DW maʼlumotlariga koʻra, xususan, uchta variant koʻrib chiqilmoqda. Ulardan birinchisi, tadbir Rotterdamdagi Ahoy Arena konsert zalida ijtimoiy masofa va boshqa gigiyena choralariga rioya etgan, shu jumladan COVID-19 uchun muntazam sinov oʻtkazishni yoʻlga qoʻygan holda oʻtkaziladi. Agar cheklov choralari tufayli ishtirokchilardan biri kela olmasa, ijroning videoyozuvi namoyish etiladi.

Ikkinchi ssenariy boʻyicha ham musobaqa Ahoy Arenada boʻlib oʻtadi, lekin ishtirokchilar cheklovlar tufayli kelmaydi, ularning ijrosi onlayn translyatsiya qilinadi. Shu bilan birga, tanlovning baʼzi qismlari, masalan, shou-dastur sahnada “jonli” tarzda oʻtkaziladi. Uchinchi ssenariy tanlovni toʻliq onlayn tarzda oʻtkazishni taklif qiladi.

Tashkilotchilar tadbirning oʻtkazilishi toʻgʻrisida yakuniy qaror yaqin haftalarda qabul qilinishini bildirmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli “Yevrovideniya-2020” bekor qilingandi.