Maʼnaviy genofond himoyasi

Globallashuv shiddati va axborot texnologiyalari insoniyatga beqiyos imkoniyatlar taqdim etish bilan birga kutilmagan maʼnaviy xatarlarni ham yetaklab kelmoqda. Insoniyat oʻz qoʻli bilan yaratgan texnologik vositalarning salbiy taʼsiridan xavotirga tushayotgan hozirgi davrda milliy oʻzlikni va ajdodlar merosini asrash shunchaki oʻtmishga ehtirom emas, balki millat sifatida yashab qolishning bosh shartiga aylandi. Mazkur jarayonning asosiy mezoni boʻlgan maʼnaviy genofond esa millat tili, tarixi va eʼtiqodini birlashtiruvchi yaxlit tizim sifatida namoyon boʻlmoqda.

Biologik genofond insonning jismo­niy sogʻlomligini taʼminlasa, maʼnaviy genofond uning shaxs sifatidagi qiyofasi va millatning dunyo xaritasidagi oʻrnini bel­gilaydi. Maʼrifatparvar alloma Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, tarbiya — yo hayot, yo mamot masalasidir. Ushbu qimmatli oʻgit XXI asrning raqamli olamida yangicha maz­mun kasb etib, jamiyat oldiga axborot oqimi filtrsiz kirib kelayotgan bir sharoitda, yosh avlodda mafkuraviy immunitetni qanday shakllantirish lozim degan strategik savol­ni qoʻymoqda.

Bu savolga javob izlashda, eng avvalo, ijtimoiy tarmoqlar girdobiga tushgan bola shuurining himoyasizligiga ilmiy nuqtayi nazardan eʼtibor qaratish lozim. Zamonaviy tadqiqotlar oʻsmirlarning bir kecha-kun­duzda oʻrtacha 5 soatdan 9 soatgacha vaqtini virtual olamda oʻtkazishini va bu jarayonda ularning ongiga 200 dan ortiq mafkuraviy xuruj taʼsir koʻrsatishini tasdiqlamoqda. Achinarlisi, ota-onalarning atigi 15 foizi farzandi internetda aynan nima bilan band ekanini toʻliq anglaydi. Nazoratsiz virtual muloqot taʼsirida oʻsmirlarda hayotdan qo­niqmaslik va ruhiy tushkunlik hissining 35 foiz oshishi esa jamiyat uchun jiddiy signal.

Shuningdek, virtual tahdidlarga qarshi eng samarali qalqon — oiladagi raqamli gigiyena va jonli muloqot uygʻunligi. Bu bo­rada raqamli gigiyena shunchaki taqiq emas, balki axborotni saralash madaniyati boʻlib, u kuniga atigi 15 daqiqalik samimiy suh­bat orqali ham mustahkamlanishi mumkin. Ilmiy xulosalarga koʻra, ota-ona bilan yurakdan qilingan mana shu qisqa muloqot bolaning yot gʻoyalarga nisbatan mafkuraviy chidamliligini 40 foiz oshiradi. Jalolid­din Rumiy hazratlari aytganidek, “Qalb ozuqasi boshqa, tana ozuqasi boshqa”. Far­zandning jismoniy ehtiyojlarini qondi­rish tana ozuqasi boʻlsa, uning qalbini ilm, odob va mehr bilan toʻldirish ruhiy-maʼna­viy ozuqadir.

Shu bois, yangi Oʻzbekistondagi islohot­lar markazida turgan “Inson qadri uchun” tamoyili, avvalo, oiladan boshlanishi, “oila — maktab — jamiyat” zanjiri esa mustahkam birlikka aylanishi shart. Bu­gungi oliy vazifamiz yoshlarni nafaqat texnologiyani egallagan mutaxassis, balki maʼnaviy genofondimizni asrovchi, oʻz il­dizlariga sodiq va ichki qalqoni mustahkam komil insonlar qilib voyaga yetkazishdan iborat.

Milliy immunitet poydevori

Maʼnaviy genofondni asrashda Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida­gi oʻlmas oʻgitlar fundamental ahamiyatga ega. Mutafakkir qarashlariga koʻra, komil inson tarbiyasida oila va maktab mushta­rakligi millat uchun eng mustahkam maf­kuraviy qalqondir. Farzand kamoloti oʻz- oʻzidan shakllanadigan jarayon emas. Shu bois, uni faqat taʼlim muassasalari zim­masiga yuklash kutilgan natijani bermay­di. Bu maqsad yoʻlida butun bir jamiyat­ning birdamligi va maʼnaviy masʼuliyati talab etiladi.

Tarixiy vorislik zanjiriga nazar tash­lasak, milliy tarbiya modelining yuksak na­munalarini koʻramiz. Xususan, Imom Buxo­riy volidasi farzandining kamoloti uchun nafaqat moddiy imkoniyatlarini safarbar etgan, balki uning har bir sabogʻini onalik mehri va yuksak ziyraklik bilan kuzatib borgan. Sohibqiron Amir Temur shaxsiya­tida ham oilaviy muhit hal qiluvchi omil boʻlgan. Amir Taragʻay oʻgʻlini yoshligidan ilm majlislariga olib borib, unda teran fikr va yuksak maʼnaviyatni shaxsan shakl­lantirgan.

Bu anʼanaviy masʼuliyat Zahirid­din Muhammad Bobur merosida ham yaq­qol koʻrinadi. Uning Humoyun Mirzoga yozgan maktubidagi: “Xatni majmalla (chigal) yozasan... Soʻngida beparvolik qilma” degan oʻgiti shunchaki imloviy tanbeh emas, balki shaxsiy javobgarlik va mukammallikka intilishning oliy ifodasi.

Bugungi shiddatli axborot asrida aj­dodlarimizdan meros qolgan tarbiyadagi ziyraklik samarali mafkuraviy himoyaga ay­lanmoqda. Ilmiy tahlillar shuni koʻrsata­diki, ota-onasining eʼtiborini his qilgan yoshlarda oʻzlikni anglash darajasi yuqori, tashqi salbiy taʼsirlarga beriluvchanlik esa sezilarli darajada past boʻladi. Demak, tarixiy tajribamiz bugunning eng qudratli himoyachisidir.

Milliy anʼanalarimizda tarbiyaning ikkinchi darajali jihatlari boʻlmagan. Farzandning mutolaasi va har bir qadami doimiy diqqat markazida turgan. Virtual chegaralar buzilgan bugungi davrda ushbu qadriyatni tiklash millatning maʼnaviy yuk­sakligi va jamiyat barqarorligini taʼmin­lashga xizmat qiladi.

Haqiqiy ota-ona fazilati

Insoniyat tarixi va sharqona qadriyatlar oilaning haqiqiy qudrati uning iqtisodiy holati bilan emas, balki avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy vorislik koʻlami bilan oʻlchanishi­ni koʻrsatadi. Qadimgi Xitoy mutafakkiri Konfutsiy taʼlimotining tamal toshi — “syao” (farzandlik ehtiromi) tamoyili aynan shu munosabatlarni tartibga soladi. Muta­fakkir taʼkidlaganidek, agar ota-onaning masʼuliyati faqat moddiy taʼminot bilan cheklansa, farzand ongida ota-ona shaxsi shun­chaki “iqtisodiy resurs” sifatida muhrlana­di. Bu esa vaqt oʻtishi bilan insoniy munosa­batlarning maʼnaviy ildizidan uzilishiga va oilaviy mehr oʻrnini manfaat ustuvorligi egallashiga olib keladi.

Haqiqiy boy ota-ona farzandiga moddiy meros emas, balki yuksak maʼnaviy olamni inʼom eta olgan insondir. Biroq bugun koʻpchilik ota-onalar farzandiga “kitob oʻqi”, deb, oʻzi ijtimoiy tarmoqlar gir­dobidan chiqa olmayotir. Pedagogikaning oltin qoidasi shundaki, bola soʻzingizni emas, harakatingizni takrorlaydi. Bino­barin, bolaning qoʻliga bemaqsad telefon tutqazish uning fikrlash qobiliyatini chek­lab, virtual yoʻqlik asiriga aylantirish demakdir.

Hozirgi “alfa” avlod uchun eng katta xavf — aynan maʼnaviy boʻshliq. Neyrobio­loglar ushbu holatni ikki gormon misolida asoslab beradi. Jonli muloqot natijasida ishlab chiqariladigan oksitotsin — ishonch gormoni insonda xavfsizlik hissini shakl­lantiradi. Virtual oʻyinlar taʼsiridagi dofamin — vaqtinchalik lazzat gormoni esa qaramlik va befarqlikni keltirib chiqara­di. Statistikaga koʻra, oilada mehr yetishmov­chiligini his qilgan bolalarning virtual olam asiriga aylanish ehtimoli toʻrt baro­bar yuqori boʻladi.

Binobarin, haqiqiy maʼnaviy genofond himoyachisi farzandiga vaqtinchalik moddiy lazzat emas, balki gadjetlar bera olmaydigan jonli mehr va yuksak insoniy fazilatlarni taqdim etadi. Zero, ota-onaning shaxsiy namu­nasi har qanday virtual jozibadan kuchliroq.

Fikr va axloq muvozanati

Xalqimizda “Ustoz otangdek ulugʻ” degan naql bejiz aytilmagan. Zero, maktab shun­chaki bilim maskani emas, balki farzand shaxsiyati ijtimoiy muhit bilan ilk bor yuzma-yuz keladigan katta hayot maydonidir. Ijtimoiy psixologiyadagi empatik muhit nazariyasiga koʻra, oila va maktab oʻrtasidagi uzviylik bolada nafaqat akademik koʻnikma­larni, balki kognitiv moslashuvchanlikni — oʻzgaruvchan vaziyatlarda mustaqil qaror qabul qilish salohiyatini shakllantiradi.

Tadqiqotlar maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi mavjud muhitda ulgʻayayotgan yoshlarning mafkuraviy tahdidlarni saralash va ularga nisbatan shaxsiy immunitetni namoyon etish koʻrsatkichi 40 foiz yuqori boʻlishini tasdiqlaydi.

Bugungi yuksak texnologiyalar asri yosh­lardan nafaqat intellektual salohiyat, balki mustahkam maʼnaviy poydevorni ham talab etmoqda. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, tarbiya uch asos — badan, fikr va axloq muvozana­tiga tayanishi lozim. Bu tamoyil zamonaviy pedagogikaning “shaxsga yoʻnaltirilgan taʼ­lim” konsepsiyasi bilan toʻliq hamohang­dir. Zero, odob bilan bezatilmagan intel­lekt, ruhiy tarbiyadan mahrum quruq bilim insonning oʻzligini anglashiga xizmat qi­lolmaydi. Aslida, haqiqiy maʼrifat shun­chaki formulalar toʻplami emas, balki qalb­ning ezgulik nuri bilan yoʻgʻrilishidir.

Maktab dargohidagi tarbiya jarayoni ota- ona va pedagogning maqsadlari mushtarak boʻlgandagina kutilgan samarani beradi. Shu maʼnoda, “kelajak soati”ning tashkil etilishi ota-onalarga farzandining iq­tidori va qiziqishini bevosita kuzatish imkonini bermoqda. Bunday ochiq muloqot­lar ota-ona masʼuliyatini oshirish baroba­rida oiladagi tarbiyaviy muhitni taʼlim jarayoni bilan jipslashtiradi. Natijada bolaning ichki dunyosini yot taʼsirlardan asrovchi mustahkam maʼnaviy qalqon vujud­ga keladi hamda oʻquvchining oʻz iqtidoriga mos kasbiy yoʻnalishni tanlashiga zamin yaratadi.

Bola tarbiyasiga loqaydlik shunchaki shaxsiy xato emas, balki millat kelajagi oldidagi masʼuliyatsizlikdir. Abu Nasr Forobiy taʼkidlaganidek, “Tarbiya oqillik­ni vujudga keltiradi”. Axloqiy poydevori boʻlmagan bilim jilovlanmagan vayronkor kuch kabi xavfli. Texnokratik koʻnikmalar Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlar bilan uygʻunlashmas ekan, taʼlim oʻz hayotiy mohiyatini yoʻqotadi.

Maʼnaviy genofondni asrash va jamiyat barqarorligini taʼminlash yoʻlida tarbiya­dan tejalgan har bir soniya — boy berilgan butun bir istiqbol demakdir.

Sabohat JUMANIYOZOVA,

Respublika Maʼnaviyat va

maʼrifat markazi yetakchi mutaxassisi