Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yoʻlidagi ustuvor vazifalar xalqimizning ertangi kunga, keng qamrovli islohotlar samarasiga ishonchini yana-da kuchaytirdi. Shu yurt, shu Vatan taqdiriga oʻzini daxldor sanagan har bir yurtdoshimizni ruhlantirib, yana-da faollikka, fidoyilik va tashabbuskorlikka undovchi oʻziga xos chorlov boʻldi.
Aytish mumkinki, Prezidentimizning mazkur Murojaatnomasi nafaqat parlamentimiz aʼzolariga, yetti mingdan ortiq mahalliy kengash deputatlariga, har uch hokimiyat vakillariga, jamoatchilik tashkilotlariga, bugun Oʻzbekistonda kechayotgan tub islohotlarga xayrixohlik bilan qarayotgan jahon hamjamiyatiga qaratildi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Oʻtgan yillardan farqli ravishda murakkab bir davrga toʻgʻri kelgan bu galgi Murojaatnomada erishilayotgan ulkan natijalar bilan birga, izchil taraqqiyot va xalq farovonligiga xalal berayotgan muammolar, ularning chuqur tahlili va aniq yechimlari taqdim etildi. Ilgari surilgan takliflar, oʻrtaga tashlangan har bir tashabbus oldimizda turgan maqsad va vazifalar haqida aniq tasavvur berish barobarida, zalvorli masʼuliyat ham yuklaydi.
Murojaatnomada mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin va mustahkam hamkorlik oʻrnatish masalasiga yana bir bor urgʻu berildi. Oldimizda turgan maqsadlarga erishishimizning tub negizida jamoatchilik nazorati turishini, bundan keyin ham nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash davom etishi, sohaga yangicha yondashuv va munosabat zarurati masalasi ilgari surildi va qizgʻin kutib olindi.
Darhaqiqat, jamiyat hayotidagi eng dolzarb, aholini, uning muayyan qatlamlarini oʻylantirayotgan, tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda davlat hokimiyati organlarining samarali faoliyat yuritishi, mamlakatning jadal taraqqiy etishida jamoatchilik nazoratining oʻrni beqiyos. Jamoatchilik nazoratining asosiy va salohiyatli subyektlaridan biri nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari hisoblanadi. Mazkur institutlar aholini yillar davomida qiynab kelayotgan tizimli muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflarni davlat hokimiyati organlari va mutasaddi tashkilotlarga yetkazish uchun qulay axborot maydoni boʻlib xizmat qilishini nazardan chetlatmaslik kerak.
Bugungi kunda rivojlangan demokratik mamlakatlarda nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining mavjudligi reallikka aylangan. Ular ijtimoiy yukni teng taqsimlab, davlat hayotining ortiqcha zoʻriqishlarsiz davom etishiga samarali xizmat qilmoqda.
Yaqin tarixdan maʼlumki, faqat davlat institutlarining harakati xalq hokimiyatchiligi tamoyilini amalga oshirish bilan bogʻliq barcha darajadagi muammolarni hal qila olmadi. Xalq hokimiyatining boshlangʻich asosi va manbai sifatida jamoat tashkilotlarining huquqlari cheklab qoʻyilgani, nodavlat notijorat tashkilotlar ehtiyojlari tizimli tahlil kilinmagani, davlatning fuqarolik jamiyati bilan samarali va konstruktiv muloqoti yoʻlga qoʻyilmagani, davlat va jamiyatni yana-da rivojlantirishning muhim masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashish uchun samarali maydonlar yaratilmagani bugun hech kimga sir emas.
Soʻnggi yillarda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarinining roli va ahamiyatini, faoliyati samaradorligini oshirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratildi.
Xususan, “Fuqaro — jamoat tashkilotlari — davlat” birligini mustahkamlash orqali xalqning hokimiyatdan, hokimiyatning xalqdan uzoqlashishining oldini olish, Konstitutsiyamizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi prinsipining amaliy isboti sifatida davlatimiz rahbarining 2018-yil 4-mayda qabul qilingan “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini tashkil etish, islohotlar jarayonida faol ishtirok etishiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishiga asos boʻldi. Sohada sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi.
Xoʻsh, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy muammolarni hal etishda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik aloqalari qay darajada? Bugun ularning faoliyatini talab darajasida deb ayta olamizmi? Eng muhimi, ularning islohotlar jarayonida faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash masalasi qay holatda?
Taʼkidlash joizki, ayni vaqtda mamlakatimizda oʻn mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilot mavjud boʻlsa-da, ularning aksariyati jamiyat hayotida oʻz oʻrniga ega emas.
Murojaatnomada Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Eʼtiborli jihati, Murojaatnomada ilgari surilgan har bir taklif moliyaviy jihatdan taʼminlangan. Xususan, endi mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari boʻyicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlar keng jalb etiladi. Bunday hamkorlik, eng avvalo, taʼlim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xoʻjalik, bandlik, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish kabi muammoli sohalarda keng joriy etiladi. Eng muhimi, bu ishlarni tashkil etish uchun kelgusi yilda byudjetdan 60 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Bu, taʼbir joiz boʻlsa, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan uzoq kutilgan voqelik boʻldi.
Har qanday faoliyat, xususan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish ham moliyaviy qoʻllab-quvvatlovni talab etadi. Shunda uning samaradorligi yana-da oshadi. Misol uchun, federatsiya tomonidan muntazam ravishda kommunal, sogʻliqni saqlash, transport, ichki bozorda sotilayotgan isteʼmol tovarlarining zarur sifati va xavfsizligini boʻyicha doimiy monitoring va jamoat nazorati amalga oshirib kelinmoqda va belgilangan tartibda vakolatli davlat organlariga kiritib borilmoqda. Oʻrganilgan muammolar va ularning samarali yechimlari boʻyicha takliflar kiritib kelinayapti.
Albatta, mazkur monitoring va jamoat nazorati chora-tadbirlari toʻligʻicha federatsiyaning oʻz hisobidan amalga oshiriladi. Ularni toʻlaqonli bajarishda moliyaviy imkoniyatlarimizning yetarli darajada emasligi oʻzining salbiy taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi.
Endi mavjud muammolarni aniqlash va chuqur tahlil qilish, yechimlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashga ijtimoiy buyurtma asosida jalb etish tizimining yoʻlga qoʻyilishi va moliyalashtirilishi faoliyatimiz samaradorligiga juda katta ijobiy taʼsir oʻtkazadi.
Murojaatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlashga doir takliflar shundangina iborat emas. Unda Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutini joriy etish taklif qilindi.
Ushbu vakilga quyi palata yigʻilishlarida ishtirok etish, qabul qilinayotgan qonunlarga taʼsirchan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik masalalarini kiritish boʻyicha takliflar berish vakolati beriladi.
Shu oʻrinda yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini taʼminlashgacha boʻlgan oʻzaro hamkorlik uchun platformaga zarurat nihoyatda katta ekanini ham aytib oʻtishimiz lozim.
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ijro hokimiyati uchun jamoat tashkilotlari jiddiy va teng huquqli, shu bilan birga hurmatga loyiq hamkor sifatida namoyon boʻladi. Natijada davlat va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qonun hujjatlarining toʻliq va mukammal bajarilishi mexanizmi takomillashib, jamoatchilikni yangi tashabbuslar va takliflarga undaydi.
Bularning barchasi oxir-oqibat mamlakat farovonligi, xalqning roziligi, demokratik islohotlarning ortga qaytmas va muqarrarligi tamoyilini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jahongir SARIMSOQOV,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi raisi