Аyni kunlarda АI-80 markali benzin narxining oshganligi aholi orasida tanqidiy muhokamalarga sabab boʼlayotganligi va bunga qarshi huquqiy taʼsir choralari yetarliligi keng muhokamalarga sabab boʼlmoqda.
Tez kunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning narxlarini nazorat qilish va barqarorligini taʼminlash boʻyicha qarori qabul qilinishi kutilmoqda.
Mazkur qaror loyihasiga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi:
- 45 turdagi yuqori likvidlik va monopol mahsulotlar (benzin, koʻmir, metall, sement va hokazo);
- 10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmol mahsulotlari (un, goʻsht, non, shakar, oʻsimlik yogʻi va hokazo) narxlarining asossiz oshirilmasligini nazorat qiladi.
Mazkur vazifani bajarish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi:
- ushbu mahsulotlar narxlarining oʻzgarish dinamikasini monitoring qiladi, ularning tebranishiga taʼsir etgan omillar va ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi;
- narxlarning asossiz oʻsishi, kelishib qilinadigan harakatlar va til biriktirishlar holatlarini aniqlash uchun belgilangan tartibda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar xoʻjalik yurituvchi subyektlarning binolariga bevosita kiradi hamda ombordagi mavjud zaxiralarini xatlovdan oʻtkazadi;
- xatlovda aniqlangan mahsulotlarning ortiqcha hajmini savdoga chiqarish, asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma va koʻrsatmalar kiritadi;
- taqdimnoma va koʻrsatmalar oʻz vaqtida bajarilmagan taqdirda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini koʻradi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.