Shu bois, mamlakatimizda aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Boisi, bugun qaysi sohani olmaylik, zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biror natijaga erishib boʻlmasligi kundek ravshanlashmoqda. Besh-olti yil muqaddam aksariyat maktablarda yoshlarning sifatli bilim olishi uchun yetarli sharoit yoʻqligi taʼlim sifatiga salbiy taʼsir qilardi.
Jumladan, bir sinfda 30, hatto 40 nafargacha oʻquvchi oʻqigan. Bu ham yetmagandek, sinfxonalarda yetarli sharoit boʻlmagan. Zarur oʻquv qurollari yetishmas, sinfxonalar yetarlicha yoritilmas, qishda sovuq, yozda issiq boʻlardi. Oylik maoshi kamligi tufayli koʻplab erkak oʻqituvchilar maktabni tashlab, ishlash uchun xorijga ketishga majbur edi. Yana bir hayotiy misol. Ilgari oʻqituvchilar asosiy vazifasi bir chetda qolib, faoliyatiga mutlaqo aloqador boʻlmagan ishlarga jalb etilardi. Aniqroq aytganda, ular bolalarni oʻqitish, taʼlim berish oʻrniga butun kuzni paxta dalasida oʻtkazardi. Bu esa nafaqat taʼlim sifatiga, balki soha xodimlarining kasbiy munosabatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Koʻplab tajribali oʻqituvchilar koʻngli sovub, sevgan kasbini tashlab ketishga majbur boʻldi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak maʼnaviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida taʼlim tizimini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratdi.Birgina soʻnggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha taʼlim muassasalari tashkil etildi. Ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalar qamrovi avvalgi 27 foizdan 67 foizga koʻtarildi. 200 ga yaqin yangi maktab barpo etilib, 3 mingdan ortiq mavjud umumtaʼlim muassasasi rekonstruksiya qilindi va toʻliq jihozlandi.
Iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash, ular qobiliyatini rivojlantirish, maktab taʼlimiga oʻqitishning ilgʻor metodlarini joriy etish, zamonaviy bilimlar va chet tillarni puxta oʻrgatish maqsadida Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu maktablarning tashkil etilgani taʼlim tizimida yuksalishning yangi bosqichini boshlab berdi. Oʻz navbatida, yurtimiz kelajagi uchun xizmat qiladigan iqtidorli, qobiliyatli, ilm-fanga mehr qoʻygan yoshlarning yanada koʻpayishiga zamin yaratdi.
Prezidentimiz raisligida 5-aprel kuni xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu yoʻnalishdagi ishlar tahlil etilib, taʼlim sifatini yanada yuksaltirish, oʻqituvchilarning maalakasini oshirish, maktablarda maʼnaviy muhitni tubdan yaxshilash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Kuchli davlatni salohiyatli kadrlar quradi
Bu inkor etib boʻlmaydigan haqiqat. Sifatli taʼlimsiz, malakali kadrlarsiz, jamiyatda, mamlakatda yuksalish boʻlmaydi. Xalqimizda “bilagi zoʻr birni yiqar, bilimi zoʻr — mingni”, “bilak bilan bitmagan bilim bilan bitar”, “bilgan bilganin ishlar, bilmagan barmogʻin tishlar” degan maqollar bejiz aytilmagan.
Zero, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim-tarbiyadir. Shuning uchun yurtimizda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlashga katta kuch va mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Ayonki, jamiyatda oliy maʼlumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha koʻp boʻlsa, rivojlanish shuncha tez va samarali kechadi. Taʼlim sifati rivojlansa, hamma sohada oʻzgarish, rivojlanish kuzatiladi.
Hammamiz oʻqigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, oʻgʻil-qizlarini shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanib borayotganini koʻryapmiz, guvohi boʻlyapmiz. Shu bois, yurtimizda ham yoshlarning shunday yuksak darajaga koʻtarilishi uchun zarur imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Oʻtgan davrda 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliygoh tashkil etilib, oliy taʼlim muassasalarining umumiy soni 159 taga yetdi. Maktab bitiruvchilarining oliy taʼlimga qamrovi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazilgani yoshlarni bilimli, raqobatdosh kadrlar etib tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Bu islohotlar hali koʻzlangan marraning bir qismi, xolos. Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarda ham taʼlim sohasiga keng oʻrin berilgan.
Xususan, taraqqiyot strategiyasida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish, taʼlim sifati va kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida qabul parametrlarini 2022-yilda oshirish, joriy yilda yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu orqali taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi yuzaga keladi, oliy taʼlim muassasalari talabdan kelib chiqib mutaxassis tayyorlaydi.
Taʼlim sohasidagi yangilanishlarning asosiy qismini oliy taʼlim tizimidagi islohotlar tashkil etadi. Shu bois, oliy oʻquv yurtlariga qamrovni kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va taʼlim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Birgina misol: oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar koʻpaytirilgani qamrov koʻlamini yanada kengaytirdi.
Qabul koʻrsatkichi 250 mingga yetkaziladi
Yaqingacha oliygohlarga oʻqishga kirish juda qiyin edi. Kvotalar kam, qabul imtihonlarida turli muammolar bor edi. Yurtimizda bu masalalar hisobga olinib, oliy taʼlimga qabul kvotasi yildan yilga oshirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, yoshlarni bilimli, malakali, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar etib tayyorlash, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga xizmat qilyapti.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash shu bilan cheklanib qolmaydi. 2026-yilgacha nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni kamida 50 taga yetkaziladi. Bu yilning oʻzida Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida kamida 1 tadan nodavlat oliy taʼlim tashkilotini tashkil etish maqsad qilingani yoshlar kelajagini taʼminlashga qaratilgan ezgu tashabbusdir.
Nodavlat oliy taʼlim tashkiloti qancha koʻpaysa, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat kuchayadi. Son emas, sifatga eʼtibor qaratiladi. Har bir oliy taʼlim muassasasi oʻz jamoasini ilmiy salohiyati yuqori professor-oʻqituvchilar bilan kengaytirishga harakat qiladi. Asosiysi, yoshlarning oʻqishga ishtiyoqi oshadi, taʼlim sifati yuksaladi.
Ilm — eng katta sarmoya
Inson necha yoshda boʻlmasin, sarmoyasini koʻpaytirishni istaydi. Chunki oʻqish va oʻrganishdek sharafli va lazzatli neʼmat yoʻq. Inson bilimi tufayli qadrlanadi, hurmat qozonadi. Shu sababli bugun mamlakatimizdagi kabi taʼlim-tarbiyaga, yoshlar taqdiriga gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan, katta mablagʻ yoʻnaltirayotgan davlat dunyoda kam.
Birgina misol: 2021-yilda ehtiyojmand oilalarga mansub 2 mingdan ziyod qiz oliygohlarga davlat granti asosida qabul qilindi. Yana shuncha talaba qizlarning kontrakt puli toʻlab berildi. Ayollar taʼlimiga alohida eʼtibor qaratilayotgani tufayli oʻtgan yili oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Bundan olti yil avval oliygohlarda 110 ming nafar qiz taʼlim olgan boʻlsa, bugun ularning soni 400 ming nafarga yetdi yoki ularning ulushi 2016-yildagi 38 foizdan ayni paytga qariyb 50 foizga yetdi.
Shu nuqtayi nazardan bugun yurtimizda taʼlim, ilm-fanni yanada rivojlantirish, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha roʻyobga chiqarilayotgan islohotlarni nafaqat yurtdoshlarimiz balki, xorijlik ekspertlar ham eʼtirof etmoqda. Bu davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtgan davrda yurtimiz ilm-fan va taʼlim borasida oʻz mavqei va nufuzini tiklaganidan dalolat.
Taʼbir joiz boʻlsa, hozir koʻp davlatlar oʻgʻil-qizlari yurtimiz yoshlariga havas bilan qaramoqda. Sababi, davlatimiz rahbari har yili bir necha marta yoshlar vakillari bilan uchrashib, ularning intilishi, orzu-istaklari bilan qiziqadi. Muammolarini soʻraydi va mutasaddilarga yoshlarga eʼtibor qaratish kerakligini uqtiradi. Bunday eʼtiborni dunyoning juda koʻp mamlakatlari aholisi orzu qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz taʼlim tizimini tubdan oʻzgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu bejiz emas. Zotan, ilm va izlanish boʻlmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish boʻlmaydi.
Salohiddin ISOMIDDINOV,
jurnalist