Qarshi tumanida yashovchi 21 yoshli (ayol) A.Q. ariza bilan murojaat qilib, “Telegram” messenjerida “Farrux-96” nomli profil egasi, A.Q.ning turli foto-suratlari va behayo tasvirlari boʻlgan videolarini internet ijtimoiy tarmogʻi orqali tarqatib yuborish bilan qoʻrqitib, pul talab qilayotganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati, Gʻuzor tumanida yashovchi 22 yoshli (ayol) G.B. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan G.B., A.Q. bilan “Telegram” messenjerida “Farrux-96” profili orqali oʻzini Farrux deb tanishtirib, A.Q.ni yaxshi koʻrib qolganligini, kelgusida unga uylanish maqsadi borligini aytib, uning ishonchiga kirib olgan.
Soʻng uning turli fotosuratlari va behayo videotasvirlarini qoʻlga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qoʻrqitgan va tarqatmaslik evaziga G.B. oʻzining bank kartalariga jami 14.300.000 soʻm miqdoridagi pullarni tovlamachilik yoʻli bilan oʻtkazdirib, oʻzining ehtiyojlari yoʻlida ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, G.B.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.