Yangi tahrirdagi Qonun bilan normalarni qoʻllashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, yangi tushunchalar kiritilmoqda. Masalan, “reklama obyekti”, “nomaqbul reklama”, “axloqsiz reklama”, “yashirin reklama”, “homiylik” kabi yangi tushunchalar bilan toʻldirilmoqda.
Shuningdek, televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikatsiya tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda. Jumladan, telekanallarda davomiyligi oʻn daqiqadan kam boʻlgan telekoʻrsatuvlarni reklama bilan uzib qoʻyishga va reklama bilan birga namoyish etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda quyidagilar taqiqlanmoqda:
-taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi koʻrinishi shifokorlarning tashqi koʻrinishiga oʻxshash shaxslarning ishtirok yetishi;
-olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, xuddi shuningdek alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vositalarining taʼsiri haqidagi hikoyalaridan iborat boʻlgan tavsiyalardan foydalanish.
Shuningdek, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning oʻziga xos xususiyatlari, jumladan, televideniye, radio, bosma OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari va internetda tarqatiladigan reklamaga qoʻyiladigan talablar batafsil koʻrib chiqildi.