Taʼlim tizimi taraqqiyoti jamiyatning barcha sohasidagi muvaffaqiyatni taʼminlaydi

    Jahonning yetakchi davlatlarida taʼlimni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilangani bejiz emas. Chunki mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan chambarchas bogʻliq. Zero, taʼlim tizimining taraqqiyoti jamiyatdagi barcha soha muvaffaqiyatini taʼminlaydi.

    Bugun yurtimizda taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, ertamiz vorislari boʻlgan yoshlarga sifatli bilim berish, ularni har tomonlama yetuk inson etib voyaga yetkazish yoʻlida ulkan ishlar bajarilmoqda. Tizimning har bir boʻgʻini islohotlar davrini boshdan kechiryapti.

    Oʻzbekiston muhim demografik chegarada turibdi. 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar aholining 60 foizini tashkil qiladi. Kelgusi yigirma yilda bugungi bolalar va yoshlar mamlakatimiz tarixidagi eng yirik asosiy kuchga aylanadi.

    Prezidentimizning 2020-yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori yoshlarni islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanga ragʻbatini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrugʻini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash maqsadlariga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.

    — Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyi oʻquvchilari ham oʻtgan vaqt davomida erishgan yutuq va muvaffaqiyati bilan bildirilgan ishonchni oqlab kelmoqda, — deydi Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti prorektori Farhod Karimov. — Litsey aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan boʻlib, oʻquvchilarga matematik tahlil, geometriya, algebra, fizika, axborot texnologiyalari boʻyicha chuqur bilim beriladi. Mashgʻulotlar oʻzbek va rus tillarida olib boriladi. Oʻquvchilar ehtiyoji va qiziqishidan kelib chiqib, ikkinchi xorijiy til sifatida fransuz yoki nemis tilini tanlash imkoniyatiga ega.

    Prezidentimizning “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga binoan taʼlim muassasasiga oʻgʻil-qizlar ikki bosqichli imtihon asosida qabul qilinadi. Birinchi turda yoshlar Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida ingliz tili va matematika fanlaridan yozma imtihon topshiradi. Saralangan oʻquvchilar Davlat test markazi tomonidan maxsus pavilyonlarda oʻtkaziladigan test sinovida qatnashadi. Fan olimpiadalari, muayyan tanlovlar gʻoliblari va fanlarni oʻzlashtirish sertifikatiga ega boʻlganlar uchun maxsus imtiyozlar beriladi.

    Zamonaviy taʼlim infratuzilmasi talablaridan kelib chiqib, akademik litseylardagi mavjud moddiy-texnik bazani mustahkamlab borish, mustaqil bilim olish uchun imkoniyatni kengaytirish dolzarb masalalardan. Jahon tajribasi ham zamon talablari darajasida qiziqarli, interfaol mashgʻulotlarni tashkil etishda moddiy-texnik bazaning oʻrni katta ekanini koʻrsatadi. Oʻquvchilarning tanqidiy tafakkurini rivojlantirish, darsda kreativ va ijodiy fikrlashiga koʻmaklashish uchun barcha texnik imkoniyatlarga ega auditoriyalar, axborot-resurs markazlari, laboratoriya xonalari boʻlishi juda muhim.

    Akademik litseyda 34 ta oʻquv xonasi, axborot-resurs markazi, 100 oʻringa moʻljallangan mutolaa zali, 200 oʻquvchi sigʻadigan faollar zali, shuningdek, sport zali va maydonchalari, oshxona mavjud. Oʻquv xonalari internet tarmogʻiga ulangan va zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan. Umumiy fanlar boʻyicha 19 ta toʻgarak, shuningdek, 7 ta sport va 6 ta ijodiy toʻgarak faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻquvchilarning aksariyati xalqaro test tizimi – IELTS va SAT imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib keladi.

    Bugun innovatsion gʻoyalar, takliflarga ehtiyoj katta. Taklif bildiruvchilarning qalbida oʻti bor, dunyoqarashi keng, zamonaviy ilm va koʻnikmalarga ega boʻlgan yoshlar ekani kishini quvontiradi. Vestminster universiteti akademik litseyida ham shunday iqtidor egalarini jamlagan Innovatsiya markazi 2017-yilning oktyabridan buyon faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Markazda har yili “AL WIUT Science fair” ilmiy yarmarkasi oʻtkaziladi. Unda har bir oʻquvchi yoki jamoa oʻz innovatsion loyihasini taqdim etib, keyinchalik uni yanada takomillashtirishi mumkin. Shuningdek, markazda “AL WIUT Robotics” robototexnika toʻgaragi ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda oʻquvchilar ham nazariy, ham amaliy bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi. Gʻoyalarni amalda qoʻllashni, jamoada ishlash va rivojlanishni oʻrganadi. Innovatsion markaz oʻquvchilar oʻrtasida SAT MOCK, Cambridge Assessment Testing Centre Uz150Tests kabi xalqaro test dasturlarini oʻtkazib, seminar va vebinarlar tashkil etib kelmoqda.

    Akademik litsey oʻquvchi qizlari har yili butun dunyo boʻylab qizlar jamoalari uchun tashkil etiladigan “Technovation Girls” taʼlim tanlovida faol qatnashib kelmoqda. Ular mavjud muammolarni payqash va ularni texnologiyalar yordamida hal etishni oʻrganadi, tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantiradi. Bu borada ham TXVU akademik litseyi oʻquvchilari yetakchilik qilmoqda. Litseyning iqtidorli oʻquvchilari respublika va xalqaro fan olimpiadalarida faol ishtirok etib faxrli oʻrinlarni egallab keladi.

    Akademik litseylar salohiyati ularning fan olimpiadalaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki va bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi bilan belgilanadi. Mazkur universitet akademik litseyi bu borada ham yetakchilikni qoʻldan bermay kelyapti. Hozir bitiruvchilarining deyarli barchasi Oʻzbekistonning eng sara OTMlarida, xorijiy taʼlim muassasalari filiallarida, AQSH, Yaponiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Niderlandiya, Singapur, Malayziya, Qatar va boshqa koʻpgina davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida bilim olib, yurtimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

    Oʻziga xos xususiyatlaridan biri shuki, litseyda “Oʻquvchilar kengashi” (Student Union) faoliyat yuritadi. Bu tuzilma tashabbuskor, shijoatli, kreativ fikrlovchi yoshlarni birlashtiradi. Ilmiy, madaniy-maʼrifiy, sport sohalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar muallifi sifatida oʻquvchilarning oʻzi tashabbus bilan chiqadi. Tengdosh tengdoshga modeli bu yerda juda yaxshi samara beradi. Oʻquvchilar yangi gʻoya va takliflarini murabbiylari boshchiligida amalga oshiradi. Bu tajriba ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bilan birga, kelgusida jamoada ishlash, mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish kabi muhim koʻnikmalarni rivojlantiradi.

    Oʻquvchi va oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida turli imtiyoz va imkoniyatlar mavjud. Litsey dasturini “yaxshi” va “aʼlo” baholarga bitirgan oʻquvchilar TXVU talabalar safiga imtihonsiz qabul qilinadi.

    2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi TXVU akademik litsey bitiruvchilaridan 12 nafariga dunyoning eng nufuzli oliygohlariga yoʻllanma bergani ham taʼlim tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin dalilidir.