Unda 2021-yil 24-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻladigan saylov munosabati bilan Oʻzbekiston fuqarolarining elektoral xulq-atvori xususiyatlari oʻrganildi hamda aholining boʻlajak saylovda ishtirok etishga tayyorligi darajasi va siyosiy moyilliklari aniqlandi.
Tadqiqotda mamlakatning barcha mintaqalarida yashovchi fuqarolar, shahar va qishloqlar aholisi, erkaklar va ayollar, turli millat va ijtimoiy qatlamlar vakillari, iqtisodiyotning davlat va xususiy sektorida band boʻlganlar, yoshlar, oʻrta va katta yoshdagilar ishtirok etdi.
Telefon soʻrovlari natijalarining monitoringi shuni koʻrsatdiki, oldinda turgan Prezident saylovi fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga integratsiyalashuvi darajasini oshirishga xizmat qiladi. “Siz mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotini kuzatib borasizmi” degan savolga aksariyat fuqarolar ijobiy javob berdilar, shulardan 47,9% respondentlar mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan doimiy ravishda, 40,2% soʻralganlar esa vaqti-vaqti bilan qiziqadi.
Telefon soʻrovi 2021-yil – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yili hisoblanishidan mamlakat aholisining barqaror yuqori xabardorlik darajasini aniqladi. Tadqiqotni oʻtkazish vaqtida 91,8% oʻzbekistonliklar joriy 2021-yilda Prezident saylovlari boʻlib oʻtishidan xabardor edi. Monitoring davlatimiz hayotida juda muhim boʻlgan ushbu ijtimoiy-siyosiy voqea haqida elektoratning xabardorlik darajasi saylov kuni yaqinlashgani sayin mamlakatning barcha mintaqalarida yashovchi fuqarolarning hamma toifalari, erkaklar va ayollar, yoshlar va katta yosh vakillari oʻrtasida tobora ortib borayotganligini aniqladi.
Telefon soʻrovi davomida aniqlanishicha, 71,2% respondentlar uchun saylovoldi kampaniyasining borishi va boʻlajak saylovda ovoz berishga tayyorgarlik haqidagi axborotning eng ommabop manbasi Oʻzbekiston davlat televideniyesi hisoblanadi. Fuqarolar saylovoldi kampaniyasi haqidagi maʼlumotlarni asosan teledasturlar orqali olishlarini taʼkidladilar. Olingan maʼlumotlarga koʻra, ushbu reytingda Internet ikkinchi oʻrinda turadi, 46,5% soʻrov ishtirokchilari mamlakat Prezidentligiga boʻlajak saylov yangiliklari bilan Internet orqali tanishadilar. 32,8% respondentlar uchun saylovoldi kampaniyasining borishi haqidagi asosiy axborot manbasi mamlakat nodavlat televideniyesi kanallari hisoblanadi.
Telefon soʻrovi natijalari tahlili shundan dalolat beradiki, jamoatchilik fikrida saylovoldi jarayonining bevosita ishtirokchilari oʻrtasidagi ochiq telemunozaralar Prezidentlikka nomzodlarning siyosiy dasturlari haqida maʼlumot olishning eng jozibali shakli hisoblanadi. Ushbu fikrga telefon soʻrovining 46,5% ishtirokchilari qoʻshilishdi. 21,7% respondentlar Prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari ishtirokidagi tok-shoularga qiziqish bildirmoqdalar. Soʻrov ishtirokchilari ularga mustaqil ekspertlar, olimlar, tahlilchilarning boʻlajak siyosiy voqea hamda Prezidentlikka nomzodlar va ularning siyosiy ustuvorliklari haqidagi fikrlari, shuningdek, nomzodlarning saylovchilar bilan bevosita uchrashuvlari qiziqarli ekanligini taʼkidladilar.
Oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, jamoatchilik fikrida mamlakat Prezidentligiga boʻlajak saylovning muhimligini va fuqarolarning ovoz berishda shaxsan ishtirok etishi zarurligini anglab yetish ustuvorlik qilmoqda. Koʻpchilik oʻzbekistonliklar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi orqali berilgan ovoz berish huquqidan foydalanish va davlatni boshqarish jarayonida ishtirok etish, shuningdek, hokimiyatga bevosita taʼsir koʻrsatish imkoniyatining amalga oshirilishini oʻzlari uchun muhim, deb hisoblaydilar. Soʻrov ishtirokchilari uchun navbatdagi prezidentlik muddati davomida mamlakatni boshqarishni kimga ishonib topshirishni xohlashlarini shaxsan hal qilish ustuvor hisoblanadi. 87,4% respondentlar shunday hisoblaydilar. Telefon soʻrovlari monitoringi shuni koʻrsatdiki, ushbu koʻrsatkich tadqiqotlarning barcha davrlarida barqaror yuqoriligicha qolmoqda.
Telefon soʻrovi natijalarining koʻrsatishicha, mamlakat fuqarolari siyosiy partiyalar boʻlajak prezidentlik saylovlariga oʻz nomzodlari timsolida ilgari surayotgan siyosiy dasturlar, maqsad va vazifalar haqida tasavvurga egalar. Ayni vaqtda, soʻrov ishtirokchilari tadqiqot davomida nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan toʻliq tanishishga hali ulgurmaganliklari, ularning dasturiy maqsad va vazifalari haqida faqat umumiy tasavvurga ega ekanligini taʼkidladilar.
Telefon soʻrovi aholining yuqori elektoral faolligini aniqladi, saylash huquqiga ega boʻlgan koʻpchilik oʻzbekistonliklar, oʻzlarining shaxsan taʼkidlashlaricha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlajak saylovda albatta ishtirok etadilar. Oʻzbekistonliklar uchun ovoz berish mamlakat, jamiyat, har bir fuqaro hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi, ular mazkur voqeani mamlakatda demokratik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tinchlik va barqarorlikni saqlash, jamiyat hayotining barcha sohalarini modernizatsiyalash va liberallashtirish, Oʻzbekiston xalqlarining farovonligini oshirish jarayonlari bilan bogʻlaydilar.