Oʻtgan bir necha yil davomida bu borada tizimli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, “2020–2023-yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish Konsepsiyasi” tasdiqlandi.

Ushbu Konsepsiya doirasida bojxona organlarining fiskal funksiyalarini amalga oshirishni takomillashtirish, TIFni tarif va notarif jihatdan tartibga solishni soddalashtirish yuzasidan jismoniy shaxslarning olib kirish normasidan ortiqcha tovarlari toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar asosida bojxona toʻlovlarini hisoblash (shu jumladan toʻlash) boʻyicha interaktiv xizmat turini joriy etish va bojxona toʻlovlarini toʻlash mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan, pul mablagʻlarini toʻlashning zamonaviy elektron texnologiyalarini rivojlantirish kabi tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

Olib borilgan islohotlar natijasida interaktiv xizmatlar soni 2017-yilda 9 taga, 2020-yilda 30 tagacha yetkazilib, 2021-yilda esa qoʻshimcha 6 taga koʻpaytiriladi. Ushbu xizmatlarni joriy qilinishi orqali bojxonaga kelib tushayotgan murojaatlar sonini keskin qisqartirishga erishilmoqda.

Bojxona organlarida 2017-yilga qadar 23 ta elektron axborot tizimlari yaratilgan boʻlsa, 2020-yilga kelib ularning soni 63 taga yetkazildi, 2021-yil yakuniga qadar 14 ta yangi dasturlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Xavflarni boshqarish” axborot tizimi takomillashtirilib, avtomobil chegara bojxona postlarida amaliyotga joriy etildi.

Yangi dastur orqali “yashil” yoʻlakda – 2,5%, “sariq” yoʻlakda – 91% va “qizil” yoʻlakda – 6,5% tovarlar rasmiylashtirildi.

Aniqlangan xavflar asosida 192 ta holatda 6 mlrd. soʻmdan ziyod tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib oʻtilishi aniqlandi.

Ilgari mamlakatimizga kirib kelgan har bir tovar bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan boʻlsa, hozir atigi 25-26% oʻtkazilmoqda. Shuningdek, 2018-yilda 25 000 holatda bojxona ekspertizasi oʻtkazilgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 3 100 tani tashkil etdi.

Ruxsatnoma hujjatlarini olish uchun tadbirkorlik subyekti ilgari idorama-idora yurgan boʻlsa, hozirda ushbu jarayonlar onlayn “Yagona darcha” axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Toʻgʻri arizalarni topshiriq va raqamli koʻrinishda ruxsatnomalarni rasmiylashtirishga erishilgan boʻlsada, ularning berilishi vaqtiga katta taʼsir oʻtkazmadi. Ammo, yuqorida qayd etilganidek ushbu jarayonlarni toʻliq monitoring qilish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, 2020-yil 5-iyuldagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6005-son Farmonga muvofiq Davlat bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi tarkibida maxsus tarkibiy tuzilma sifatida Situatsion markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shuning bilan birga bojxona organlarida 2021-yilning 5 oyida 4 732 ta holatda 326,3 mlrd. soʻmlik bojxona qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, 2020-yilning shu davriga nisbatan 594 taga, ushlangan tovar moddiy boyliklari qiymati boʻyicha 212,7 mlrd. soʻmga yoki 2,8 barobarga ortdi.

Bundan tashqari, tizimda oʻrnatilgan yangi modullar yordamida Davlat byudjetiga 229,4 mlrd. soʻmdan ziyod qoʻshimcha toʻlovlar undirildi.

Zero, sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga, yurtimiz investitsion salohiyatini oshirishga, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga, bojxona organlari faoliyatining shaffofligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

A.Abidov,

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimi