TDYUUning xorijdagi ilk fakulteti ochildi

    Ta'lim 28 Oktabr 2020 7410

    Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti oʻrtasida qoʻshma fakultetni tashkil etish boʻyicha shartnoma imzolandi.

    Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda ikki oliy taʼlim muassasasi rahbariyati, masʼul xodimlari va professor-oʻqituvchilar ishtirok etdi.

    ZOOM platformasi orqali boʻlib oʻtgan tadbirda oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilanganidek, Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi «xab»ga aylantirish, mamlakatimizga xorijiy talabalar va investitsiyalarni jalb etish, TDYUUning xalqaro reytinglarga kirishini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan mazkur fakultet universitetning xorijdagi ilk fakulteti ekani qayd etildi.

    Qoʻshma fakultetda nafaqat Tojikiston Respublikasi, balki boshqa xorijiy mamlakatlarning fuqarolari ham oʻqishi mumkin. Oʻqish xalqaro standartlarga muvofiq ingliz va rus tillarida olib boriladi.

    Fakultetda kadrlar tayyorlash “bakalavriat” bosqichida “3+1” va “magistratura” mutaxassisliklarida “1+1” ikki tomonlama diplom dastur doirasida amalga oshiriladi va bitiruvchi talabalar Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti diplomlarini qoʻlga kiritadi.

    Yakunda ikki universitet oʻrtasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida turli loyihalarni oʻtkazishga kelishib olindi.

    Maʼlumot uchun, Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti Xoʻjand shahrida joylashgan boʻlib, 6 ta fakultet, 3 ta oʻquv korpusi va 11 ta oʻquv laboratoriyalarini oʻz ichiga oladi. Universitetda 388 nafar professor-oʻqituvchi, jumladan, 148 nafar fan nomzodi va doktori faoliyat yuritadi.

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Jamoatchilik va OAV bilan ishlash boʻlimi