«Prezidentimiz Murojaatnomada 2025-yilda Toshkentda yoshlar oʻrtasida boʻladigan Osiyo chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish uchun hozirdan jiddiy tayyorgarlik koʻrish boʻyicha topshiriq berdilar.

10-12 yoshga toʻlgan yosh sportchilar uchun endi tizimli musobaqalar yoʻlga qoʻyiladi. Terma jamoaga saralab olingan sportchilar toʻgʻridan-toʻgʻri imtihonsiz Olimpiya zaxiralari kollejiga qabul qilinadi. Ular 4 yil davomida — 2025-yilgacha maqsadli ravishda tayyorgarlik koʻrib borishadi. Bu mamlakatimizda oʻtadigan Osiyo oʻyinlarida oʻz natijalarini beradi.

2020-yilda tizimdagi sportga ixtisoslashgan taʼlim muassasalari faoliyatini tanqidiy-tahliliy oʻrgandik. Eng katta muammo — murabbiylarning mashgʻulot jarayonlariga ilmiy, zamonaviy metodologiya asosida yondashmayotgani, yangi sport texnologiyalaridan foydalanmayotgani ekani aniqlandi».