Oliy ta'lim qamrovini kengaytirish, oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini yaxshilash, ta'lim jarayoniga raqamli texnologiya va zamonaviy usullarni joriy etish, oliy ta'lim muassasalarida ilmiy tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish, ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlar ta'sirchanligini kuchaytirish  kabilar soha rivojining asosiy yo'nalishlari sifatida belgilandi.

Ta'lim sohasini rivojlantirishda taraqqiy etgan xorijiy davlatlar tajribalaridan ham keng foydalanishga katta e'tibor qaratilmoqda. YUrtimizda o'nlab nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etildi.

Xalqaro hamkorlik doirasidagi ishlar ko'lami ham kengaydi. Xususan,  AQSHda stajirovka o'tash uchun e'lon qilingan tanlovda respublikaning 20 ta oliy ta'lim muassasasining 500 nafar professor-o'qituvchisi ishtirok etdi. Ular orasidan 10 nafari g'olib bo'ldi. Tanlov g'oliblari 20 hafta davomida tajriba va malaka oshirish uchun AQSHning mashinasozlik, qishloq xo'jaligi, irrigatsiya va kimyo texnologiyalari universitetlarida bo'lib, mutaxassislar tayyorlash tizimini o'rgandi, kasb ta'limi bo'yicha pedagogik texnologiyalarga e'tibor qaratdi.

Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida inson hayotini  turli kasallik va  texnogen hodisalardan himoya qilish, mutaxassislar tayyorlash kabi vazifalar belgilandi. Ushbu farmonga muvofiq, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi sohasida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida Tibbiy profilaktika va jamoat salomatligi fakul`teti tashkil etildi. Tibbiy profilaktika va sog'lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida tuman va shahar markaziy ko'p tarmoqli poliklinikalarida tibbiyot ma'lumotiga ega bo'lgan valeolog, tibbiy psixolog, nutritsiolog, dietolog, farmakolog, kineziolog, reabilitolog, profpatolog kabi mutaxassisliklar bo'yicha ish o'rinlari ochish rejalashtirilmoqda.

2021 yil 1 yanvarga qadar tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida nufuzli xorijiy tibbiyot ta'lim dargohlari bilan hamkorlikda qo'shma ta'lim dasturlari asosida sanitariya-gigiena va epidemiologiya hamda mikrobiologiya yo'nalishida filial, xalqaro fakul`tetlar ochiladi.

Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida yurtimizning 10 ta oliy ta'lim muassasasi 2030 yilga qadar xalqaro reytinglar mingtaligi ro'yxatidan joy olishi vazifasi belgilangan. Ushbu vazifalar xalqaro standartlarda belgilangan talablarga rioya qilish, ta'lim sifatini dunyo andozalari darajasiga olib chiqishni taqozo etadi. Bu borada, birinchi navbatda, YUNESKO tomonidan 2011  yilda qabul qilingan Xalqaro ta'lim standartlari, tasnifi me'yorlarini milliy ta'lim an'analarini hisobga olgan holda qabul qilish muhim ahamiyatga ega. Ta'limning barcha bosqichlari bilan bir qatorda 6-darajaga muvofiq bakalavr, 7-darajaga asosan magistratura va 8-daraja (yoki shunga teng keluvchi milliy ta'lim darajasi)ga binoan doktorantura ta'limi talablari ishlab chiqilgan.

O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda fan, ta'lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta'minlash asosida ta'lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish vazifalari belgilangan. Prezidentimizning “Oliy va o'rta maxsus ta'lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, 18 ta yangi oliy ta'lim muassasasi faoliyati yo'lga qo'yiladi. Uning 10 tasi mahalliy, 3 tasi xorijiy, 5 tasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi. Qo'shma ta'lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash ikki barobar oshiriladi. Bular natijasida yoshlarni oliy ta'limga qamrov 25 foizga etkaziladi. Muhandislik-texnik ta'lim yo'nalishlari bo'yicha qabul parametrlari ulushi 28 foiz ko'paytiriladi. Bakalavrlikdan magistraturaga qabul qilingan talabalar ulushi 10 foiz oshiriladi. Xorijiy tajriba asosida talabalarda amaliy ko'nikmalarni shakllantirish maqsadida oliy ta'lim muassasalarida o'quv jarayoni kredit-modul` tizimi asosida tashkil etiladi, ta'lim jarayonlari elektron ta'lim boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi.

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish markazi tashkil etilishi tizimni yanada rivojlantirish, ta'lim jarayonini o'quv-metodik ta'minlash hamda oliy ta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish bo'yicha tadqiqotlar uchun zarur shart-sharoit yaratishi bilan ahamiyatli bo'ldi. Ta'lim standartlari va o'quv adabiyotlarini ishlab chiqish markazning asosiy faoliyat mezoni sanaladi.

Markaz O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi doirasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko'lamini kengaytirish va byudjetdan tashqari boshqa mablag'lar hisobiga oliy ta'lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etadi. Bu markazlar, o'z navbatida, tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq etadi, prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqadi hamda hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishda amaliy, ilmiy-tashkiliy ishlarda shartnoma asosida ishtirok etadi.

Kontseptsiyaga muvofiq, mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarining 85 foizi 2030 yilgacha bosqichma-bosqich kredit-modul` tizimiga o'tishi rejalashtirilgan. 2020-2021 o'quv yilida, ya'ni shu paytgacha mamlakatimizdagi 30 dan ortiq yirik oliygoh shu tizimga o'tdi.

So'nggi to'rt yil ichida mamlakatimizda 45 ta yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etildi. Bu yil oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yosh hujjat topshirdi. Bu o'tgan yildagiga nisbatan 40 foiz ko'p. Bu esa mamlakatimiz yoshlarining ilmga nihoyatda chanqoq ekanidan darak beradi. Faqat oliy ta'limga qamrov ko'lamini oshirish orqali bu yigit-qizlarimizning bilim olishga bo'lgan ehtiyojini chuqurroq qondirish mumkin. 

SHu nuqtai nazardan, mamlakatimizda ta'lim sohasi, xususan, oliy ta'limda olib borilayotgan tub islohotlar yangi O'zbekiston poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Zafar HAKIMOV,

Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori