Yigʻilishda Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbariyati, “Oliver Wyman” kompaniyasining Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Djeffri Uitni, “Qozogʻiston temir yoʻli” AJ 2016-2018-yillarda prezident-raisi boʻlib faoliyat yuritgan Kanat Alpisboyev, shuningdek, “Oliver Wyman” ekspertlari Adriyen Beyli va Joris Dinka, temir yoʻl transporti boʻyicha faxriy hamkorlari Rod Keys va Xyu Rendall ishtirok etdi.
“Oliver Wyman” kompaniyasi SNCF (Fransiya), Swiss Federal Railways (Shveysariya), Canadian National Railway Company (Kanada) kabi yetakchi temir yoʻl kompaniyalarining transformatsiya jarayonida qatnashgan.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi PQ-329-son qarorida temir yoʻl transportini kompleks transformatsiya qilish nazarda tutilgan boʻlib, unda aktivlarni tarkibiy oʻzgartirish, raqobatni shakllantirish va xususiy sektorni jalb etish, sohani raqamlashtirish, shuningdek, sanoat korxonalarining moliyaviy holatini mustahkamlash kabi masalalar belgilangan.
Uchrashuvda Davlatimiz rahbarining ushbu qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, kompaniya vakillari respublika temir yoʻl tarmogʻini takomillashtirish chora-tadbirlari haqida atroflicha soʻz yuritdi.
Yigʻilishda operatsion modelni qayta koʻrib chiqish, aktivlarni qayta qurish, uzoq muddatli biznes-rejani tayyorlash va loyiha boshqaruvi idorasini yaratish kabi vazifalar belgilab olindi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun kompaniya 3-4-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilishni taklif qildi.
Xuddi shu tarzdagi Germaniyaning “DB Engineering & Consulting” kompaniyasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda “DB Engineering & Consulting” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Innokentiy Belyakov-Zagumennov kompaniya salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar berib, “DB Engineering & Consulting” kompaniyasining Misr, Kanada va Hindistonda yirik temir yoʻl transporti loyihalarini amalga oshirishda xalqaro tajribalarni amalda qoʻllash haqida takliflar berdi.
Xususan, kompaniya Misrda uzunligi 2 ming kilometr boʻlgan dunyodagi oltinchi yirik tezyurar tarmoq boʻlgan eng yirik temir yoʻl loyihasini boshqaradi. Birinchi liniya 2025-yilda ishga tushirilishi kutilyapti.
Kanadada kompaniyasi Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasining temir yoʻl infratuzilmasini boshqaradi, u bilan 25-yillik shartnoma tuzilgan.
Uchrashuv davomida Hindiston hukumati bilan temir yoʻllardan foydalanish va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha 12-yillik shartnoma imzolandi va maxsus operatsion kompaniya tashkil etildi.
Bundan tashqari, “DB Engineering & Consulting” kompaniyasi konsalting bilan bir qatorda Oʻzbekistonda temir yoʻl loyihalarini amalga oshirish va boshqarishga ham tayyor ekanligi haqida soʻz yuritdi.
Shu munosabat bilan “DB Engineering & Consulting” kompaniyasi vakillari maqsadli tashkiliy modelni yaratish, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati ish jarayonlarini takomillashtirish, xususiy investitsiya jalb etgan holda temir yoʻl vokzallarini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda ishtirok etishni taklif qildi.
Shu bilan birga, kompaniya “Toshkent-Samarqand” yoʻnalishida alohida ajratilgan liniya orqali yuqori tezlikda harakatlanish qurilishida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yoʻnalishdagi muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.