Hakimjon Yo‘ldoshev olgan suratlar

“Qadring baland bo'lsin, ona tilim!” respublika tanlovi nisbatan yosh bo'lsada, qisqa vaqt ichida o'zining maqeiga erishdi, mazmuni, qamrovi bilan jamoatchilik e'tiboriga tushdi. Kecha  ikkinchi bor o'tkazilgan tanlovning g'olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Ishtirokchilar Vazirlar Mahkamasining Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan tashkillashtirilgan tadbirning an'anaviy tus olayotganidan mamnuniyat izhor qildilar.

Tanlov yakunlariga bag'ishlab o'tkazilgan tadbir avvalida davlat va jamoat arboblari, vazirlik va idoralar, xo'jalik birlashmalari va tuman hokimlarining Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligigini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash bo'yicha maslahatchilari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, OAV xodimlari tomonidan Adiblar xiyobonida Alisher Navoiy poyiga gul qo'yib, ulug' bobokalonimizga ehtirom ko'rsatildi.

Bu yilgi respublika tanlovi uchun 3 yo'nalish belgilab olindi hamda hakamlar hay'ati tomonidan xolis baholandi. Tadbirda “Davlat tili ustuvorligini ta'minlagan eng namunali hudud (mahalliy ijro etuvchi tuman/shahar hokimliklari)”, “Davlat tilida ish yuritish yo'lga qo'yilgan eng yaxshi tizim (vazirlik, idora, xo'jalik birlashmalari)” va “O'zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha (ilmiy tashkilotlar, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalari)” yo'nalishida ta'sis etilgan mukofotlar o'z egalariga topshirildi. G'olib sovrindorlar qimmatbaho sovg'a va pul mukofotlarini qabul qilib oldilar.

– Mazkur tanlov, avvalo, o'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish uchun fidoyilik qilayotgan jonkuyarlarni bir tadbir atrofida birlashtirish, ularning fikr va g'oyalarini ommalashtirishga xizmat qilishga yo'naltirildi, – dedi Vazirlar Mahkamasining Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdug'affor Qirg'izboev. – Shuningdek, yurtimizda davlat tilini keng targ'ib etish va o'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga, adabiy til me'yorlariga rioya etilishini ta'minlash kabi muhim jihatlarni ham qamrab olishi ko'zda tutilgan.

Taqdirlash marosimida mumtoz kuy-qo'shiqlar, ona tilimizni ulug'lovchi she'rlar yangradi. Shuningdek, yig'ilganlar e'tiboriga Muqimiy nomida O'zbek musiqali drama teatri aktyorlari ijrosida “Baxshi” spektaklidan parcha havola etildi.

G'oliblar bilan tanishing:

“Davlat tili ustivorligi ta'minlangan eng namunali hudud” yo'nalishi bo'yicha 1-o'ringa Sirdaryo viloyati Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov hamda maslahatchi Ulug'bek Xalilovlar sazovor bo'ldi.

Tanlovining “Davlat tilida ish yuritish yo'lga qo'yilgan eng yaxshi tizim” yo'nalishi bo'yicha g'oliblikni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (maslahatchi Gullola Isakova) qo'lga kiritdi.

“O'zbek tilini rivojlantirish uchun eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha” yo'nalishida Muhammadqosim Mamasaidov taqdim qilgan ish eng yuqori o'ringa loyiq topildi.

Nodir Mahmudov

“Yangi O'zbekiston” muxbiri.