Dahadan oʻtgan Toshkent yoʻli koʻchasining ikki yonida ikki, uch va toʻrt qavatli zamonaviy binolar qad rostlab, koʻcha koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi. Qorasuvga yondosh mahallalarda esa oʻnlab koʻp qavatli uylar qurildi. Darvoqe, Oʻrta Chirchiq tumanining yangi maʼmuriy markazi ham aynan Qorasuv dahasi yaqinida joylashgan. Eʼtiborli jihati, aynan mana shu hudud mebelsozlik bilan, qoʻli gul hunarmandlari bilan butun Oʻzbekistonga, Markaziy Osiyoga tanilyapti. U yerdagi Qorasuv, Tinchlik va Fayzobod mahallalari chinakam hunarmandlar, haqiqiy mebelsozlar maskaniga aylanib ulgurgan.

Esayotir yangi hayot nasimi

Bundan oʻn besh yillar burun qorasuvliklar ham yondosh mahallalarda yashovchi tumandoshlari kabi dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanardi. Aholi, jumladan, yosh yigit-qizlar ham zovur boʻylarida sigir boqib, dalada ketmon chopib, shuning ortidan tirikchilik oʻtkazardi. Mebelsozlik borasidagi imkoniyat va salohiyat ularga ham sirli, bamisoli ochilmagan qoʻriq edi.

Mana, oʻn-oʻn besh yilning nari-berisida avval bitta, keyin uchta, soʻngra toʻrtta mebel doʻkoni ochildi. Qoʻni-qoʻshnisining daromadidan havasi ortgan mirishkoru chorvador qorasuvliklar xonadonlarini yangidan tiklab, mebelsozlikka ixtisoslashtirdi. Keyin faqat olib-sotarlik, chayqovchilik bilan emas, mebelni shu yerning oʻzida ishlab chiqarib, xaridorlarga mahsulotni birinchi qoʻldan yetkazish harakatiga tushdilar.

Shu zayl birin-ketin qoʻsh qavatli doʻkon va sexlar, imoratlar qad rostladi. Kechagi dehqon va choʻponlar bugun hunarmandga, ishbilarmonga aylandi, tadbirkor boʻldi. Chorva esa roʻzgʻorning barakasi, hali ham ogʻilda bir bosh sigir, bir bosh buzoq bor, tomorqa ham endi joʻyak olingan oddiy yer emas, zamonaviy issiqxona.

Qorasuvliklarning turmushi mana shu tarzda oʻzgardi. Bu yerdan esgan yangi hayot nasimi Toshkent viloyatiga, butun Oʻzbekistonga ovoza boʻlayotir.

Albatta, bu borada Prezidentimizning 2021-yil 21-iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori muhim dasturulamal vazifasini oʻtamoqda.

Aholi turmush darajasi va yangi qurilayotgan uy-joylar sonining oshishi natijasida mebelsozlik sanoati mahsulotlariga talabni qondirish, respublika hududidagi mebel ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, xalqaro standartlarga javob beradigan hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan ushbu muhim hujjat mamlakatimizdagi minglab mebelsozlar qatori qorasuvlik tadbirkorlar uchun ham koʻngildagi gaplar boʻldi.

Hozirgi kunda Oʻrta Chirchiq tumanidagi Qorasuv, Tinchlik va Fayzobod mahallalaridagi xonadonlarda ishlab chiqarish maydonlari kichik, ularni kengaytirish imkoniyati mavjud emas. Qolaversa, elektr taʼminotida uzilishlar boʻlib turadi. Ishlab chiqarish jarayonidagi uskunalar shovqini atrofda yashovchi aholi uchun noqulayliklar tugʻdirayotgani ham haqiqat. Shuningdek, tayyor mahsulotni saqlash uchun sharoit yetarli emas, yuk mashinalari harakatlanishida ham noqulayliklar yuzaga kelmoqda. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarorida esa shu kabi qator muammolarga barham berilishi koʻzda tutilgan.

— Prezidentimiz qarori ijrosini taʼminlash uchun Oʻrta Chirchiq tumanida 25 gektar hududda klaster usulida mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasini tashkil qilish moʻljallangan, — deydi Oʻrta Chirchiq tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi Mahmud Poʻlatov. — Ushbu kichik sanoat zonasi tashkil etilgach, mebelchi tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklar yaratiladi, ular faoliyatini yanada kengaytirish uchun shart-sharoit hozirlanadi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida 2021-yil 15-iyundan boshlab 2021–2024-yillarda yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalarning xomashyo importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

Binobarin, 2024-yil 1-yanvarga qadar mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarini barcha davlatlarga, jumladan, qoʻshni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yoʻl tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 5 foizidan, temir yoʻl transportida 7 foizidan koʻp boʻlmagan miqdoridagi xarajatlar ham Eksportni ragʻbatlantirish agentligi hisobidan toʻlab beriladi.

Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun

“Jannat makon” yorligʻi ostida mebel ishlab chiqaruvchi va gilam savdosi bilan shugʻullanuvchi “Qorasuv mebel savdo” oilaviy korxonasi nafaqat Oʻrta Chirchiqda, balki poytaxt va yondosh viloyatlarda ham ogʻizga tushgan. Mahsulotlarini hatto qoraqalpoq eligacha yetkazib beradi. Bu korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar ancha xaridorgirligi va yuqori sifati bilan dong taratgan. Narxi ham hamyonbop. Umumxalq bayramlari arafasida tez-tez oʻtkazib turiladigan turli aksiya va chegirmalar paytida kelsangiz, pulingiz oʻzingiz bilan qaytadi, deyavering.

Mana, oʻn yildan oshibdiki, Rahmon Otaqulov rahbarligidagi ishbilarmon va hunarmandlar jamoasi mebelchilik bilan shugʻullanadi. 3,5 gektar maydonda ishlab chiqarish zavodi faoliyat yuritmoqda. Rossiyadan keltirilgan yogʻoch mahsulotlari sharqona naqsh va ziynat bilan chiroy ochadi, vatandoshlarimizning xonadonini bezab, koʻzlarini quvnatmoqda.

Mebelchilik qorasuvliklar turmushini farovon, roʻzgʻorini toʻkis qilayotgani rost. Yuqorida sanab oʻtganimiz – Oʻrta Chirchiq tumanidagi Qorasuv, Tinchlik va Fayzobod mahallalarida 1 ming 540 ta xonadon mavjud boʻlsa, shulardan 107 tasida kichik mebel sexlari faoliyat yuritadi. Ularning 84 tasi masʼuliyati cheklangan jamiyat, oilaviy va xususiy korxona shaklidagi tadbirkorlik subyekti boʻlsa, 23 tasi yakka tartibdagi tadbirkordir. Ushbu mitti fabrikalarda salkam mingga yaqin ishchi mehnat qiladi, har birining oylik ish haqi oʻrtacha 4–5 million soʻm. Xonadonlardagi ushbu korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi esa 4,7 milliard soʻmni tashkil etadi.

— Qorasuv mahallasi mebel va mebelsozlari bilan dovrugʻ qozondi, — deydi ushbu mahalladagi hokim yordamchisi Nuriddin Mavlonov. — Mahallada kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishda ham mebelchilik drayver soha hisoblanadi.

Hokim yordamchisi rostini aytdi. Mahallaning Temirchi koʻchasidagi har uch xonadonning birida kichik mebel fabrikasi bor. Unda mebel mahsulotlarining oʻnlab turlari tayyorlanadi.

— Ochigʻini aytsam, toʻrt yil avval ham qurilish sohasida ishlardim, qurilish firmam bor edi, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Jasur Begmatov. — Qoʻni-qoʻshnilar, yor-birodarlarning mebelchilikdan moʻmaygina daromad topayotgani mening ham havasimni keltirib, ichimni qizitdi, shu bois quruvchilikni tashladim, mebelsoz boʻldim. Qarang, mebelchining daromadi ham naqdda.

Ushbu xonadondagi mitti sexda 8 kishi mehnat qiladi. Ishlab chiqarish jarayoni qishin-yozin davom etadi. Mahsulotlar, asosan, buyurtma asosida tayyorlanadi. Sifat esa narxga, narx ham sifatga yarasha.

Shu kunlarda Oʻrta Chirchiq tumanidagi Qorasuv mahallasi va unga yondosh mahallalarda mebel ishlab chiqarishga moʻljallangan kompleks qad rostlamoqda. 7 gektar hududda barpo etilayotgan ushbu kompleksda 16 milliard soʻmlik jami 16 ta loyiha amalga oshiriladi. Ushbu mablagʻlarning 12 milliard soʻmi bank krediti hisobiga amalga oshiriladi. Pirovardida esa 1050 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Ushbu kompleks qurib bitkazilsa, mebel ishlab chiqarish boʻyicha koʻplab loyihalar amalga oshirilib, sohada band boʻlgan aholi soni ikki mingdan ortadi, xonadonlarning oʻrtacha oylik daromadi 18–20 million soʻmga yetadi. Ayniqsa, 20 dan ziyod yangi savdo doʻkoni ochilib, mebel ishlab chiqarish hajmi 3 barobar koʻpayadi.

Bugun zamon – tez, fursat ham shunga yarasha. Bunda gʻalaba qozongan esa zamon va makonni jilovlay olgan ishbilarmon boʻladi. Ne baxtki, Oʻzbekiston ana shunday ishbilarmonlar, muzaffar insonlar mamlakatiga aylanmoqda. Ular yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun odimlashdan hormaydi, charchamaydi.

Otabek ISROILOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi