Tashrif doirasida Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi delegatsiyamiz “Qirgʻiziston va Oʻzbekiston tadbirkor ayollari muloqoti” xalqaro biznes-forumida ishtirok etdi.

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston tadbirkor ayollarining mintaqaviy iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash uchun ularning barqaror muloqotini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda vazirliklar, xalqaro tashkilotlar, biznes birlashmalari, fuqarolik jamiyati vakillari, tadbirkor ayollar va OAV vakillari ham ishtirok etdi.

Forumni ochar ekan, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Tadbirkor ayollarining bunday keng formatdagi va ikki mamlakat vakillari delegatsiyalari ishtirokidagi muloqoti ilk bor oʻtkazilayotganini, shuningdek mazkur biznes-forum xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochib berishini taʼkidladi.

— Oʻzbekiston Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotida raislik doirasida ham mintaqaviy, ham ikki tomonlama formatlarda tadbirkor ayollar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta ahamiyat beradi, — dedi Tanzila Narbayeva.

Forum davomida tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyat va istiqbollar yaratish, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiyotning muhim yoʻnalishlarida malakalarni mustahkamlash, mamlakat va mintaqaviy darajada tadbirkor ayollarni birlashtirish, ishtirokchi mamlakatlar tadbirkorlari tajribasini namoyish etish hamda oʻtkazish va boshqa masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Oʻtgan besh yilning oʻzida ikki tomonlama tovar aylanmasi deyarli oʻn barobar oʻsdi va 2020-yil yakuniga koʻra 900 mln dollardan ortiqni tashkil etdi.

— Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — dedi Tanzila Narbayeva. — 2020-yilda tadbirkor ayollar soni 172,4 mingga yetdi. Mamlakatning har bir hududida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyat koʻrsatmoqda, ularda har yili 30 mingga yaqin ayolga tadbirkorlik, kasb-hunarga qayta tayyorlash va ishga joylashish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatiladi.

Ustav kapitali 96 mln AQSH dollari boʻlgan yangi tashkil etilgan Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi doirasida tadbirkor ayollarning loyihalarini imtiyozli kreditlash dasturi ishga tushirildi.

Forum Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida Markaziy Osiyo va Afgʻoniston tadbirkor ayollari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar bajarilishiga koʻmaklashishi taʼkidlandi.

Ushbu tadbir parlamentlararo, savdo-iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida yuksak darajada ahil qoʻshnichilik, strategik hamkorlik va mintaqada ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha ilgari erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi. Ishtirokchilarning boy tajribasi esa xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ishtirokchilarning fikricha, Forum barqaror iqtisodiyot uchun eng yaxshi amaliyot yaratishda tadbirkor ayollar oʻrtasidagi mamlakatlararo va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun asos boʻladi.