Ishxona ofislariga lift vaqtni tejash maqsadida oʻrnatilsa, turar-joy binolari uchun aholiga yengillik yaratish maqsad qilinadi. Albatta, shu shart bilan koʻpchilik xaridorlar binoning eng yuqori qavatidan boʻlsa ham turar-joy xarid qilishi tabiiy. Ammo liftga ishonib kelgandan soʻng uning ishlamay qolishi rosa alam qilsa kerak.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi respublikamiz boʻylab koʻpqavatli xonadonlardagi liftlarning aholiga xizmat koʻrsatish sifati boʻyicha monitoring kuzatuvlarini boshladi. Ilk obyekt sifatida Jizzax shahri tanlandi.

Shaharning 12 mingdan ortiq aholisi istiqomat qiluvchi “Zargarlik” mahalla fuqarolar yigʻinida toʻrtta toʻqqiz qavatli turar-joy binosi mavjud boʻlib, ularga jami sakkizta lift xizmat koʻrsatadi. Ammo ushbu ulkan turar-joylardan birining birorta ham lifti necha yillardan buyon ishlamaydi. Aholi ushbu noqulayliklardan anchadan beri aziyat chekib kelmoqda. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: eski liftlar qachon yangisiga almashtiriladi?

Ushbu savolga mutasaddilarning javobi hamda munosabatini kutib qolamiz.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish

jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati