Prezidentimizning 2019 yil 24 yanvardagi “O'zbekiston Respublikasi monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarori asosida tashkil etilgan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 maydagi  qarori bilan ijrosi ta'minlangan mazkur idoraning ish boshlaganiga bir yil bo'ldi. Qonun hujjatlarining raqobatga ta'sirini baholash, davlat organlarining raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilishiga va shunday harakatlarni amalga oshirishiga yo'l qo'ymaslik qo'mitaning asosiy vazifalari qilib belgilandi. Qolaversa, qo'mita monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solib, raqobat muhitini rivojlantirish sohasidagi ilg'or xalqaro tajribani tizimli o'rganishi va joriy etishi hamda vazirliklar va idoralarni jalb etgan holda tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini yanada takomillashtirishga qaratilgan strategik dasturlar, «yo'l xaritalari» va boshqa dasturiy hujjatlarni ishlab chiqishi lozim.

Bozor munosabatlari sharoitida yakka hukmronlikka qarshi kurash uchun alohida tashkilot tuzilganligining o'zi mamlakatimiz uchun katta bir hodisa, aslida. Xo'sh, qo'mita o'tgan qisqa vaqt mobaynida zimmasiga yuklatilgan vakolat hamda vazifalarni qanday bajarib kelyapti?

Ma'lumotlariga ko'ra, 2019 yil davomida jami 424 ta, 2020 yil 1 may holatiga ko'ra esa, jami 96ta jismoniy va yuridik shaxsning murojaati ko'rib chiqilib, jami uch milliard so'mdan ortiq mablag' qayta hisob-kitob qilinishiga erishgan.

“TERAFLYU”MI YOKI “TERLAFLYU”?

keling, endi amaliy natijalardan o'tsak. Ayrim tadbirkorlar bilib yoki “bilmay” bozor qonuniyatlarini chetlab o'tmoqchi bo'ladi. Xullas, “TheraFlu/Teraflyu” dori vositasi tovar belgisi egasi bo'lgan GSK Consumer Healthcare S.A. kopmaniyasidan ariza kelib tushadi. Mazkur murojaatda “Merrymed farm” MCHJ tomonidan kompaniyaga tegishli “TheraFlu/Teraflyu” tovar belgisiga  o'xshash  “meTerlaFlu/meTerlaFlu” nomi bilan dori vositasi ishlab chiqarilib, sotilayotgani birdiriladi.

 “TheraFlu/Teraflyu” va “meTerlaFlu/meTerlaFlu” dori vosita nomlarini o'xshashligini aniqlash maqsadida, qo'mita tomonidan Adliya vazirligi xuzuridagi Intellektual mulk agentligidan ekspert xulosasi so'raladi. Agentlikning javob xatiga binoan, iddao tasdiqlandi, — deydi Nohalol raqobatga chek qo'yish boshqarmasi boshlig'i Jahongir Yo'ldoshev. —  O'rganish natijalariga ko'ra, arizada keltirilgan holatlar bo'yicha belgilangan tartibda ish qo'zg'atilib, “Merrymed farm” MCHJ O'zbekiston Respublikasining “Raqobat to'g'risida”gi qonunining 13-moddasining birinchi qismi uchinchi va to'rtinchi xatboshilarini buzgan deb topilib, javobgarlikka tortilgan. Qo'mita tomonidan bu kabi “tasodifiy” adashishlarning o'nlab holati o'rganilib, tegishli tartibda javobgarlik belgilanishi uchun kurashib keladi.

Zimmasiga yuklatilgan harakatlarni amalga oshirishiga yo'l qo'ymaslik vazifasi doirasida  bir qator tashkilotlarga taqdimnomalar bilan chiqqan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo'llanilishini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan  respublika hududida qo'llanilishi ruxsat etilgan onlayn nazorat-kassa mashinalari, virtual kassa va fiskal modulga qo'yiladigan texnik talablar belgilangan edi. Qo'mita harakatlarining dastlabki natijalariga ko'ra, mazkur qarorda tadbirkorlik sub'ektlari va ularning mahsulotlariga asossiz texnik talablar va moliyaviy majburiyatlar belgilanganligi kuzatilgan. Ushbu holatning tovar bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning kamayishiga va raqobatni cheklanishiga olib kelish ehtimoli bor degan xulosaga kelingan.

Bundan tashqari, O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi tomonidan ishlab chiqilgan o'rmon xo'jaliklariga o'rmon fondi erlarida za'faron plantatsiyalarini tashkil etish yuzasidan jamoatchilik muhokamaga qo'yilgan Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi yoki respublikadagi bir qator tuman va shaharlar hokimlarining yuridik, jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik ko'rikdan o'tkazish bo'yicha qarorlari loyihalari bilan bog'liq misollarni keltirish mumkin. “Mazkur qaror loyihalarida O'zbekiston Respublikasining “Raqobat to'g'risida”gi qonuni talablariga zid normalar keltirilganligi, ya'ni qaror loyihasida ayrim tadbirkorlik sub'ektlariga boshqa tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan ustun holatga qo'yadigan sharoitlar yaratish va, natijada, raqobatni cheklash alomatlari kuzatilganligi bo'yicha xulosalar taqdim etilmoqda”, deyiladi matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotda.

SHuningdek, o'tgan davrda respublikaning 191 ta shahar va tumanlarida o'tkazilgan o'rganishlarda 1060 ta holatda mahalliy hokimliklar tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar hamda harakatlar sodir etish holatlari kuzatilgan. SHahar va tuman hokimliklariga nisbatan O'zbekiston Respublikasi “Raqobat to'g'risida”gi qonuni talablari buzilganlik alomatlari bo'yicha 152 ta ish yurituvga olingan va to'plangan materiallar maxsus komissiyalarda ko'rib chiqilgan.

– Qonun hujjatlari buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish to'g'risida Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Qashqadaryo, Sirdaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatiga ko'rsatmalar yuborildi, deydi qo'mita raisi matbuot kotibi Manzura Hasanova.O'tkazilgan o'rganish natijalarida qabul qilingan hujjatlarda ko'p hollarda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishini cheklovchi hamda tovar moliya bozorlarida sog'lom raqobat muhitini yaratishga to'sqinlik qiluvchi omillar mavjudligini, aksariyat qonun buzilish holatlari ayrim tadbirkorlik sub'ektlariga shartnomalar tuzishda ustunlik berish, ular faoliyati uchun imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilanishi, ularni boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga nisbatan afzal holatga qo'yadigan preferentsiya va engilliklar berish bilan bog'liqligini ko'rsatdi.

“AYRIM HUJJATLARNI YANGILASH KERAK!”

Ba'zi qonunosti me'yoriy hujjatlarga o'zgatirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha taklif berish vakolati doirasida joriy yilda qo'mita tomonidan 3 ta amaldagi qonun hujjatlari (ex-post usuli) bo'yicha raqobat muhitiga ta'siri yuzasidan chuqur iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o'tkazgan holda, xulosalar taqdim etilgan. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi “Tabiiy monopoliya to'g'risida”gi qonunning yangi tahririni qabul qilish bo'yicha amaliy choralar ko'rilishi va shundan kelib chiqqan holda, barcha qonunosti me'yoriy hujjatlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha o'z tashabbuslarini bildirdi.

  • elektr energiyasi sohasini olsak, subiste'molchilartomonidan

xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tasarrufidagi elektr tarmoqlariga ulanganda, elektr ta'minoti xizmatlari uchun shartnomalarni hududiy elektr tarmoqlari korxonalari bilan tuzilishini ta'minlash va unga ulanish bilan bog'liq barcha masalalar hududiy elektr tarmoqlari korxonalari zimmasiga o'tkazilishini ta'minlash bo'yichaqo'mita tomonidan taqdimnoma kiritilgan, deydi Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish boshqarmasi boshlig'i elyor Sodiqov. U o'z ijrosini topsa, tadbirkorlarning masalaga aralashuvi oldi olinadi, chet el investitsiyalarni kirishiga erkinlik yaratiladi, kelajakda subiste'molchilarga elektr energiyasini etkazib beruvchi tashkilotlar tabiiy monopoliya sub'ektlari davlat reestrdan chiqarilishiga olib keladi, SHuningdek, issiqlik ta'minoti bo'yicha ko'p qavvatli uylarni lokal issiqlik ta'minoti tizimiga bosqichma-bosqich o'tkazish xisobiga markazlashtirilgan tizimdan voz kechish dasturini ishlab chiqish taklifini ham ilgari surdik.

Qo'mita mutaxassislariing fikricha, Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 dekabrdagi “Tabiiy monopoliyalar sub'ektlari tomonidan majburiy xizmat ko'rsatilishi kerak bo'lgan iste'molchilarga tovarlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko'rsatishni tartibga solish to'g'risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomni qaytada ko'rib chiqib,undagi talablarni yanada kuchaytirish kerak. Qolaversa, tasdiqlanishi mo'ljallangan Prezidentimizining “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni hamda yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasining “Raqobat to'g'risida”gi qonuni loyihalari Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasining faoliyatidagi mavqei, ish samaradorligining oshishiga hamda tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat muhiti tubdan yaxshilanishiga olib keladi.

Qo'mita tomonidan davlatimiz rahbarining “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni loyihasi ham ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.

AGAR MONOPOLIYA BO'LMASA...

Bilasiz, monopoliya yoki tabiiy monopoliya sub'ektlarining barham topishi yoki kamayishi iqtisodiyotda raqobat muhitini rivojlantiradi.
O'z navbatida, ishlab chiqaruvchi va xizmat ko'rsatuvchi korxonalar uchun  bozorda o'z mavqeini va o'rnini egallashga ko'maklashuvchi raqobatbardosh sifat va narxlarnigsh o'rnatilishiga zamin yaratadi.Mutaxassislarning fikricha, monopoliya kamaygan joyda narx va tariflar erkin shakllantirilib, iste'molchilarda mazkur xizmatlarni tanlash huquqi kengayadi.Monopol va tabiiy monopol xizmatlarida davlat nazoratining kamayishi esa, chet eldan mazkur sohalarga investitsiyalarning faol kirib kelishihamda xususiy korxonalar ko'payishiga omil bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, monopoliyaning kamayishi yashash sharoitimizga engillik beradi. “Ulug' ishlar ham birinchi qadamdan boshlanadi”, deydi donolar. Fikrimizcha, monopoliyaga qarshi kurash uchun ilk qadamlar tashlangan. Qo'mita, asosan,kommunal va tadbirkorlik sohalariga e'tibor qaratgan. Holbuki, oldimizda avtomobilsozlika, aviatsiya, temir yo'l kabi sohalarda yirik “tog'”lar turgani ham barchaga ayon. Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni  bajarishda  qat'iy turib, dadilqadamlar tashlashni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.

Sohiba MULLAEVA,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri