Tadbir iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishga oid mavjud ilmiy dalillar va vositalarni baholash boʻyicha ilgʻor tajriba almashish maydoni boʻlib xizmat qiladi. Tadbirda iqlim boʻyicha yechimlarni amalga oshirish yoʻlidagi toʻsiqlar muhokama mavzusi boʻldi.
Ushbu konferensiya 1995-yildan beri har yili oʻtkazib kelinadi. Joriy yilda iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqilyapti.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etyapti. Parlament yuqori palatasi Raisi oʻz nutqida birgalikdagi saʼy-harakatlar bilangina oqibatlari Markaziy Osiyoda ham yaqqol kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishi muammosiga qarshi turish mumkinligini taʼkidladi.
“Oʻzbekistonning asosiy maqsadi – amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarga «yashil” iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotga erishishdir. Bu yoʻnalishda iqtisodiyotning barcha sektorlarida ugleroddan kamroq foydalanishga oʻtish va resurslarni tejash, samarali va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish ustuvor yoʻnalish hisoblanadi», – dedi Tanzila Narbayeva.
Parij bitimi doirasida Oʻzbekiston 2030-yilgacha YAIM birligiga parnik gazlar chiqarishni 35 foizga kamaytirish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli dasturlar amalga oshirish boshlandi.
2026-yilga kelib “yashil” energetika ulushini 8 ming MVtga yetkazishni rejalashtirilyapti, bu esa karbonat angidrid gazi chiqarishni 5 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi. 2030-yilga kelib iqtisodiyotning energiya samaradorligini ikki baravar oshirish, qayta tiklanadigan energiya ulushini esa kamida 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Har yili 200 million tup daraxt va buta ekishni nazarda tutuvchi “Yashil makon” umummilliy loyihasi koʻp jihatdan respublikada iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishga va ularga moslashishga xizmat qiladi. Loyiha yiliga 200 million tup daraxt va butalarni ekishni nazarda tutadi. Natijada besh yildan soʻng shaharlardagi koʻkalamzor maydonlar hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshadi.
Mamlakatda suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etgan holda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilyapti.
Oʻzbekiston Orol dengizi inqirozi bilan bogʻliq muammolarni hal etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻryapti. Soʻnggi besh yilda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektardan ortiq oʻrmon plantatsiyalari barpo etilgan boʻlsa, 2026-yilga kelib bu koʻrsatkich 2,5 million gektargacha yoki hududning qariyb 80 foizini tashkil etadi. BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi bilan Orolboʻyi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz nutqida mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga tayyor ekanligini hamda Mintaqaviy iqlim kengashini tashkil etishni taklif qilayotganini taʼkidladi. Bu iqlimga moslashish boʻyicha loyihalarni targʻib qilishda, choʻllanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashishda, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishda hamkorlik samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Keyingi yilda Oʻzbekistonda choʻllanishga qarshi kurashish va yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash boʻyicha BMTning ikkita yirik tadbirini oʻtkazish rejalashtirilgan. Barcha xalqaro hamkorlarni ushbu forumlar ishida faol ishtirok etish taklifi bildirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.