23 ta vazifa bajariladi. Xususan, tashqi siyosat, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik, xorijdagi vatandoshlar, mehnat migratsiyasi, Qurolli kuchlar, favqulodda vaziyatlar, millatlararo totuvlik masalalariga aloqador 21 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 11 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash talab etiladi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida, xususan, keyingi yetti yilda aholining o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish belgilangan. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, insonning yashash va sog‘lig‘ini saqlashiga oid konstitutsiyaviy huquqlari yanada to‘liq ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi. Tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish ko‘zda tutilmoqda. Bu ezgu maqsad – insonning sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga taalluqli konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish rejalashtirilmoqda. Strategiyada insonning ta’lim olishga doir konstitutsiyaviy huquqini yanada ta’minlashga xizmat qiladigan bunday aniq maqsad-vazifalar anchagina.

Yana bir misol: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida 2026-yilga qadar kamabag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobarga, 2030-yilga qadar esa keskin kamaytirish vazifasi kun tartibiga qo‘yildi. Shuningdek, kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 million aholining daromadlarini oshirish choralari ko‘riladi.

Bunday insonparvar yondashuv yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 42-moddasidagi: “Har  kim  munosib  mehnat  qilish,  kasb  va  faoliyat  turini  erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida  ishlash,  mehnati  uchun  hech  qanday  kamsitishlarsiz  hamda mehnatga  haq  to‘lashning  belgilangan  eng  kam  miqdoridan  kam  bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”, degan normasiga to‘la mos keladi. Avvalgi Konstitutsiya matnida mazkur norma mavjud emasdi. Bundan tashqari, Strategiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, yoshlarga oid davlat siyosati va sportni ommalashtirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha islohotlarda inson, insonning qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, ushbu dasturiy hujjatning nafaqat 5 ta ustuvor yo‘nalishi va 100 ta asosiy maqsadi bilan qamrab olingan barcha muhim vazifa hamda amliy chora-tadbirlar, ayni chog‘da hujjat matnidagi har bir jumlaning tub mohiyatiga inson qadri, inson huquqlari, inson manfaati tushunchalari teran singdirilgan. Strategiyada 2030 yilgacha yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga etkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qaroriga asosan Guliston davlat pedagogika institutiga bir qator ustuvor vazifalar yuklatilgan. Guliston davlat institutida ham hozirgi kunda 3 ming 900 nafar talaba bakalavr, magistratura yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashda institut moddiy-texnik bazasi, o‘quv-laboratoriya xonalari va professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ilmiy salohiyatli professor-o‘qituvchilar ulushi 38 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni 2030 yilda oliy 70 foizga etkazish maqsad qilingan. 2023 yilda institutimizning 4 nafar professor-o‘qituvchilari dunyoning etakchi universitetlari hamda ilmiy markazlarida o‘z malakalarini oshirib qaytdi. Jumladan, 2023 yil sentyabrda 2 nafar professor-o‘qituvchimiz Turkiyaning Balikesir universitetiga ilmiy stajirovka o‘tash uchun jo‘nab ketishdi. Ularning tashrifi Turkiya ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishishga qaratilgan bo‘lib, o‘quv dasturi doirasida o‘tkazildi. Natijada institutlarimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.

2023 yil 23 oktyabridan 1-noyabrga qadar institut professor-o‘qituvchilar Xitoy Xalq Respublikasi malaka oshirishga yuborildi. Xitoyning ta’lim tizimi, milliy sharoitlari va madaniyati haqidagi tushunchalarni kengaytirishga qaratilgan “Chinese Bridge (Xitoy birdamligi)” dasturi doirasida tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi. Ushbu tashrif davomida institutimiz va Xitoyning Pekin shahridagi bir qancha ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik to‘g’risida 5 ta xorijiy OTM bilan memorandum imzolandi. 

Jamiyatimizda, universitetlarning ta’lim berish faoliyati yanada takomillashtirilib, xalqimizning asrlar davomida shakllangan ilm sari intilish fazilati yana bir bor namoyon bo‘lmoqda. Jamiyatni yangi davr imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda taraqqiyotni kafolatlaydigan kadrlar tayyorlash masalasiga daxldorlik ruhida yondashilsa, shubhasiz “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar o‘z mevasini berishi muqarrar. “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish vazifasi ham strategiyadagi asosiy vazifa sifatida qo‘yilgan.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida e’tirof etganidek, “Barchamizning fidokorona mehnatimiz, g‘ayratu shijoatimiz bilan Yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda Vatanimizga nisbatan hurmat va e’tibor tobora ortib bormoqda”. Binobarin, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi jamiyatimiz va davlatimizning ana shu yutuqlarini yanada ulug‘vor natijalar bilan mustahkamlashi hamda boyitishi muqarrar.

Ulug‘bek Mirzaliyev,

Guliston davlat pedagogika instituti dotsenti