U bir hukmdorning shaxsiy tajribasidan iborat boʻlmay, unda davlat qanday qurilishi, jamiyat qanday yuksalishi va taraqqiyot qanday taʼminlanishi haqidagi mukammal tafakkur mujassam.

Asarni faqat bir hukmdorning koʻrsatmasi, bir davrning yodnomasi yoki saroy odobi haqidagi matn sifatida oʻqish uning haqiqiy qudratini kamaytirish boʻladi. Aslida, bu asar davlat qanday qurilishi, jamiyat qanday uygʻunlashishi, ilm qanday qadr topishi va adolat qanday amalga aylanishi haqidagi siyosiy tafakkurning pishiq bayonidir. Amir Temurning buyukligi jangda emas, tizimda, ilmni resursga aylantirganida, qonunni ustun qoʻyganida va madaniyatni davlat siyosati darajasiga koʻtarganida namoyon boʻladi.

Amir Temurni faqat sarkarda sifatida qabul qilish tarix oldida ­adolatsizlik boʻladi. U, avvalo, davlat tafakkurini tartibga solgan siyosatchi edi. Uning qudrati hudud kengligi, hukm aniqligi, qoʻshin sonida boʻlmay, qaror mantigʻida, harbiy kuchda emas, tartibda edi. Shuning uchun Temur tuzuklarini oʻqir ekanmiz, koʻz oldimizda davlatni qon tomirlarigacha tushungan mafkuraviy rahbar gavdalanadi. Asarning mazmunida davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, adolat va inson qadri bir-biridan uzilmay, aksincha, yagona sivilizatsion zanjirning halqalari sifatida ifodalangani bejiz emas.

Haqiqat shuki, Temur davlati faqat harbiy gʻalabalar hisobidan barpo etilmagan. U davlatni saqlash uchun ichki meʼyor, kadrlar siyosati, xulq-atvor qoidasi va amaliy javobgarlikni joriy etgan. Bu yerdagi eng muhim burilish shundaki, davlat shaxsiy xohishlar maydonidan chiqarilib, umumiy qoidalar tizimiga aylantirilgan. Yaʼni hokimiyat bir odamning kayfiyatiga emas, qatʼiy tuzukka bogʻlangan. Shuning oʻziyoq Temur siyosatini oʻrta asrlarning oddiy fathchilik tafakkuridan yuqoriga koʻtaradi. Harbiy yurishlar ortida maʼnaviy va huquqiy tafakkur turgani uchun ham temuriylar davri keyinchalik ilm-fan va madaniyat yuksalishining poydevoriga aylandi.

“Temur tuzuklari”ning eng kuchli jihatlaridan biri ilmga munosabatida. Bu asarda olim, fozil, muhaddis, tarixchi, tabib, munajjim va muhandislar davlatning, balki ichki tayanchi sifatida namoyon boʻladi. Temur ilm ahlini toʻplagan, ular bilan maslahatlashgan, ularni hurmat qilgan, davlat ishiga aralashtirgan. Bu yerdagi farq juda muhim: “olimlarni hurmat qilgan” degan iboraning oʻzi yetarli emas. Chunki hurmat xulq, integratsiya esa davlat siyosati masalasi. Temur ilmni ortiqcha ziynat emas, boshqaruvning zarur qismi deb bilgan. Mana shu sababdan bilimli inson uning saltanatida fikr ishlab chiqaruvchi kuchga aylangan.

Shu nuqtada haqiqiy tarixiy toʻxtamga kelish mumkin: Temur ilm-fanni davlat xavfsizligining bir qismiga aylantirgan. Chunki bilimsiz qaror — xato qaror, xato qaror — zaif davlat, zaif davlat — tez parchalanadigan saltanat. Temur bu zanjirni yaxshi anglagan. Shu bois, u faqat qoʻshinni emas, aqlni ham uyushtira olgan. Ilm uning nazariyasida maqsad emas, vosita edi. Vosita esa davlatni mustahkamlash, barqaror qilish va kelajakka yoʻl ochish uchun xizmat qilardi. Bu jihat bilan Temurning davlatchilik madaniyati zamonaviy “bilimga asos­langan boshqaruv” tushunchasiga gʻoyat yaqin turadi.

Samarqand ana shu siyosiy-ilmiy qarashning eng yorqin mevasidir. Mazkur shahar temuriylar davrida faqat poytaxt boʻlib qolmadi. U aql va madaniyat markaziga, ilm va meʼmorlikning qoʻshilgan nuqtasiga aylandi. Bu yerda temuriylar Renessansi tasodifiy ravishda paydo boʻlgan madaniy koʻtarilish emasdi, davlat siyosati, tarbiya, sarmoya va intellektual muhitning tabiiy natijasi edi. Avval davlat tartibga keladi, keyin ilm nafas oladi, avval markaz mustahkamlanadi, keyin rasadxona barpo etiladi, avval qonun ustuvor boʻladi, keyin madaniyat gullaydi.

Shu tariqa “Ikkinchi Renessans” tushunchasi alohida mazmun kasb etadi. Bu atama boʻsh shior boʻlmasligi kerak. U temuriylar davrida davlat, ilm va madaniyatning bir-birini quvvatlagan tizimini ifodalaydi. Davlat kuchli boʻlgani uchun ilmga sharoit tugʻildi. Ilm kuchaygani uchun madaniyat yuksaldi. Madaniyat yuksalgani uchun jamiyat oʻzini anglash darajasiga koʻtarildi. Shunday qilib, Temur davridagi tartib keyinchalik Ulugʻbek davridagi ilm-fan taraqqiyotiga, soʻng esa butun bir maʼnaviy uygʻonishga asos boʻldi. Shu maʼnoda, Temurni Ikkinchi Renessansning asoschisi deyish chiroyli ibora boʻlmay, bilʼaks, tarixiy mantiqdir.

Temur davlat boshqaruvida adolatni ham markazga qoʻygan. Bu yerda adolat davlatning qonuniy yashash shartidir. ­“Adolat davlat asosi” gʻoyasi bir necha qirrada ochiladi: zolimga jazo, mazlumga himoya, ­hokimga ­nazorat, qonunga suyangan boshqaruv. Bu qarash Temurni faqat kuchli emas, balki hisobdor hokim sifatida koʻrsatadi. Agar hukmdor oʻzini qonundan yuqori qoʻysa, davlat qoʻrquvga quriladi, agar qonun hukmdordan yuqori tursa, davlat ishonchga quriladi. ­Temur tuzuklarining mohiyati mana shu burilishda. U kuchni hurmat qilgan, lekin kuchni chegarasiz qoldirmagan. Qonunni ustun qoʻygani uchun ham uning davlatida tartib va intizom davlatchilikning ichki qonuniga aylangan.

Bir haqiqat borki, har qanday davlatning kelajagi uning maktab va mad­rasaga, ustoz va shogirdga, savod va tafakkurga qanday qarashi bilan belgilanadi. Temuriylar davrida bu masala xuddi ­bugungidek davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Shaharlar va qishloqlarda masjid, madrasa va xonaqohlar barpo etilgani, mudarris­lar va shayxlarning maoshi belgilangani, sayidlar va ulamo izzatlangani, diniy hamda dunyoviy ilmlar birga oʻqitilgani tasodif emas. Kishi oʻqimas ekan, davlat ham baquvvat boʻlmaydi. Shu sababli temuriylar zamonida bilimli inson hurmat topdi, bu hurmat esa jamiyatda aqlning mavqeini yuksaltirdi.

Qurilishlar, madrasalar, kutubxonalar, rasadxona va meʼmoriy yodgorliklar haqida gapirganda, biz faqat tosh va gʻishtni tasvirlamayapmiz. Biz davlatning dunyo­qarashini koʻryapmiz. Chunki har bir madrasa kelajakka qoʻyilgan sarmoya, har bir rasadxona olamni anglashga qaratilgan qadam, har bir kutubxona xotirani saqlash va bilimni koʻpaytirish vositasi. Temurning Samarqandda ilm ahli uchun sharoit yaratishi, ularni davlat gʻaznasidan qoʻllab-quvvatlashi, boshqa hududlardan olimlarni jalb qilishi uning sarflagan mab­lagʻi emas, topgan kelajagi boʻlgan.

Shu jihatlar birlashganda, Temur tuzuk­laridan bitta katta xulosa chiqadi: davlat kuch bilan emas, aql bilan, tartib bilan, qonun va bilim bilan yashaydi. Amir Temur shuni anglagani uchun tarixda faqatgina zabt etuvchi emas, davlatchilik meʼmori sifatida ham qoldi. Uning merosi harbiy xayqiriqdan koʻra koʻproq madrasa qoʻngʻirogʻida, rasadxona sukutida, kutubxona saxovatida va adolat ruhida namoyon boʻladi. Bugun yangi Oʻzbekiston uchun ana shu merosning eng qimmat jihati bor: taraqqiyotning haqiqiy yoʻli ilmga suyangan davlat, qonunga suyangan boshqaruv va adolatga suyangan jamiyat­dir. Temur tuzuklari aynan shu haqiqatni asrlar orqali bizga qayta eslatib turibdi.

Tarixda buyuklikni belgilaydigan bir mezon bor: hukmdor oʻz davrini emas, kelajakni qanday shakllantirgani. Amir Temur ana shu mezonga javob bera olgan kam sonli shaxslardan. U qurgan davlat bir necha asrga taʼsir qilgani bilan qimmatli. Bu taʼsirning markazida esa harbiy qudrat emas, balki ilm, taʼlim va madaniyatga tayangan davlat siyosati turadi. Temuriylar ­davridagi ­yuksalishning ildizi tartibga solingan davlat, bilimga tayangan boshqaruv va ­qadriyatlarga asoslangan jamiyatdir.

Bu yerda bir muhim savol bor: nega koʻp­lab kuchli saltanatlar tarixda izsiz yoʻqolgan, Temuriylar esa madaniy va ilmiy meros qoldirgan? Javob yana oʻsha bir nuqtaga borib taqaladi: taʼlim va ilmga munosabat. Temuriylar davrida bilim shaxsiy fazilatdan koʻra, ijtimoiy zaruratga aylangan. Davlat oʻzini saqlab qolish uchun, avvalo, fikrlaydigan insonlarni tayyorlashi kerakligini anglagan. Shuning uchun ham maktab va madrasalarni koʻpaytirish, mudarrislarga maosh tayinlash, olimlarni himoya qilish kabi choralar uzoqni koʻzlagan siyosiy qarorlar edi.

Temuriylar davrida taʼlim tizimiga berilgan eʼtiborni bir jihat bilan tushunish mumkin: bu davrda ilmni oʻrganish majburiyati shakllangan. Shahzoda va malikalarning taʼlim olishi, yosh bolalarni belgilangan vaqtda maktabga berish anʼanasi, madrasalarda diniy ilmlar bilan birga aniq va gumanitar fanlarni oʻqitish jamiyatda bilimning qiymatini oshirgan. Bu yerda muhim jihat shundaki, taʼlim insonni faqat maʼnaviy emas, balki boshqaruv nuqtayi nazaridan ham shakllantirgan. Yaʼni bilimli inson faqatgina oʻqimishli shaxs boʻlmay, davlatni boshqarishga tayyor kadr sifatida qaralgan.

Temuriylar davrida taʼlim tizimi uchta asosiy vazifani bajargan: avvalo, davlat uchun kadr tayyorlash, ikkinchidan, jamiyatda aql va bilimning nufuzini oshirish, uchinchidan, turli hududlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi intellektual muhit yaratish. Bu vazifalarning barchasi bir-biri bilan bogʻliq boʻlgani uchun taʼlim tizimi davlat siyosatining markaziy elementiga aylangan.

Oʻsha davrdagi madrasalarning ahamiya­tini alohida taʼkidlash kerak. Bu muassasalar faqatgina diniy bilim berish markazi boʻlibgina qolmay, oʻsha davrning ilmiy laboratoriyasi vazifasini bajargan. Matematika, astronomiya, mantiq, tarix, adabiyot kabi fanlar bir joyda oʻqitilishi bilimni tarmoqlarga boʻlmay, bir butun tizim sifatida qabul qilinganini koʻrsatadi. Bu esa oʻsha davr uchun juda ilgʻor yondashuv edi. Chunki turli fanlar uygʻunligi yangi gʻoyalar paydo boʻlishiga xizmat qiladi.

Samarqandda shakllangan ilmiy muhit bu siyosatning eng yuqori natijasi boʻldi. Shaharga turli mamlakatlardan olimlar, ustalar, meʼmorlar, mutaxassislar jalb qilingani haqidagi maʼlumotlar tasodifmas. Bu ongli ravishda yuritilgan intellektual siyosat edi. Turli maktablar va anʼanalarning bir joyda toʻqnashishi esa yangi gʻoyalar tugʻilishiga olib kelgan.

Mazkur jarayon keyinchalik ­Mirzo Ulugʻbek davrida yanada chuqurlashdi. Ulugʻbek shaxsi Temur yaratgan muhitning tabiiy davomi edi. Uning rasadxonasi, mad­rasalari va ilmiy faoliyati ­temuriylar davrida ilm-fan qanday darajaga chiqqanini yaqqol koʻrsatadi. Bu yerda muhim jihat shundaki, Ulugʻbekning ilmiy yutuqlari shaxsiy isteʼdod natijasi boʻlish bilan birga davlat tomonidan yaratilgan sharoitning ham mahsulidir. Agar muhit boʻlmasa, isteʼdod ham toʻliq ochilmaydi. Temuriylar davri esa aynan shunday muhitni yarata olgan.

Temuriylar davrida ilm-fanning yuksalishi madaniyat rivoji bilan uzviy bogʻliq. Meʼmorlik, adabiyot, tarixnavislik va sanʼat sohalaridagi yutuqlar jamiyatning maʼnaviy saviyasini belgilab bergan. Bu yerda madaniyat jamiyatni birlashtiruvchi kuch sifatida namoyon boʻlgan. Davlat siyosatining madaniyat bilan uygʻunligi esa uning barqarorligini taʼminlagan.

Shu oʻrinda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish kerak: temuriylar davrida ilm va madaniyatning rivoji tashqi dunyo bilan aloqalar kengayishiga ham xizmat qilgan. Savdo yoʻllari tiklanishi, diplomatik munosabatlar yoʻlga qoʻyilishi, turli xalqlar oʻrtasidagi aloqalar kuchayishi madaniy va ilmiy almashinuvni tezlashtirgan. Bu esa jamiyat ochiq tizimga aylanganini koʻrsatadi. Ochiqlik boʻlgan joyda taraqqiyot tezlashadi.

Agar bu jarayonlarni birlashtirib qarasak, temuriylar davridagi Renessansning asl mexanizmi ochiladi. Bu mexanizm juda sodda, lekin juda samarali: davlat tartib oʻrnatadi, tartib barqarorlikni taʼminlaydi, barqarorlik ilmga imkoniyat yaratadi, ilm madaniyatni yuksaltiradi, madaniyat esa jamiyatni taraqqiyotga olib chiqadi. Bu zanjirning har bir boʻgʻini muhim. Agar shu boʻgʻinlardan biri uzilsa, butun tizim izdan chiqadi.

Temuriylar davri bizga bitta aniq saboq beradi: taraqqiyot tasodifiy boʻlmay, u ongli ravishda yaratilgan muhit natijasidir. Ilmni qoʻllab-quvvatlamay turib, madaniyatni rivojlantirib boʻlmaydi, madaniyatsiz jamiyat esa barqaror boʻlmaydi, barqarorliksiz davlat uzoq yashay olmaydi. Temuriylar bu bogʻliqlikni anglagan va uni amalda qoʻllagan.

Tarix bizga tayyor javob bermaydi, lekin aniq yoʻnalish koʻrsatadi. Temuriylar davri ana shu yoʻnalishlardan biri. U bizga davlatni bilim bilan, jamiyatni tarbiya ­bilan, taraqqiyotni tasodif bilan emas, tizim bilan taʼminlash mumkinligini oʻrgatadi.

Tarixni oʻqishning ikki yoʻli bor: yo uni eslab qoʻyish, yo undan xulosa chiqarish. Agar “Temur tuzuklari”ga faqat oʻtmish yodgor­ligi sifatida qarasak, u kutubxona javonida qoladi. Agar davlat tafakkuri sifatida oʻqisak, u bugungi kunga xizmat qiladi. Shu maʼnoda, temuriylar davri amaliy saboqlar manbaidir.

Amir Temur yaratgan tizimning eng katta yutugʻi shundaki, u qisqa muddatli ­gʻalabalardan koʻra, uzoq muddatli ­barqarorlikka xizmat qildi. Bu barqarorlik asosida esa uchta ustun turdi: ilm, adolat va tartib. Ilm qarorning sifati, adolat hokimiyatning chegarasi, tartib davlatning ustuni. Shu uchala omil bir-birini qoʻllab-quvvatlagani uchun ham temuriylar davrida sivilizatsion yuksalish yuz berdi.

Bu yerda yana bir muhim jihat bor. ­Temuriylar davrida davlat va jamiyat oʻrtasida uzilish boʻlmagan. Davlat ilmni qoʻllab-quvvatlagan, ilm esa jamiyatni rivojlantirgan. Jamiyat rivojlangani sayin davlatning poydevori mustahkamlangan. Shu oʻzaro bogʻliqlik buzilmagani uchun ham tizim ishlagan. Agar davlat jamiyatdan uzilsa, u faqat kuchga tayanadi, agar jamiyat davlatdan uzilsa, u tartibni yoʻqotadi. Temuriylar davrida esa bu muvozanat saqlangan.

Ikkinchi Renessansning haqiqiy mohiya­ti ham aynan shu yerda. U alohida shaxslar yutugʻi emas, balki tizim natijasi. Mirzo Ulugʻbek kabi allomalar paydo boʻlishi uchun, avvalo, muhit kerak edi. Bu muhitni esa Temur yaratgan. Agar davlat ilmga ­sharoit yaratmasa, isteʼdodlar yakka holda qoladi, agar sharoit boʻlsa, isteʼdodlar maktabga aylanadi. Temuriylar davrida aynan shu holat kuzatildi — yakka isteʼdodlar tizimli ilmga aylandi.

Demak, temuriylar merosi bugungi kun uchun ham dolzarb. Chunki zamon oʻzgargani bilan taraqqiyotning asosiy qonunlari oʻzgarmaydi. Bugun ham davlatning kuchi uning tabiiy resurslari boʻlibgina qolmay, balki intellektual salohiyatida. Bugun ham adolat boʻlmagan joyda barqarorlik boʻlmaydi. Bugun ham taʼlimga eʼtibor bermagan jamiyat kelajakni yoʻqotadi. Temuriylar davri ana shu haqiqatlarni bir necha asrlar oldin amalda isbotlab bergan.

Temuriylar davrining yana bir sabogʻi kadr masalasi. Agar kadr bilimli, masʼuliyatli va adolatli boʻlsa, qonun ishlaydi. Aks holda, eng yaxshi qonun ham qogʻozda qoladi. Temuriylar davrida taʼlimning markaziy oʻrin tutishi aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan. Bugun ham bu masala oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Ilm-fan yuksalishi tasodif emasdi. Bu jarayonning ortida bir insonning shaxsiy qiziqishidan koʻra, balki aniq shakllangan davlat siyosati turgan. Amir Temur ilm ahlini davlat boshqaruvining ajralmas qismiga aylantirgan siyosatchi sifatida ajralib turadi.

Uning saroyida faqat amaldorlar emas, balki fikr egalari — olimlar, mutafakkirlar, tarixchilar, faylasuflar ham yigʻilgan edi. Saʼduddin Taftazoniy, Sayyid Sharif Jurjoniy kabi allomalarning Samarqandda faoliyat yuritishi buning yaqqol ­dalilidir. Bu muhitda ilm himoya qilinmagan — u ishlatilgan. Temur olimlar bilan muntazam muloqot qilgan, ular bilan bahslashgan, eng muhimi, davlatga oid qarorlarda ularning fikriga tayangan.

Bu yerda hal qiluvchi jihat shundaki, ­Temur uchun bilim nazariy qadriyat emasdi. U uni amaliy kuch sifatida koʻrdi. Shu bois, tarix uning eng sevgan fanlaridan biriga aylandi. Sohibqiron oʻtmishni oʻrganish orqali kelajakni boshqarish mumkinligini anglagan. Hukmdor sifatida oʻz qarorlarini tasodifdan koʻra, tarixiy tajribaga tayangan holda qabul qilgan. Shuning uchun saroy tarixchilariga voqealarni boʻrttirmasdan, boricha yozish talabini qoʻygani oʻsha davr uchun noyob intellektual yondashuv edi.

Temur davrida ilm-fanning turli sohalari bir vaqtning oʻzida rivojlanishi ham aynan shu yondashuv bilan bogʻliq. Meʼmorchilik va muhandislikda yuksak inshootlar barpo etildi, aniq fanlarga ehtiyoj ortdi, hisob-kitob, geometriya va astronomiya amaliyotga kirib keldi. Bu jarayon keyinchalik Mirzo Ulugʻbek davrida oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqdi. Ulugʻbek rasadxonasida qilingan tadqiqotlar, “Ziji Koʻragoniy” kabi asarlar yaratilishi — bularning barchasi Temur tomonidan qoʻyilgan ilmiy poydevorning tabiiy davomi edi.

Bu yerda yana bir muhim jihat koʻrinadi: Temur ilmni faqat markazda jamlamagan, balki uni tizimga aylantirgan. Samarqand va boshqa shaharlarda madrasalar barpo etilgan, ularda diniy bilan bir qatorda dunyoviy fanlar — matematika, mantiq, astronomiya, tarix, adabiyot oʻqitilgan. Katta kutubxonalar tashkil etilib, turli oʻlkalardan qoʻlyozmalar yigʻilgan. Bular taʼlim va bilimga munosabat davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini anglatadi.

Temurning taʼlimga qarashida ham strategik yondashuv yaqqol namoyon boʻladi. U taʼlimni davlatni saqlash vositasi sifatida koʻrgan. Shuning uchun kelajak avlodni tarbiyalash, bilimli kadrlar yetishtirish siyosatning muhim yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bu yerda taʼlim elita tayyorlash mexanizmiga aylanganini koʻramiz.

Temur tuzuklaridagi boshqaruv tamo­yillari ham aynan shu intellektual muhit bilan uygʻun. U ishni toʻqqiz ulush kengash, bir ulush kuch bilan hal qilish kerak degan fikrni ilgari surgan. Bu davlat boshqaruvining aniq modeli edi. U qaror qabul qilishda maslahatni ustun qoʻygan, kuchni esa soʻnggi chora sifatida koʻrgan.

Shu bilan birga, u kadrlar masalasida mutlaqo pragmatik yoʻl tutgan. Mansabga tayinlashda nasl yoki kelib chiqish emas, aql, tajriba va sadoqat hal qiluvchi mezon boʻlgan. Temur tomonidan amaldorlarga qoʻyilgan talablar — aqllilik, halollik, shijoat, sabr, adolat va masʼuliyat kabi sifatlar davlat boshqaruvining axloqiy kodeksi sifatida xizmat qilgan.

Bu barcha faktlar bir nuqtaga olib keladi: Temur uchun ilm-fan, taʼlim va adolat alohida sohalar emasdi. Ular davlatning uchta ustuni sifatida qaralgan. Ilm — qaror sifati, taʼlim — kadr manbai, adolat esa boshqaruvning chegarasi boʻlgan. Aynan shu uygʻunlik temuriylar davridagi yuksalishning asl sababidir.

Shu yergacha aytilgan barcha fikrlarni bir joyga yigʻsak, bitta katta xulosa kelib chiqadi: temuriylar davri — kuchli davlat, bilimli jamiyat va adolatli boshqaruv uygʻunligining namunasi. Bu uygʻunlik buzilganda tizim izdan chiqadi, saqlanganda esa taraqqiyot davom etadi. Shuning uchun ham “Temur tuzuklari”ni faqat oʻqish emas, tushunish kerak.

Bugun yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyot yoʻlini belgilayotgan bir paytda biz tarixga orqaga qarash uchun emas, oldinga yurish uchun murojaat qilamiz. Chunki tarix oʻtganlar haqidagi xotira emas, bugungi qarorlar uchun oʻlchovdir.

Amir Temur davri shu maʼnoda biz uchun  aniq mezonlarni beradi. Bu mezonlar oddiy koʻrinadi, ammo ularning har biri davlat taqdirini hal qiladi. Davlat ilmga tayanadi, aks holda, qarorlar koʻr-koʻrona qabul qilinadi. Jamiyat taʼlim bilan yuksaladi, yoʻqsa, taraqqiyot tasodifga aylanadi. Hokimiyat adolat bilan mustahkamlanadi, kuch esa ishonchni almashtira olmaydi. Bu uchlik tanlov emas, zarurat. Chunki taraqqiyot tizimdan paydo boʻladi.

Agar ilm chetga surilsa, davlat zaiflashadi. Agar taʼlim qadrsizlansa, jamiyat orqaga qaytadi. Agar adolat yoʻqolsa, hokimiyat oʻz poydevorini oʻzi yemira boshlaydi.

Mana shu nuqtada “Temur tuzuklari” oʻzining haqiqiy ahamiyatini ochadi. U oʻtmish haqidagi hikoya emas. U davlat qanday barpo etilishi, qanday saqlanishi va qanday yuksalishi haqidagi amaliyotdir. Amir Temurning buyukligi ham aynan shu yerda: u davlatni faqat qurmagan, balki uning qanday ishlashi kerakligini belgilab bergan.

Shuning uchun Temur merosi amalda ishlatilishi kerak boʻlgan tafakkur sifatida namoyon boʻlayotir. Shu maʼnoda, “Temur tuzuklari” oʻtmish kitobi emas, balki kelajakni qurish uchun yozilgan dasturdir.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar

masalalari qoʻmitasi raisi