– Roppa-rosa 580-yil muqaddam buyuk shoir, mutafakkir, faylasuf, olim va davlat arbobi Alisher Navoiy tavallud topgan. Uch mingdan ziyod asar muallifi boʻlgan alloma oʻzbek adabiyotining asoschisi, turkiy xalqlar adabiyotining eng yorqin namoyandasi sifatida qadrlanishi ham bejiz emas. Uning asarlari butun dunyoda maʼlumu mashhur boʻlib, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari va Turkiyada unga boʻlgan hurmat va ehtirom oʻzgacha.

Oʻzbekistonga bir marta boʻlsa ham sayohat qilgan, uning tarixi va madaniyatidan ozgina boʻlsa-da xabardor boʻlgan odam Alisher Navoiy Oʻzbekiston madaniy-maʼnaviy merosida Amir Temur, Mirzo Bobur va Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk davlat, adabiyot va fan arboblari qatorida yuksak eʼzozlanishidan boxabar. Uning gʻazallari, dostonu devonlarini Oʻzbekiston xalqi sevib mutolaa qiladi va oʻzining buyuk bobokaloni bilan chin dildan faxrlanadi.

Oʻzbekistondagi eng yirik viloyatlardan biri, uning maʼmuriy markazi, eng yirik sanoat korxonasi, shuningdek, Milliy kutubxona, Universitet, metro bekati va koʻplab boshqa muassasalarning buyuk shoir nomi bilan atalgani mamlakatda tarixiy meros va uni asrab-avaylashga boʻlgan yuksak eʼtibor koʻlamidan yaqqol dalolat beradi.

Oʻtgan yili men buyuk shoir dafn etilgan Afgʻonistonga xizmat safari bilan borgan chogʻimda bu mamlakatda ham buyuk shoirning xotirasi asrab-avaylanayotganini va koʻplab koʻchalar, maktabu xiyobonlarga Alisher Navoiy nomi berilganiga guvoh boʻldim.

Oʻzbekiston-Niderlandiya doʻstlik jamiyatining 2021-yilgi ish rejasida oʻzbek xalqining buyuk bobokaloni Alisher Navoiy xotirasiga bagʻishlab qator tadbirlar uyushtirish koʻzda tutilgan boʻlib, biz ularga yevropalik taniqli olim va adabiyoshunoslarni jalb qilish niyatidamiz.