Tana harorati yuqori boʻlgan va koronavirusga chalingan abituriyentlar uchun test sinovlari 23-avgust kuni oʻtkaziladi

    Salomatlik 21 Avgust 2021 2556

    Davlat test markazining maʼlum qilishicha, tana harorati yuqori boʻlgan va koronavirusga chalingan abituriyentlar uchun qoʻshimcha test sinovlari 2021-yil 23-avgust kuni boʻlib oʻtadi.

    Unda quyidagi toifadagi abituriyentlar ishtirok etishlari mumkin boʻladi:

    test sinoviga kelgan vaqtda tana harorati 37º C dan yuqori ekanligi aniqlangan va tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan abituriyentlar;

    16-avgustga qadar koronavirusga chalinganligi sababli qoʻshimcha test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bilan murojaat qilgan va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan koronavirusga chalinganligi tasdiqlangan abituriyentlar.

    Qayta tashkil etilgan test sinovlarida ham tana harorati 37º C dan yuqori ekanligi aniqlangan yoki koronavirusdan toʻliq sogʻaymagan abituriyentlar uchun boshqa test sinovlari tashkil etilmaydi.

    Test sinovlari barcha hududlarda tashkil etiladi va abituriyentlar roʻyxatdan oʻtish vaqtida test topshirish hududi sifatida oʻzlari tanlagan hududda test sinovida ishtirok etadi.

    Abituriyentlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan tegishli maʼlumotlar Davlat test markaziga taqdim etilgandan soʻng 21-avgust kunidan boshlab my.dtm.uz sayti orqali yuklab olishlari mumkin boʻladi.