Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan ushbu yoʻnalishdagi saʼyi-harakatlarni rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Xususan, joriy yilning 4-mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish muhimligini taʼkidlagandi.

Aynan mazkur yoʻnalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qoʻshni davlatlar bilan transport yoʻlaklarini yanada diversifikatsiya qilish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirish, yuklarni tranzit qilish tartibini soddalashtirish uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi eksport va import yuklarining Sharqiy Osiyo davlatlaridan uzluksiz logistikasini tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi, Afgʻoniston Islom Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining yirik transport-logistika kompaniyalari, Xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi hamda transport va bojxona idoralari vakillari ishtirokida 26-27-mart kunlari Termiz shahrida transport masalalari boʻyicha uch tomonlama ishchi guruh uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda.

Uchrashuvda Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston davlatlari hududi boʻylab avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish masalalari muhokama etilmoqda.