“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi

    Biznes 25 Oktabr 2024 540

    Joriy yil 24-oktyabrda Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasida tashkil etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi.

    Yarmarka Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtirishda Surxondaryo viloyati hokimligi, Raqamli transformatsiya markazi, “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” va “Oʻzkimyosanoat” uyushmalari hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — zamonaviy, raqobatbardosh, eksportbop, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, sanoat salohiyatini yanada oshirish, mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirishdan iborat.

    Ikki kun davom etadigan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida mamlakatimizning beshta salohiyatli tarmoq korxonasi hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar qishloq xoʻjaligi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo sanoati, charm-poyabzal va toʻqimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati kabi yoʻnalishlarda oʻzlari ishlab chiqarayotgan 500 turdagi sanoat mahsuloti bilan ishtirok etyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Yarmarkada qatnashayotgan Afgʻoniston delegatsiyasi yarmarka koʻrgazmasi, erkin savdo zonasi hududidagi “Hilton” mehmonxonasi, “AKFA MEDLINE” klinikasi, logistika terminali va “Shourum” bilan tanishdi. Afgʻon tarafi koʻrgazmadan oʻrin olgan mahsulotlarga ham katta qiziqish bildiryapti. Tadbir doirasida qoʻshni mamlakat vakillari bilan ikki tomonlama oʻzaro almashinuv kelishuvlarini imzolash rejalashtirilgan.

    Umuman olganda, hududlararo sanoat yarmarkasi doirasida 250 milliard soʻmlik bitim va shartnomalar imzolash boʻyicha kelishuvlarga erishish kutilyapti.