Zamon talablariga javob beradigan hamda milliy qadriyatlarni o'zida uyg'unlashtirgan intellektual platforma yaratilayotgani ham shundan dalolat beradi. Aslida “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyilini hayotga tatbiq etish mazmun-mohiyatida ham yoshlarni har tomonlama barkamol voyaga etkazish, jamiyatda inson kapitali salohiyatini tubdan oshirishdek ezgu maqsad mujassamdir.

Ta'limning eng quyi bo'g'inidan yuqori pog'onalarigacha olib borilayotgan bunday nekbin o'zgarishlar to'rt-besh yilga mo'ljallangan populistik loyihalar emas, balki uzoq istiqbolni o'z ichiga olgan, mamlakatdagi har bir insonning buguni, ertasiga xizmat qiladigan, taqdiriga bevosita daxldor islohotlardir. Zero, xitoylik mashhur faylasuf Konfutsiy bundan bir necha asrlar aytib ketgan quyidagi hikmat hozir ham juda dolzarbdir: “Agar sen xalqingni bir yil boqmoqchi bo'lsang, bug'doy ek. O'n yil boqmoqchi bo'lsang, daraxt ko'kartir. Asrlar davomida boqmoqchi bo'lsang, ilmli qil”.

Demak, YAngi O'zbekistonda yoshlarni ilmli, bilimli qilish, ularni raqobatdosh kadrlar etib tayyorlash, kelajakka ishonch bilan kirib borishi uchun ustuvor ahamiyat qaratilayotgani bejiz emas. Zamonaviy yuksalish sari qadamlar ta'lim dargohlari ostonalaridan boshlanayotganining boisi ham shunda.

SHunga yarasha bugungi murakkab va sinovli davrda intellekt eng katta xazina ekanini anglab etayotgan, farzandlarini ham shunga da'vat etayotgan ota-onalar ko'payyapti. Buni pragmatik jihatdan ham eng to'g'ri yondashuv deb aytish mumkin. Mazkur haqiqat eng ilg'or davlatlarda tan olingani, amalda o'z isbotini topib kelayotganiga esa ancha bo'ldi. Masalan, AQSHliklarning aytishicha, hech bir investitsiya bolaning bilimli bo'lishi uchun sarflangan sarmoyachalik foyda keltirmaydi. “Agar neft` va oltin qazish sohasiga bir dollar investitsiya kiritsangiz, to'rt-besh baravar, bozordan narsa olib sotsangiz yigirma–o'ttiz foizdan bir baravargacha foyda keltirishi mumkin. SHu mablag'ni farzandingizni o'qitish uchun yo'naltirsangiz, ming dollar bo'lib qaytadi”, deydi okean ortidagilar. Bugungi kunda G'arb davlatlarida innovatsiyalar, ilm-fan, ta'lim taraqqiyoti va imkoniyatlari qanday ekanidan esa o'zingiz yaxshi xabardorsiz.

“Ta'lim — birlamchi” degan g'oyaning yana bir juda muhim tarafi borki, u biz uchun ham aktual bo'lib, nafaqat mamlakatimizni yangilash, ravnaq toptirish, balki ijtimoiy adolat va barqarorlikni ta'minlashda katta rol` o'ynaydi. Bu kambag'allikka qarshi kurashish bilan bog'liq. Zero, AQSHlik iqtisodchi Jeffri Saksning ta'kidlashicha, jamiyatning kambag'allik changalidan qutulishiga imkon beradigan oltita omil mavjud. Ular: inson kapitali, ishbilarmonlik kapitali, infratuzilma, tabiiy kapital, ijtimoiy o'rnatilgan kapital va bilimlar kapitalidir. Ushbu mezonlarga erishishda esa, birinchi navbatda, ta'lim saviyasi va sifati, u bilan aholini qamrab olish darajasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Binobarin, davlat rahbari xalq bilan olib borayotgan har bir muloqotida, videoselektor yig'ilishlarida, parlamentga yo'llayotgan Murojaatnomalarida, xalqaro minbarlardagi nutqlarida aynan ma'rifat aholi turmushini farovonlashtirish, odamlarning orzu-maqsadlarini ro'yobga chiqarishning asosiy mezoni ekaniga urg'u beryapti. Mazkur muhim va strategik nuqtai nazar qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, davlat dasturlari mag'zini tashkil etmoqda.

Birgina oliy ta'lim tizimida ro'y berayotgan so'nggi o'zgarishlar bu tashabbuslar shunchaki qog'ozda qolib ketmayotgani, odamlar, ayniqsa, yoshlar hayotida ijobiy ifodasini topayotganini ko'rsatib turibdi. Masalan, o'tgan yili O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalari soni 130 taga etkazildi. O'z navbatida, oliy ta'limga qabul parametrlari 2016 yilga nisbatan 2,5 barobar o'sib, yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga oshdi.

Asosiysi, bu tendentsiya to'xtab qolayotgani yo'q, balki uzluksizlik kasb etib, yanada keng ko'lamda davom ettirilmoqda. 2021 yildan boshlab oliy ta'limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foiz ko'paytirilishi ko'zda tutilgani fikrimizga yorqin misoldir. Umuman olganda, bunday ortga qaytmas va el manfaatlari ustuvorligini o'zida aks ettirgan vazifalar 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham alohida belgilab berildi. Unda yoshlarga g'amxo'rlik qilish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy adolat tamoyilini ta'minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ko'rsatib o'tilib, ularning ijrosiga kirishildi.

Masalan, 2021/2022 o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to'plagan 200 nafar yosh uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etiladi. O'z navbatida, oliy ta'lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o'qiyotgan oilalarga ta'lim krediti beriladi. e'tiborlisi, talaba tomonidan ushbu kreditni o'qish davri tugagandan so'ng qaytarish amaliyoti yo'lga qo'yiladi. Bunday mexanizm, birinchidan, xalqning turmushi sifatini oshirsa, ikkinchidan, O'zbekistonning salohiyatli kadrlarga ehtiyojini ta'minlaydi. Aholining har bir qatlami uchun bilim olish imkoniyati yaratilayotgani esa kambag'allikka kurashish asnosida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar sonini kamaytirish imkonini beradi. Oliy ta'limga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foiz hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo'lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari ikki baravar oshirilishi, shuningdek, xususiy oliy ta'lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti berish tizimi joriy etilishi ham aynan ushbu ezgu maqsadga xizmat qiladi.

YOshlarni qo'llab-quvvatlash faqat shu bilan cheklanib qolmaydi. Davlat dasturida talabalarga akademik ta'til berish bo'yicha qator engilliklar ko'zda tutilgan. YOshlar uchun uzluksiz mustaqil ta'lim olish imkoniyati yaratilishi, oilasining betob a'zosini parvarishlashi sababli an'anaviy shaklda o'qishni davom ettirish imkoniyati bo'lmagan talabalarga ham akademik ta'til olish huquqi berilishi, talabalarga o'qish davomida akademik ta'til berilishi bo'yicha miqdoriy cheklovlar hamda ilgari o'zlashtirilgan fanlar bo'yicha qaytadan o'qitish amaliyoti bekor qilinishi shular jumlasidan.

Bu yil apreldan boshlab “el-yurt umidi” jamg'armasi orqali nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalarining magistratura va doktoranturasida o'qishga yuboriladigan yoshlar soni besh barobar oshiriladi.

Ilgari surilayotgan ushbu tashabbuslar, amalga oshirilayotgan keng ko'lamli chora-tadbirlarni bevosita kuzatib, aytish mumkinki, odamlar ko'nglida “Barkamol avlod ta'lim-tarbiyasi yo'nalishida jahon standartlari darajasiga erishamiz va bugungi muvaffaqiyatlarimiz ko'lami ortib boraveradi” degan ishonch mustahkamlanmoqda.

Oldinga qo'yilgan marralar, albatta, o'z-o'zidan zabt etilmaydi. Buning uchun, avvalo, barcha bir yoqadan bosh chiqarish, islohotlar mazmun-mohiyatini chuqur anglash qatorida, ular ijrosiga kamarbasta bo'lish kerak. Bu, o'z navbatida, dunyoqarashni o'zgartirish, eskicha fikrlashdan voz kechish, uyg'onish va boshqa mudroq qalblarga ham turtki berishni talab etadi. Zotan, yoshlar taqdiri haqida qayg'urish nafaqat davlat yoki hukumatning, balki har birimizning asosiy burchimizdir.

Binobarin, jamiyatda bilimga asoslangan o'zaro ahillik va hamjihatlik kayfiyati Uchinchi Renessans eshiklarini ochib beradi. Zotan, SHarq donishmandlari aytganidek, “eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!” SHunday ekan, mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlar hamisha bardavomdir.

Mansur eSHOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti prorektori,

iqtisodiyot fanlari doktori