Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi, deyilishi bejiz emas. Chunki inson butun umri davomida oladigan bilim, ko‘nikma, malakaning asosiy qismini maktab partasida egallaydi. Umumiy o‘rta ta’lim esa boshlang‘ich, tayanch o‘rta va o‘rta ta’limdan iborat.
O‘quv rejasi nima?
O‘quvchi va o‘qituvchining o‘qish hamda ish yuklamasi umumiy o‘rta ta’limning o‘quv rejasiga bog‘liq. Umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi maktablarda o‘qitiladigan o‘quv fanlari nomi, o‘quv yuklamasining minimal hajmi hamda ularning sinflar bo‘yicha taqsimoti belgilangan hujjatdir.
O‘quv rejasi xorijiy tajribani o‘rgangan holda har yili takomillashtirilmoqda. Bugun 102 turdagi o‘quv rejasi mavjud. Shundan 3 turdagi tayanch, 45 turdagi variativ, 54 turdagi ixtisoslashtirilgan va 4 yo‘nalishdagi tanlov fanlar o‘quv rejasi yangi o‘quv yili oldidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlanib, ta’lim muassasalariga etkazilmoqda. O‘quv rejalaridagi bunday xilma-xillikning o‘zi ta’lim oluvchilar va ota-onalarga muayyan qulayliklar yaratadi. Birgina shu o‘quv yili oldidan joriy etilayotgan tanlov fanlarga asoslangan o‘quv rejasi bolalarning qobiliyati va tanlovi asosida ta’lim jarayonini tashkil etish, yuqori sinf o‘quvchilarining fanlarga ixtisoslashuvini kuchaytirish hamda ularni oliy o‘quv yurtlariga yo‘naltirish uchun keng imkoniyat yaratishga mo‘ljallangan.
Mazkur o‘quv rejasi yangi o‘quv yilida 124 maktabda tajriba-sinovdan o‘tkaziladi. Bu maktablarda ijod va ixtisoslashtirilgan muassasalarda joriy etilgan yangi baholash tartibi (summativ va formativ) joriy etiladi. 10-sinf o‘quvchilari o‘zi tanlagan 2 ta fanning tayanch o‘quv rejasidan farqli ravishda chuqurlashtirilib, 2–3 barobar qo‘p hajmda o‘qitilishi bitiruvchi sinf o‘quvchilarining qo‘shimcha pul to‘lab, repetitorga qatnashiga ehtiyoj qoldirmaydi.
Qolaversa, variativ o‘quv rejalari o‘quvchilar va maktab ma’muriyati uchun fanlarni tanlash imkoniyatini kengaytiradi. 11 yil uchun o‘quv yuklamasi 11 ming 504 soatdan 10 ming 655 soatga tushirilgan. Oldingi yillardan farqli ravishda ta’lim o‘zbek tilida yuritiladigan maktablar uchun alohida, rus va qardosh tillardagi maktablar uchun alohida o‘quv rejasi tasdiqlangan.
Yangi o‘quv dasturlarida nimalar aks etyapti?
O‘quv dasturlarida ham o‘zgarishlar talaygina. Umumta’lim fanlarining o‘quv dasturlari shaxsni har tomonlama kamol toptirish, ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma va malakasi hamda saviyasini shakllantirish, qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. Qolaversa, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e'tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini amaliyotga kiritish belgilangan.
1–4-sinflarda o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish, 5–9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish va 10–11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyotini joriy qilish vazifalari qo‘yilgan. Ayni paytda ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
O‘quv dasturlari har doim takomillashib kelgan. Nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa xorijiy davlatlarda ham shunday holat kuzatiladi. Bizda o‘quv dasturlari 2013-yilda birinchi qadamda chet tillar bo‘yicha, keyin barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha kompetentsiyaviy yondashuv asosida yangilandi. 2017-yilga kelib 9 yillik ta’limdan 11 yillik ta’limga o‘tilishi hisobiga yana o‘zgarishlar kuzatildi. 2020-yildan boshlab umumiy o‘rta ta’limning xalq ta’limi tizimida Milliy o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. 2021–2022-yillarda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi barcha ta’lim vazirliklari bilan birga 21 fandan uzluksiz ta’lim tizimi uchun fanlar bo‘yicha kontseptsiyalarni ishlab chiqdi.
Barcha ta’lim turlari bo‘yicha o‘tiladigan mavzulardagi takrorlanish bartaraf etilib, 21 fandan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari uchun uzviyligi ta’minlangan O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim milliy o‘quv dasturlari tayyorlandi. Bunda boshlang‘ich ta’limni maktabgacha ta’lim tizimi bilan bog‘lash, o‘quvchilarda umumiy o‘rta ta’limni davom ettirish uchun zarur savodxonlik, bilim, ko‘nikma va malaka asoslarini shakllantirish, tayanch o‘rta ta’lim uchun o‘quvchilarga zarur hajmdagi bilim, ko‘nikma va malaka berish, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Milliy o‘quv dasturining maqsadi o‘quvchilarni hayotga tayyorlash, ta’lim kontentida amaliy ko‘nikmalarni, kompetentsiyalarni rivojlantirish, nazariy bilimlarni 90 foizdan 50 foizga kamaytirishdan iborat bo‘ldi. Dasturda maktab bitiruvchisiga kreativ fikrlash, keng dunyoqarash, mustaqil qaror qabul qilish, zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lish, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirish kabi talablar belgilandi.
Uzluksiz, jumladan, umumiy o‘rta ta’lim o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha 21ta fan bo‘yicha ishchi guruhlar ishlagan. Respublika ta’lim markazi UNICEF tashkiloti bilan hamkorlikda Singapur, AQSh, Angliya (Kembrij), Finlyandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Gongkongda foydalanilgan o‘quv dasturlari, Prezident maktablari bilan Kembrij tajribasi, o‘quv dasturlari va darsliklarini o‘rgangan. Shunga qaramay, amaldagi uzviyligi ta’minlangan o‘quv dasturlari bugungi katta islohotlar ta’sirida yana yangilanishga ehtiyoj sezmoqda.
Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati va ta’lim islohotlari natijasida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan Prezident ta’lim muassasalari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy etilgan Kembrij o‘quv dasturlari va darslik majmualari, o‘qitish metodikalari samara bera boshladi. Ma’muriy islohotlar natijasida yangi tashkil etilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi oldiga qo‘yilgan vazifalar orasida aynan ushbu maktablardagi yangi tajribalar, o‘qitish metodikalari, o‘quv dasturlari va darslik majmualarini umumiy o‘rta ta’lim maktablariga bosqichma-bosqich joriy etish ham turibdi. Bugun umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi fanlar xususiyatlaridan kelib chiqqan holda sinflar bo‘yicha har bir fandan turli o‘quv dasturlarini amaliyotga joriy etish ustida ishlanmoqda. Xususan, 1–4 sinflarda yangi darsliklar bo‘yicha o‘qitishda 4K modeli joriy qilinadi: kommunikatsiya, kollabaratsiya, kreativlik, kritik fikrlash. 7-sinfdan ikkinchi xorijiy til (frantsuz, nemis, koreys, xitoy, ingliz)ni o‘qitish, 10–11-sinfdan 3 yo‘nalishda kasb, ishchi kasblarni o‘rgatish, 10–11-sinflarda 4 yo‘nalishdagi tanlov fanlarini joriy etish: kimyo-biologiya, matematika-fizika, matematika-chet tili, ona tili va adabiyot-chet tili. Bunda 2 ta tanlov fan chuqurlashtirib o‘qitiladi. Umumiy fanlar soni 18 tadan 11 ta majburiy fanga tushiriladi.
O‘qitish va o‘rganish resurslari
Darslik — davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigienik talablarga javob beradigan holda yaratiladi, chop etiladi va maktablarga etkaziladi. 2022 yilda maktablarda ingliz, nemis, rus tili fanidan xalqaro darajadagi darsliklar joriy etilgan bo‘lsa, 2023 yilda 1–4-sinflar uchun xalqaro talablardagi darsliklar joriy qilinadi. Frantsuz tilidan Didier nashriyotining frantsuz tili fani darsliklari joriy etiladi. Kembrij nashriyotining informatika darsligi joriy qilinadi. Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xalqaro nashriyotlar darsliklarini mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.
Yangi va qayta chop etiladigan darsliklarda o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan va asoslari mukammal o‘zlashtirilishiga qaratilgan. O‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy tajriba-sinov mashqlarini ham qamrab oladi. Aksariyat fanlardan darsliklar o‘quv-metodik majmua ko‘rinishida, ya’ni asosiy o‘quv darsligi, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma va raqamli resurslar, mul`timediali ilovalar, audio, videoresurslardan iborat.
Yangi tashkil etilgan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi oldida ham Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birga ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, zamonaviy talablar va jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan yangi o‘quv rejalari, dasturlari va o‘quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish va amaliyotga kiritish me'yorlarini belgilash kabi qator vazifalar o‘rin olgan.
2023/2024 o‘quv yili oldidan o‘qituvchilar uchun yangiliklar ko‘p. Bugun vazirlikda mazkur yangiliklarni tizimli ravishda Avgust kengashlari, o‘qituvchilar forumi orqali ko‘p ming sonli o‘qituvchilar auditoriyasiga etkazish ustida ishlanmoqda.
Qanday o‘qitish kerak?
O‘qituvchi o‘z fanidan kuchli bo‘lsa, o‘quvchilarining ham o‘zlashtirish darajasi shunga mos bo‘lishi kerak. Ammo umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘tkaziladigan ichki, tashqi yoki xalqaro monitoring natijalari ushbu aksiomani inkor etib kelmoqda. Masala nimada? Yoki o‘qitish metodikalarimiz oqsamoqda yoki fan o‘qituvchilari toifasini oshirish uchun faqat o‘z bilimini oshirish ortidan quvmoqda. Yoxud ularga berilishi kerak bo‘lgan uzluksiz metodik xizmat izdan chiqqan.
Milliy o‘quv dasturlarida o‘qitish metodikasi chiziqli o‘qitish — yodlatishdan spiralsimon, XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. Didaktik ta’minot ilgari faqat chet tillardan majmua shaklida bo‘lgan bo‘lsa, endi barcha fanlardan darslik, ish daftari, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma va mul`timediali ilovalardan iborat tarzda yaratilmoqda. Ammo natija ijobiy tomon siljidi, deya olmaymiz.
Har bir fandan darslik bilan birga o‘qituvchi uchun ishlab chiqilayotgan metodik qo‘llanmalardan barcha pedagoglar ham birdek samarali foydalanmayapti. Ayrim hollarda yangi metodikalar bilan ishlashga o‘rgatadigan o‘quv-seminarlar etarlicha tashkil etilmadi. O‘qituvchilar malakasini oshirishdagi o‘zgarishlar ham yordam berish o‘rniga muallimlarni dangasa qilib qo‘ya boshladi. Metodistlar fanlar kesimida o‘quvchilar o‘zlashtirishidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan metodik tavsiyalarni etarli darajada bermayapti. Ilgari har bir tuman(shahar)da, viloyat xalq ta’limi boshqarmalarida fan metodistlari faoliyat olib borgan bo‘lsa, bugun ular soni ancha kamaygan. Faqat viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlari tuzilmasidagi metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limlarida bittadan fan metodisti shtati mavjud, xolos. Bugun vazirlik ushbu lavozimlar uchun e'lonlar bergan va eng tajribali mutaxassislar fan metodistligiga saralab olinmoqda. Natijada yangi o‘quv yili oldidan o‘qituvchilar forumini mazkur saralab olinadigan fan metodistlari yordamida amalga oshirish rejalashtirilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar boshqarmasi mazkur vazifalarni amalga oshirishda mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan yaqindan ishlamoqda.
Kim o‘qitadi?
Kim o‘qitadi, degan savol o‘qituvchilar va ularning salohiyati bilan bog‘liq. Tugallangan o‘quv yilida hukumatga qarashli 10 ming 104 maktabda 6,3 million nafar o‘quvchiga 509 ming 443 o‘qituvchi dars berdi. Shundan 224 ming 384 nafari toifaga ega emas; 41 ming 814 nafari oliy toifali, 96 ming 245 nafar birinchi toifali va 147 mingi ikkinchi toifali o‘qituvchilardir. Tahlillarga ko‘ra, ularning 46 foizi dars jarayonida zamonaviy metodikalarni qo‘llamaydi; 38 foiz pedagog tajribasiz, 52 foizi an'anaviy usulda dars o‘tadi. Qolaversa, har yili mamlakatimiz bo‘ylab 16 ta pedagogik yo‘nalishdagi pedagogik oliy ta’lim muasssalaridan yosh bitiruvchi maktablarga kirib keladi.
Ushbu raqamlar o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish borasida talaygina vazifalar turganini ko‘rsatadi. Shu bois, yangi o‘quv yilidan boshlab birinchi marta ishga qabul qilingan muallimlar bir yil muddat stajyor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritishi, pedagoglarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etilishi belgilandi. Pedagog kadrlarning malaka talablari xalqaro tajribalar asosida takomillashtiriladi.
Yangi o‘quv yili oldidan maktablar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ota-onalar uchun ham ta’lim mazmuniga qaratilgan yangiliklar bisyor. Ularni sifatli tashkil etish ustida vazirlik tomonidan rejali ishlar olib borilmoqda. Bu ulkan vazifalarni tizimli amalga oshirish va samaradorligiga erishish mutasaddilarning hamda ta’lim jarayoni ishtirokchilariga bog‘liq. Asosiysi, mazmunga bog‘liq yangiliklar ta’lim tizimining rivojiga, o‘qitish va o‘rganish jarayonining sifatiga ijobiy ta’sir etadi, degan umiddamiz.
Abdurahim NOSIROV,
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi
boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari,
filologiya fanlari doktori, professor