Prezidentimiz farmoniga binoan, “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlanganim toʻgʻrisidagi xabar nafaqat mening, balki olis Soʻxdagi yoshlar, xotin-qizlar qalbiga bir olam shodlik olib kirdi. Sababi, oddiy qishloq ayolining mehnati bu qadar eʼtirof etilgani, qadrlanganining oʻzi katta gap. Avvalo, davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori tufayli tumanimizda aholi farovonligini oshirish yoʻlida qilinayotgan ishlar, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida har qancha gapirsak ham kamlik qiladi.
Obod mahallalar, zamonaviy maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari qurish, taʼmirlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, infratuzilmani yaxshilash borasidagi ulugʻvor saʼy-harakatlar tumanimiz hayot tarzida oʻziga xos oʻzgarish va yangilanishlar yasayapti. Bunyodkorlik va yangilanishlarni hududimizda yashayotgan har bir kishi oʻz turmush tarzi, hayoti misolida his qilyapti. Koʻlami keng islohotlar mening hayotimda ham oʻchmas iz qoldiryapti.
Biz yashaydigan Devayron qishlogʻi tuman markazidan 15 chaqirim olisda joylashgan. Hududimizda bitta eski maktabgacha taʼlim muassasasi boʻlgani uchun 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlimning boshlangʻich boʻgʻiniga qamrab olishda oʻziga yarasha qiyinchiliklar bor edi. Shuning uchun aksariyat bolalar uyda oʻtirardi. Fargʻona davlat universitetida ingliz tili mutaxassisligi boʻyicha oʻqib, 2018-yili qishlogʻimizdagi 17-maktabda ish boshladim.
Prezidentimizning 2020-yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleksi jtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini rivojlantirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilgani meni ruhlantirdi. Oila aʼzolarim bilan maslahatlashib, “Happy kids academy” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini ochdim. Buning uchun 30 million soʻm imtiyozli kredit oldim.
Oʻttiz bola taʼlimning boshlangʻich boʻgʻiniga jalb etildi, toʻrtta yangi ish oʻrni yaratildi. Muassasamizda ingliz, rus tillari ham oʻrgatiladi. Hozir faoliyatimizni yanada kengaytirish maqsadida qoʻshimcha bino quryapmiz. Natijada yana 50 kichkintoyni maktabgacha taʼlimga jalb etish va qoʻshimcha 8 ta ish oʻrni ochish imkoniyati paydo boʻladi. Quvonarlisi, berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalanib ishlayotgan tashabbuskor yoshlar safi kundan-kunga kengaymoqda.
Oʻtgan qisqa davrda tumanimizda 40 ta yangi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyilgani olis tumanda bolalarga chuqur taʼlim-tarbiya berish yoʻlidagi islohotlarning boʻy-bastini koʻrsatib turibdi. Men oʻz maqsadlarimni amalga oshiryapman. Bu kamtarona mehnatim Prezidentimiz tomonidan yuksak baholanib, “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanganimdan ruhlandim, kuch-quvvat oldim. Bu yangi marra, maqsadlar sari daʼvat etmoqda.