“Ta’lim sifatini oshirish-yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”!

    Fikr 21 Aprel 2024 194

    Bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Aslida ham, shunaqa: bugungi O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Biroz oldingi o‘tmishga nigohimizni qarataylik. XIX asrning ikkinshi yarmida milliy ozodligimizdan ayrildik.

    Jadidlar qatag‘on etilganidan keyin ilm-fan sohasida ham turg‘unlik yillari boshlandi. Shunki diniy, ijtimoiy-iqtisodiy, mafkuraviy, siyosiy qarshiliklar shunga undar edi. Hech kim o‘z fikrini oshkora bildira olmas, bildirganlarning, esa, boshiga balolar yog‘ilar edi. Bu siyosat tufayli qanchadan qancha olimlar, shoiru yozuvchilarimiz “tug‘ildiyu, bo‘g‘ildi”.

    Shukrlar bo‘lsinki, istiqlolga yetishganimizdan so‘ng bunaqa dilni hira qilguvchi holatlarga nuqta qo‘yildi. Ota-bobolarimiz merosi qayta o‘rganila boshlandi. Barcha sohalarda xalqchil islohotlar yo‘lga qo‘yildi. Aholida ruhiy ishonch, istiqbolga umid uyg‘ona boshladi. Ushbu holat “milliy tiklanish”, deb ataldi. Hozirgi vaqtda esa, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish bosqichiga keldik. Bundan keyin, albatta, qandaydir yangilanish bo‘lishi darkor. Chunki biz ikkita Renessansni bunyod etgan zabardast ajdodlarning avlodlarimiz.

    Ushbu jarayonni rahbarimiz Shavkat Mirziyoyev Uchinchi Renessansga o‘tish bosqichi, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish bosqichi, deb nomlab, quyidagicha ta’kidladilar: “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan bugungi kunda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga zamin yaratilmoqda, desak, ayni muddao bo‘ladi. Negaki, bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”.

    Bilamizki, har qanaqa fikr ham g‘oya sifatida shakllana olmaydi. Uning g‘oya bo‘lishi uchun insonlarni yakdil qila oladigan, o‘zining orqasidan yetaklay oladigan jihat bo‘lishi kerak. Shu boisdan, rahbarimizning “Uchinchi Renessans poydevorini yaratamiz”, degan so‘zlari g‘oyaga aylanishi, amalga oshishi ushun, avvalo, barchamiz birdek ishonishimiz, targ‘ibot-tashviqot harakatlarini amalga oshirish, insonlarning tafakkurida mana shu g‘oyaga ishonchni, ma’naviy-ruhiy jarayonni yaratishimiz kerak. Chunki ma’lum dunyoqarash zamiridagi fikrlar, g‘oyalarni erkin yoki an’ana sababli haqiqat tarzida tushungan hamda ma’lum jamoa qarshisida ushbu ishonchiga sadoqatli qolishga ichki hissiyotlari bilan e’tirof etgan inson ushbu g‘oyalarda ko‘zda tutilgan aloqalarning tashuvchisi, qadrlovchisiga aylanib, o‘zgalarni ham bunga chorlaydi.

    Mamlakatimizda XXI asrda Uchinchi Renessans davri yaratilishiga ishongan inson qalban O‘zbekistonni oldingi Renessanslar davrida bo‘lgani singari, eng rivojlangan davlatlar sirasida ko‘radi. O‘zbekistonning istiqboli ne boisdan qudratli bo‘lishi, nimaga bunchalik ishonch bilan gapirilayotgani borasida tushunshasi bor, shu sababdan ham u xulosa chiqara oladi.

    Hozirgi yangi O‘zbekistonda ham mana shunday sharoit yaratilayotir. Yosh avlod ijodda, ilmda, tarbiyada sobitqadamlik bilan tarbiyalanmoqda. Bularning tarbiyasida muhim o‘ringa ega bo‘lgan bog‘chalar va maktablar tizimida katta yangilanishlarga duch kelmoqdamiz. Davlat rahbari boshchiligida “farzand dunyoga kelganidan boshlab, 30 yoshgacha bo‘lgan oraliqda uni har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun yordam beradigan butun va uzluksiz tizim joriy qilish, yurtimizda Uchinchi Renessans zaminini yaratishdek buyuk maqsadga yetishish yo‘lida bo‘lajak Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni yetishtirib beradigan muhit va sharoitlarni barpo etish muhim”ligiga e’tibor berilmoqda.

    Xulosa shuki, Renessansning tayanch arkonlari bo‘lmish biz – pedagoglar, tarbiyachilar, o‘qituvchi, ziyolilar hamda ota-onalar shunday qulayliklar va imkoniyatlardan foydalanib, ma’naviyati yetuk avlodni voyaga yetkazishimiz va iymonni tarbiyalash choralarini belgilab olishimiz lozim. Dastlab, har bir inson, asosan, yosh avlodni Uchinchi Renessans yaratilishiga ishontirishimiz lozim.

    Hozirda Yangi O‘zbekistonda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” asosiy g‘oyasiga suyanib, Uchinchi Renessans zaminini barpo etish vazifasi yuklatilgan ekan, buni amalga oshirish uchun faqat rahbar, pedagog yoki tarbiyachi emas, aksincha bu Vatan barchamizniki, deya qalbida vatanga muhabbat, xalqni sevish, insonparvarlik fazilatlari jamlangan, iymon-e’tiqodi sobit bo‘lgan har bir inson targ‘ibotchi bo‘lishi kerak.

    Aslida, biz Uchinchi Renessansni bir yilda, besh yilda, o‘n yilda yaratamiz, deb jar solmaymiz, ammo ana shu Renessansni barpo etadigan avlodni tarbiyalashga kuchimiz ham, salohiyatimiz ham, shart-sharoitimiz ham yetarli. Shu bois, bizdan faqatgina mehnat va ta’lim-tarbiya samaradorligini yuksaltirish talab etiladi.

    Yurtboshimiz tomonidan 2023-yil 11-sentabr kuni xalq strategiyasi deb nom olgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida “gi 158-son farmonlari qabul qilindi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizni 2030 yilgacha har bir sohasida samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirish belgilab olingan. Ushbu strategiyamiz besh tamoyil asosida 100 maqsadni o‘z oldiga belgilab olgandir. O‘z navbatida ushbu farmon ijrosi o‘laroq birinchi tamoyil “Har bir inson o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlanib, bunda albatta ta’lim tizimi, ta’lim sohasi asosiy o‘rinni egallagan. Dastlabki 10 ta maqsad “Ta’lim tizimi islohotlari”ga bag‘ishlangan bo‘lib, bunda maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktabi, professional ta’lim tizimi, oliy ta’lim va fundamental tadqiqotlar tizimini o‘z ichiga olgan. Shu o‘rinda 7 va 8-maqsadlarga, ya’ni Oliy ta’limga aloqador bo‘lgan bandlarga to‘xtalib o‘tsak.

    Bular quyidagilardir: 7-maqsadda Oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish belgilab olinib, bunda

    • Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish;
    • Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash;
    • 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish;
    • “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish;
    • Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish.

    8-maqsadda esa,

    • Qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish;
    • Kutubxonalarni kamida 1 million ta zamonaviy adabiyotlar bilan to‘ldirish va kutubxona fondini to‘liq raqamlashtirish kabi maqsad-muddaolar belgilab olingandir.

    Shu boisdan Guliston davlat pedagogika institutida hozirgi vaqtda abiturientlar uchun kvotalar soni oshirilmoqda. Maqsad bo‘lajak pedagoglar sonini oshirish.

    Shuningdek yangi o‘quv yilida ba’zi yo‘nalishlarimizni tegishli vakolatli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik asosida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilab olingan. Yurtimizga yaqin davlatlardagi “Top 500” ga kiradigan OTM bilan qo‘shma hamkorlik masalalari olib borilmoqda.

    Qolaversa, Institutda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarning ilmiy – tadqiqot ishlari olib borishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib ilmiy salohiyatni 70% ga oshirish maqsad qilib belgilab olingan.

    Institutimiz yangi tashkil etilganligi bois talabalar sig‘imi yil sayin oshib borishi hisobga olinib, 1000 o‘rinli zamonaviy shart-sharoitlarni o‘z ichiga olgan o‘quv binosi qurilishi boshlab yuborilgan.

    Bundan tashqari 400 o‘ringa mo‘ljallangan foydalanilmay turgan o‘quv binosi to‘liq ta’mirlash jarayoniga olingan. Talabalar turar joyi ham zamonaviy shart0sharoitlarga ega bo‘lgan holda oldingi 200 o‘rinli holatidan hozirda 400 o‘ringa mo‘ljallangan holda o‘z faoliyatini olib bormoqda.

    ARM fondi hozirgi kunda 1225 nomda, 4406 nusxadagi adabiyotlardan tashkil topgan. Bundan tashqari Dissertatsiyalar - 15 ta, Avtoreferatlar - 27 ta, Monografiyalar - 24 ta, Audio adabiyotlar - 123 ta, Brayl yozuvidagi adabiyotlar – 15 ta, Elektron adabiyotlar – 1233 tani tashkil etadi.

    Bunday sa’y-harakatlarning zamirida faqat bir g‘oya mujassamdir, ya’ni yoshlarga, kelajak bunyodkorlariga sifatli ta’lim tizimini yaratishdir.

    A.Asatulloyev,

    Guliston davlat pedagogika instituti

    Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi

    boshlig‘i, f.f.d. (PhD)