Dunyo davlatlari bilan hamisha do'stona munosabatlarini saqlab kelgan O'zbekiston o'zining yangi taraqqiyot davriga kelib jahon hamjamiyati oldida o'z o'rni, so'zi va mavqeiga ega mamlakatga aylandi. So'nggi yillarda o'nlab, yuzlab xalqlar manfaatlariga xizmat qiladigan yirik xalqaro tadbirlar, keng miqyosdagi anjumanlarni o'tkazishdek sharafli vazifa yurtimizga mamnuniyat bilan topshirilayotgani buning yaqqol isbotidir.

Mamlakatimizning 2021-2022-yillarda katta nufuzga ega Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishi ana shunday muhim voqeliklardan biri. Bu haqida Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 17-sentyabr kuni bo'lib o'tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisida rasman e'lon qilindi.

Aytish joizki, mazkur xalqaro ahamiyatdagi yig'ilish qizg'in muhokamalar markazida bo'lib qolmoqda. Negaki, yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi, ayniqsa, Afg'onistondagi so'nggi vaziyat nuqtai nazaridan SHHT doirasidagi ko'p qirrali hamkorlik qanday bo'lishi ko'plab siyosiy doiralarni qiziqtiryapti. Davlat rahbarlarining e'tiborida bo'lgan ushbu masalani yaxshi qo'shnichilik, teng huquqlilik, o'zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish borasida shakllangan an'analarimizni asrash va boyitish yo'li bilangina engib o'tish mumkin. Sammit kun tartibidan ana shunday muhim masalalar o'rin olar ekan, unga SHHTning o'tgan 20 yildagi faoliyatining asosiy yakunlari hamda ko'p qirrali hamkorlikning istiqboldagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Har qanday xalqaro tashkilotning nufuzi va ahamiyati unga dunyoda berilayotgan e'tibor va faoliyatining samaradorligi bilan belgilanadi. SHHT nisbatan qisqa vaqt ichida nufuzli, yirik tashkilotga aylandi. Bugun u bir-biriga qo'shni davlatlar o'rtasidagi dolzarb masalalarni o'zaro muhokama qilish va ularga manfaatli echim izlashda muhim o'rin tutmoqda. Xalqaro tashkilotning asosiy vazifalari qatoriga a'zo davlatlar o'rtasida hamkorlikni kuchaytirish, mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy va gumanitar munosabatlarni rivojlantirish kabilar kiradi.

Kuzatuvchi mamlakatlar bilan qo'shib hisoblaganda, SHanxay hamkorlik tashkiloti dunyo aholisining yarmini birlashtiradi. Tashkilotga a'zo mamlakatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan ziyod, ya'ni Yevroosiyo hududining 60 foizi demakdir. SHHT mamlakatlari aholisining umumiy soni 3 milliard 40 million nafarga teng — bu sayyoramiz aholisining qariyb yarmi degani. U o'zida 8 ta a'zo davlatdan tashqari, 4 ta kuzatuvchi, 3 ta kuzatuvchilikka nomzod davlat, 6 ta “muloqot bo'yicha sherik” maqomiga ega mamlakatni birlashtirgan.

Tez orada tashkilot eron Islom Respublikasi hisobiga kengayadigan bo'lib turibdi. Gap sonda emas, ammo hamkorlik istiqbollari ulkan Yevroosiyo mintaqasida yashaydigan xalqlar farovonligiga xizmat qiladi.

Tashkilot ayni kunda nafaqat xavfsizlik, balki ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq, transport kommunikatsiyasi, sarmoya va gumanitar masalalarga ham jiddiy e'tibor qaratmoqda. Bular tashkilotning ochiqligi, barcha manfaatdor davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikka tayyor ekanidan dalolat. Biroq SHHT, avvalo, o'zining asosiy tamoyillaridan kelib chiqqan holda, barqarorlik va xavfsizlikni saqlashning ishonchli kafolati sifatida maydonga chiqmoqda. Dunyo tez o'zgaruvchan, notinch bo'lib turgan hozirgi zamonda bu g'oyat muhimdir.

Tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlari “Shanxay jarayon”larini tezlashtirish uchun tashkilot ixtiyoridagi mavjud qarorlar, deklaratsiyalar va loyihalarni amalga oshirishga e'tiborni kuchaytirish zarurligini ta'kidlamoqda. Chunki har qanday ko'p tomonlama tizimlar faoliyati qabul qilinayotgan qarorlarning so'zsiz va bosqichma-bosqich bajarilishi bilan samara beradi.

Albatta, bu “oltin qoida” SHHTning jipsligi va uyushqoqligi uchun o'ziga xos mezon bo'lib qolishi bejiz takrorlanmayapti. Bularning barchasi, jumladan, xavfsizlik va iqtisodiyotlarni rivojlantirish mavzularining jipsligi, yaxlitligi O'zbekistonning manfaatlari, maqsadlariga javob beradi. Shu bois, mamlakatimiz tashkilot faoliyatida o'z taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etmoqda.

2021-2022-yillarda yurtimiz SHHTga raislik qilishdek sharafli va juda mas'uliyatli vazifani zimmasiga olgani holda, bu borada keyingi ustuvor yo'nalishlarni ham belgilab olgan.

Ulug'bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o'rinbosari