BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuniga bagʻishlangan joriy yildagi murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Insoniyat kelajagi butun dunyo yoshlarining bemisl shiddat-shijoati, orzu va gʻoyalari hamda shu ezgu maqsadga munosib hissa qoʻshishga qaratilgan astoydil saʼy-harakatlariga bogʻliq”. Ushbu fikrga qoʻshimcha qilib ayta olamizki, har bir inson kelajagi yoshlik davrida amalga oshirgan saʼy-harakatlariga ham bogʻliqdir.

Zero, inson aynan yoshlik chogʻida jamiyatda oʻziga munosib oʻrin topishga intiladi. Mehnat faoliyatini yoʻlga qoʻyadi, oila quradi, ilm-fan, sanʼat yoki sport sohalari bilan jiddiy shugʻullana boshlaydi. Ayni shu pallada unga davlat va jamiyatning qoʻllab-quvvatlovi har qachongidan ham koʻproq zarur boʻladi. Chunki insonning yoshlik davrida amalga oshirgan tanlovlari uning taqdiriga kuchli taʼsir koʻrsatadi.

Shu bois, dunyoning qator mamlakatlarida yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, bugungi kunda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish, yosh avlod vakillari isteʼdod va qobiliyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan koʻplab xalqaro hujjatlar, strategiya va “yoʻl xaritalari” mavjud. Dunyoda koʻplab davlatlar tomonidan tan olingan hamda ularning milliy qonunchiligiga tatbiq etilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida barcha insonlar, jumladan, yoshlarning ham asosiy fundamental huquqlari kafolatlangan. Tenglik va erkinlik, sifatli taʼlim olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, shaxsiy daxlsizlik, mulkka egalik qilish, saylash va saylanish, soʻz, fikr va vijdon erkinligi kabi huquqlar ushbu universal hujjatda qatʼiy mustahkamlangan. Joriy yil 10-dekabrda 75 yilligi nishonlanadigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi BMT faoliyatining ham asosiy dasturulamali hisoblanadi.

BMT yoshlar huquqlarini taʼminlash, yoshlarga oid maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirishga bugungi kunda har qachongidan katta eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, jahon yoshlarining talab-ehtiyojlarini qondirish, salohiyatini mustahkamlash va huquqlarini toʻlaqonli taʼminlash uchun BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasi ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu xalqaro strategiyada 5 ta ustuvor yoʻnalish belgilangan:

birinchi yoʻnalish yoshlarni zamonaviy muammolarni hal etishga jalb qilish, butun jahonda tinchlik, adolat va ekologik xavfsizlikka erishishda yoshlarning rolini oshirishga qaratilgan;

ikkinchi yoʻnalish barcha yoshlarning sifatli taʼlim olishi va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishni koʻzda tutadi;

uchinchi yoʻnalish yoshlarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga erishish, yoshlarga loyiq ish oʻrinlari yaratish, malaka oshirish tizimini yaxshilash, ishga joylashmagan va taʼlim olmagan yoshlar sonini qisqartirish kabi masalalarni qamrab oladi;

toʻrtinchi yoʻnalish fuqarolik va siyosiy huquqlarini amalga oshirish uchun yoshlarga sharoit yaratish, ular huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishga xizmat qiladi;

beshinchi yoʻnalish islohotlar jarayonining barcha bosqichlarida yoshlar ishtirokini taʼminlash, yoshlar masalalari bilan shugʻullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligini rivojlantirish kabi masalalarni oʻz ichiga oladi.

Mamlakatimizda ham “Yoshlar – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarni milliy qonunchiligimizga tatbiq etish orqali yoshlar huquqlarining normativ asoslarini mustahkamlashga katta ahamiyat berilmoqda. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatida salmoqli natijalarga erishildi.

Birinchidan, yoshlar huquqlarini kafolatlovchi meʼyoriy hujjatlar takomillashtirildi. Oʻtgan yillarda mamlakatimizda yoshlarga taalluqli 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga yoshlar huquqlariga oid qator normalar kiritildi.

Ikkinchidan, yoshlar bilan ishlovchi yangi tashkiliy tuzilmalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi va Bosh vazir raisligida yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash ish boshladi. Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya tuzildi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi.

Uchinchidan, chora-tadbirlarning tizimli va izchil boʻlishini taʼminlash maqsadida milliy strategiya va dasturlar qabul qilindi. 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, Prezidentning besh muhim tashabbusi shular jumlasidandir.

Toʻrtinchidan, jamiyatda oʻz oʻrnini topishga qiynalayotgan, alohida eʼtibor va yordamga muhtoj yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi joriy qilindi. Yaʼni “Yoshlar daftari” tashkil etilib, koʻmakka muhtoj yoshlar roʻyxati shakllantirildi. Unga kiritilgan yoshlarga koʻrsatilayotgan yordam koʻlami yil sayin oshib bormoqda. Soʻnggi ikki yilda 798 mingga yaqin yoshga qariyb 1 trillion soʻmlik moddiy yordam koʻrsatilgani, shu jumladan, ehtiyojmand oilaga mansub talabalarga oʻqish uchun shartnoma pullari toʻlab berilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Shuningdek, har bir mahallada yoshlar yetakchisi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga hissa qoʻshmoqda.

Beshinchidan, yoshlar ilm olishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Oliy taʼlim tizimi isloh etilib, qabul imtihonlari shaffoflashdi. Oliy oʻquv yurtlari soni va shunga mos tarzda qamrov darajasi oshishiga erishildi. Shartnoma asosida oʻqiydigan talabalar uchun imtiyozli taʼlim kreditlari ajratilmoqda. Magistraturadagi ayollar esa toʻliq grant asosida taʼlim olmoqda. Shu bilan birga, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tashkil etilib, iqtidorli yigit-qizlarning xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishiga imkoniyat yaratildi.

Oltinchidan, ijodkor yoshlarni maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar kuchaydi. Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ilhom” mukofoti uchun respublika tanlovi taʼsis etildi. “Yosh kitobxon” koʻrik tanlovi esa millionlab yoshlarni mutolaaga undamoqda. Yosh qalamkashlar uchun turli adabiy anjumanlar muntazam tashkil qilinmoqda. “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida har yili oʻnlab yosh ijodkorning ilk kitobi tekin nashr etilmoqda.

Yettinchidan, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi va sportni targʻib etish, sportchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash davlatimizning doimiy eʼtibor markazida boʻlib turibdi. Joriy yilning dastlabki yarim yilligida oʻzbekistonlik sportchi yoshlar xalqaro maydonda 247 ta oltin, 119 ta kumush va 110 ta bronza medal sohibiga aylangani zamirida ham sportni rivojlantirish va yoshlar orasida ommalashtirish, zamonaviy sport inshootlarini bunyod etish boʻyicha olib borilgan tizimli ishlar mujassam.

Sakkizinchidan, yoshlar tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, soʻnggi uch yilda 210 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” tashkil etilib, ularda 2,5 mingdan ortiq loyiha amalga oshirildi. Yosh tadbirkorlarga esa qulay shartlar asosida imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda.

Toʻqqizinchidan, yosh oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ularni uy-joy bilan taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida subsidiyalar ajratilib, har bir yosh oila mahallalar kesimida doimiy ragʻbatlantirib borilmoqda.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining mohiyatini tashkil etadigan, BMT faoliyatining bosh maqsadi boʻlgan tinch, barqaror va adolatli, inson huquqlari toʻliq taʼminlangan jamiyatga aylanishimizda, har sohada ilgʻor va qudratli boʻlgan davlat barpo etishimizda yoshlar – navqiron vatandoshlarimiz eng asosiy kuch ekani shubhasiz. Shuning uchun ham yangi Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati, yoshlarga yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar mamlakati. Bu imkoniyatlar mohiyatida esa yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch, ular zimmasiga yuklangan Vatan oldidagi masʼuliyat burchi mujassam. Zero, bugun yurtimizda yaratilgan sharoitlardan foydalanib ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor boʻlib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir.

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali bosh muharriri oʻrinbosari