“Tarmoqlarda jamoatchilikni chalgʻitishga qaratilgan xabarlar tarqalmoqda”: Bosh prokuratura hokimiyat raddiyasiga raddiya bildirdi

    Bosh prokuratura Shayxontohur tumanida hokim yordamchisi fuqarolarning 635 million soʻmini oʻzlashtirgani haqida xabar bergandi. Toshkent shahri hokimligi poytaxtda bunday tavsifga mos keladigan mansabdor shaxs yoʻqligini bildirgach, Bosh prokuratura hokimlik munosabatiga rasmiy axborot bilan chiqdi.

    Bosh prokuratura ushbu xabar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikni chalgʻitishga qaratilgan xabarlar va bayonotlar eʼlon qilinayotganini taʼkidladi.

    Maʼlum qilinishicha, M.F. 2022-yilning 7-oktyabr kunidan 2024-yilning 29-noyabr kuniga qadar Shayxontohur tumani "Kamolon Darvoza" mahalla fuqarolar yigʻinining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib, tuman hokimining 14.12.2024-yildagi tegishli qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

    M.F. aynan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan davrida muqaddam eʼlon qilingan xabardagi qilmishlarni sodir etgan.