Bu haqda Samarqand viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmati xabar berdi.

2026-yil 16-yanvar kuni soat 21:30dan boshlab Samarqand viloyati Urgut tumani hududidan oʻtuvchi M-39 “Almata–Bishkek–Toshkent–Shahrisabz” avtomobil yoʻlining “Taxtiqoracha” dovonida qor yogʻingarchiligi kuzatilgan hamda havo haroratining keskin pasayishi roʻy bergan.

Natijada yoʻl qoplamasining yuza qismi muzlagani inobatga olinib, dovon hududida transport vositalari ishtirokida yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida dovonning “Urgut–Kitob” yoʻnalishi boʻyicha transport vositalari harakati vaqtincha cheklandi.

Haydovchilardan mazkur yoʻnalishda harakatlanishda belgilangan cheklovlarga amal qilish, muqobil yoʻllardan foydalanish hamda yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etish soʻraladi.