Bu yil Yangi Oʻzbekiston islohotlari boshlanganiga roppa-rosa oʻn yil boʻladi. Oʻtgan tarixan qisqa davrda xalqimiz “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi va Uchinchi Renessansni yaratishdek buyuk maqsadlar yoʻlida birlashdi. Hamma zamonlarda ham gʻoyaviy birlashish saodati davlatlar va xalqlarga qudrat baxsh etgan. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan bunday buyuk evrilishlar zamirida ezgulik, odamiylik, insonparvarlik gʻoyalarini koʻrayapmiz, uning amaliy ifodalarini har birimiz oʻz hayotimizda his qilyapmiz. Ana shu qutlugʻ jarayonda mamlakatimiz yetakchisi “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir” degan tamoyilni ilgari surgani bejiz emas. Bu qarash zamirida bugun milliy oʻzligimiz va taraqqiyotimizning maʼnaviy asoslari mujassamlashganini koʻrmoqdamiz.
Buni birgina mamlakatimizda shoir va yozuvchilarning erkin ijod qilishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgani, xususan, ularning yangi asarlar bitishi va kitoblarini chop ettirishiga davlat darajasida alohida eʼtibor qaratilayotgani misolida ham koʻrishimiz mumkin. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri, senator Sirojiddin SAYYID bilan suhbatimiz ana shunday qutlugʻ yangilanishlar, maʼnaviy yuksalishimiz borasidagi fikr-mulohazalar bilan kechdi.
— Sirojiddin aka, oʻzingizga yaxshi maʼlum, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ijodkorlarga juda katta imkoniyatlar eshigi ochildi. Ayniqsa, keyingi qariyb oʻn yilda yaratilgan bunday sharoitlarni tarixiy va olamshumul oʻzgarishlar deb atash mumkin. Davlatimiz rahbari ijodkorlar bilan uchrashuvlarda ham adiblarimizga alohida eʼtibor qaratilishini, buyuk tariximizni chuqur oʻrganish bilan birga yangi Oʻzbekistondagi islohotlar mohiyatini xalqimizga keng yoyishda ijodkorlarning oʻrni beqiyos ekanini taʼkidlagan edi. Keling, suhbatimizni ana shu tarixiy jarayondan boshlasak.
— Adabiyot, Yozuvchilar uyushmasi va jamiyatimizda kechayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida gapirganda, albatta, ushbu yangilanishlarning, bu yangi zamon binosining bosh meʼmori boʻlgan Prezidentimizning bor shiddati, ezgu maqsad-muddaolari va ulugʻ niyati koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Davlatimiz rahbari faoliyatini boshlagan ilk kunlardanoq, birinchi navbatda, diqqat-eʼtiborini adabiyotga qaratdi. Birgina misol: hozir biz oʻtirib, suhbatlashayotgan mana shu muhtasham bino yaqin oʻtmishda yoʻq edi.
Yetti-sakkiz yil oldingi holatni eslasak. Oʻsha qahraton, rutubatli kunlarda Yozuvchilar uyushmasi poytaxtdagi eski binolardan birida ijarada turardi va hammamiz turli qavatlarga tarqalib ketgan edik.
Birovning qosh-qovogʻiga qarab, boshqa birovdan xijolat tortib ishlardik. Ulugʻ ustozlar kelib-ketardi... Xullas, oʻsha paytdagi noqulayliklarni aytaversak, gap choʻzilib ketadi.
Shunday oqshomlarning birida davlatimiz rahbari ijodkorlarni chaqirayotgani, zudlik bilan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻga toʻplanishimiz haqida xabar keldi. Qish kirib kelayotgan kunlar edi. Hali qurilish boshlanmagan, yon-atrofi xarob holatda, kattakon va omonat yelim chodir ichida yigʻildik. Aynan oʻsha yerda “Adiblar xiyoboni” gʻoyasi oʻrtaga tashlandi. “Shu Milliy bogʻ ichida adabiyotimiz namoyandalari xotirasiga atab Adiblar xiyoboni bunyod etsak, qolaversa, Yozuvchilar uyushmasiga ham shu yerda muhtasham bir qarorgoh qurib bersam, nima deysizlar?” degan savol berildi.
Xuddi shu payt osmondan pagʻa-pagʻa laylakqor yogʻa boshladi. Birinchi soʻz menga berilganida “Muhtaram Prezident, eskilardan, momolarimizdan qolgan bir gap bor: ezgu niyat qilinganda qor yoki yomgʻir yogʻsa, demak, bu niyat ijobat boʻladi. Hozir osmonu falaklar ham Sizning bu ulugʻ niyatlaringizni tasdiqlab, qoʻllab-quvvatlab turibdi!” deyildi.
Esingizda boʻlsa, bir muddat toʻxtab qolgan yosh ijodkorlarning Zomin seminarlari ham aynan shu pallada qayta tiklandi. Bu seminarning dastlabki tashabbuskori ham, oʻz vaqtida viloyatga rahbarlik qilgan paytlarida Prezidentimiz boʻlganini hamma yaxshi biladi.
Mazkur anjuman yosh ijodkorlar orasidagi katta qiziqishni, yoshlikka xos surur va orzu-umidlarni oʻzida mujassam etgan holda qayta tiklandi. Mana, bugunga kelib, ushbu anjuman har yili muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Ustozlarimizning bir hikmati bor: “Oltin kondan faqat oltin chiqadi”. Yoshlar bizning oltin fondimizdir. Ana shunday oltinlarimizni ulgʻaytirib, tarbiyalab, kamolga yetkazmoq bizning insoniy burchimiz.
Agar tashqaridan qarasangiz, bu majmualar juda tez va oson bunyod etilgandek tuyulishi mumkin. Baʼzilar bunday shiddatli oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlyapti deb oʻylar balki. Lekin bularning ortida katta tafakkur, tinimsiz mehnat va kelajakni oʻylab qilingan orzu-umidlar yotibdi. Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosini va Adiblar xiyobonini kelajakni koʻzlab qurilgan buyuk meʼmoriy majmua deb bilaman. Ular oʻzaro uygʻunlashib ketgan yaxlit ansamblni tashkil etadi. Eng baland ayvonda esa Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk bobomiz Hazrat Alisher Navoiyning haykali salobat toʻkib turibdi.
Chet eldan kelgan yozuvchi va shoirlar, turli mamlakatlarning Yozuvchilar uyushmasi rahbarlari bu maskanni koʻrib, hayratda qolmoqda. Ular “Adabiyotga eʼtibor mana shunday boʻlishi kerak, biz havasdamiz va hayratdamiz!” deb hurmat bajo keltirib ketyapti.
— Haqiqatan, shunday, Sirojiddin aka. Oʻzimiz ham xorijdan kelgan mehmonlar, adiblar bilan uchrashib suhbatlashganimizda, koʻpchilik oʻz hayratini yashirmaydi. Oʻzbekistonda shoir va ijodkorlarga shunchalik katta sharoitlar yaratib berilganidan ular lol qolganini aytadi. Shu savolning mantiqiy davomi sifatida soʻramoqchi edim: biz hozir suhbatlashib turgan Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi, yonimizdagi muhtasham va koʻrkam Adiblar xiyoboni, Doʻrmon, Zomin va Parkent ijod uylari, shuningdek, adiblarimizga berilayotgan uy-joylardan tashqari, ijodkorlar uchun yana qanday qoʻshimcha sharoitlar yaratilmoqda?
— Bu xayrli loyihalar haqidagi suhbatlar ilk bor boshlanganida ustozlarimiz va boshqa ijodkorlar ham qatnashgan edi. Bunyodkorlik koʻlami shunchalik keng boʻlishiga va bunday yuqori surʼatda amalga oshirilishiga kimdir ishongan, kimdir esa ishonmagan oʻshanda. Lekin aytilgan niyat juda ulugʻ edi: biz yorugʻ jahonga ikki buyuk Uygʻonish davrini tuhfa etgan millatmiz. Shunchalik ulugʻ ajdodlarimiz borligidan haqli ravishda gʻururlanamiz, ammo bugun faqat faxrlanishning oʻzi bilangina ish bitmaydigan, shiddatli zamonlarga keldik. Buyuk allomalar, muhaddislar, sohibqironlarni dunyoga keltirgan, ustozlarimiz eʼtirof etganidek, qalami bilan butun dunyoni egallagan buyuk mutafakkirlarni bergan xalq shunchaki tarix sahifalarida qolib ketmasligi kerak. Bu buyuklik qonimizda bor, tomirlarimizda oqmoqda. Biz ana shu qonni, millat qalbini uygʻotishga safarbar etilganmiz.
Charxi falak to aylanar ekan, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Termiziy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlari, qolaversa, qatagʻon yillarida yoki undan keyingi shoʻro zamonida yashab oʻtgan ulugʻ ustozlarimiz aynan oʻzimizning oltin konimizdan chiqqan bebaho maʼdanlardir. Bunday ulugʻ adabiyotni yaratgan xalqning kelajagi ham, albatta, shunga munosib boʻladi.
Mana, davlatimiz rahbari tomonidan oʻshanda ilgari surilgan “Maqsadni, niyatni ulugʻ va baland olaylik” degan ulugʻvor gʻoyalarning roʻyobini bugun oʻz koʻzimiz bilan koʻrib turibmiz. Millatning millat ekanini, xalqning xalqligini uning adabiyoti ham namoyon etadigan zamonlar keldi.
— Bugungi kun — yangi texnologiyalar hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan davr. Ayniqsa, soʻnggi yillarda sunʼiy intellektning rivojlanishi va bu boradagi texnologik taraqqiyot xalqaro maydondagi vaziyatga, xususan, insoniyat maʼnaviyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatish bilan birga salbiy taʼsirini ham oʻtkazayotganini afsus bilan aytishimiz kerak. Shu maʼnoda, yurtimiz adiblari va ijodkorlari oldida bugun qanday dolzarb vazifalar turibdi? Yaʼni milliy maʼnaviyatimizni asrab-avaylash va yanada yuksaltirish borasida qanday yumushlarni bajarishimiz zarur?
— Ulugʻlarimizning bir buyuk hikmati bor: ezgulikni yemirib tashlaydigan har qanday taraqqiyot yovuzlikdir. Demak, taraqqiyot faqat ezgulikka xizmat qilsagina, vatan va xalq chindan taraqqiy topadi, farovonlikka erishadi.
Yaqinda bir maktabdagi uchrashuvda ishtirokchilarga qarata “Navoiy bobomizning kompyuteri boʻlganmi?” degan savolni berdik. Bilasiz, hozirgi yoshlar hayotini zamonaviy telefonlarsiz, gadjetlarsiz umuman tasavvur qila olmaydi. Bu savolni eshitib, ular hayron qoldi. Men ularga hazilomuz “Navoiy bobomizning zamonaviy monoblok kompyuteri boʻlgan”, dedim.
Gap shundaki, yoshlar Navoiy bobomizni asosan keksalik davri aks etgan suratlari orqali tasavvur qiladi. Hammamiz maktabda oʻqiganmiz: bobomizning hali bolaligidayoq yozgan ikki misrasi davrning buyuk shoirlari tomonidan qanchalar yuksak baholangan! Yoki Sharafuddin Ali Yazdiydek buyuk alloma yosh Alisher bilan savol-javob qilib, uning ilm olgan maktablari, mutolaa qilgan kitoblari haqida surishtirgani va kelgusida bu ziyrak, zehnli boladan ulugʻ inson yetishib chiqishini bashorat qilgani tarixdan maʼlum.
Xullas, oʻquvchilar mendan “Navoiyda kompyuter boʻlganini qanday isbotlaysiz?” deb soʻraganida, ularga bobomizning “Farhod va Shirin” dostonini misol qilib keltirdim. Unda “oynai jahon” (sehrli oyna) haqida soʻz boradi. Farhod sehrli oyna orqali uzoq Armanistondagi goʻzal Shirinni koʻrishi va unga gʻoyibona oshiq boʻlishi tasvirlangan. Axir bu hozirgi videoaloqa yoki internetning bashorati emasmi? Bu bugungi moʻjizaviy kunlarni necha asrlar oldindan koʻra bilish, ulugʻ tafakkur parvozi emasmi?!
Navoiy bobomizning bunday mazmundagi fikrlari bor: buyuklar yozgan kitoblarni qancha koʻp oʻqisangiz, siz ham shunchalik buyuklashib boraverasiz. Biz bobomizning buyuk asarlar yozgani haqida koʻp gapiramiz, ammo u kishi oʻzidan avval oʻtgan ulugʻlar ijodini juda chuqur va mukammal oʻrganganini ham esdan chiqarmaslik kerak. Masalan, Nizomiy Ganjaviy haqida “Emas oson bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasiga panja urmoq”, deya bejiz yozmagan.
Hazrat Navoiyga ilhom bergan, u zotning ijodini jahonshumul darajada yuksaltirgan asosiy sabablardan biri Amir Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy va boshqa mutafakkirlarning asarlarini tinimsiz mutolaa qilganidir. Shu bois, bugun Prezidentimiz kitobxonlik masalasiga alohida eʼtibor qaratib, millatni, xususan, yoshlarni kitobxon va ziyoli avlod etib tarbiyalash lozimligini doimo taʼkidlab kelmoqda. Bu borada koʻplab chora-tadbirlar, maxsus dasturlar va rejalar qabul qilinayotgani, ilm-fan va taʼlim masalasiga shunchalik katta kuch hamda mablagʻ safarbar etilayotganining asosiy boisi va tub mohiyati ham aslida shudir.
— Bugun biz Uchinchi Renessans poydevorini qurish va uni yanada mustahkamlash yoʻlida izchil harakat qilmoqdamiz. Mana shunday muhim tarixiy jarayonda ijod ahlining oʻrni hamda masʼuliyati nimalardan iborat? Ayniqsa, bugungi yosh ijodkorlar ushbu ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqarishda qay darajada faol ishtirok etishi lozim deb bilasiz?
— Shu oʻrinda maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat domlaning “Bu dunyo kurash maydonidir” degan hikmatli soʻzlari yodga tushadi. Prezidentimiz ham bu teran fikrni turli uchrashuvlarda koʻp bora taʼkidlab keladi. Demak, hayotning oʻzi ham, ijod ham aslida katta bir kurash maydonidir. Shunday ekan, yosh ijodkorlar masalasiga toʻxtalar ekanmiz, eng avvalo, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumki, Respublika yosh ijodkorlari seminar kengashi aynan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan edi. Oʻz vaqtida Prezidentimiz ustoz Abdulla Oripovga Zominda yosh ijodkorlar anjumanini oʻtkazish taklifini bildirganida Abdulla aka “Hemirimiz yoʻq boʻlsa, nomimiz ulugʻ, supramiz quruq boʻlsa, buni qanday tashkillashtiramiz?” degan ekan. Shunda davlatimiz rahbari “Siz menga isteʼdodlarni yigʻib bering, qolgan barchasini oʻz zimmamga olaman”, degan qatʼiy ohangda. Mana, koʻrib turganingizdek, shu birgina eʼtibor tufayli bugun Zomin yosh ijodkorlar seminari haqiqiy maʼnoda minglab isteʼdodlar “ustaxonasi” vazifasini oʻtamoqda.
Shuningdek, bu yil Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm vohasida ham “Aqchakoʻl ilhomlari” respublika yosh ijodkorlar seminari qayta tiklandi. Bu tashabbuslarning barchasi Prezidentimizning bevosita eʼtibori va doimiy qoʻllab-quvvatlovi samarasidir.
Ustozlarimizdan qolgan yana bir hikmat bor: buyuk zavqu shavq bilan ijod olamiga kirib kelgan yosh isteʼdod egasiga, toki uning ikkinchi yoki uchinchi kitobi nashr etilguniga qadar, albatta, yordam berish kerak. Agar uchinchi kitobidan keyin ham undagi ijodga ishtiyoq, mehnatsevarlik va hayotga muhabbat baland boʻlsa, keyin u, shubhasiz, oʻz yoʻlini topib ketadi.
Bugun adabiyotga qaratilayotgan bunday yuksak eʼtibor xalqaro miqyosda ham keng eʼtirof etilmoqda. Koʻplab xorijlik mehmonlar yurtimizdagi adabiy muhitda yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni alohida qayd etmoqda. Yaqindagina Qirgʻiziston, Tojikiston va Koreya Respublikasidan kelgan ijodkorlar bilan qator uchrashuvlar oʻtkazildi, Rossiya bilan hamkorlikda oʻzbek sheʼriyati antologiyasining uch jildi nashr etildi. Shuningdek, mehnatkash tarjimonlarimiz ham munosib ragʻbatlantirilib, davlat mukofotlariga loyiq koʻrildi.
Har yili 15-20 yosh ijodkorning, ayniqsa, Zomin seminaridan muvaffaqiyatli oʻtgan umidli yoshlarning birinchi kitobi navbatsiz va katta adadda chop etilmoqda. Ilgari biror kitobning ming nusxada chiqishi ham katta gap, katta voqea hisoblangan boʻlsa, bugun yosh ijodkorlarning kitobi 5000 — 20 ming nusxada nashr etilmoqda.
Joylarda oʻtkazilayotgan “Vatan manzumasi” nomli teatrlashtirilgan sheʼriyat kechalari ham keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar tafakkurida keng aks sado bermoqda. “Maʼrifat karvonlari” kabi maʼnaviy tadbirlar ham barchaga maʼqul. Bunday maʼnaviy loyihalarni yanada kuchaytirishimiz zarur. Ularning asl samarasi, albatta, vaqt mezoni bilan baholanadi, biroq bugunning oʻzidayoq ular jamiyatimizdagi ijodiy muhitga yangicha jon bagʻishlayotgani yaqqol sezilmoqda.
Toʻgʻri, har qanday isteʼdodni ham bir kunning oʻzidayoq buyuklik darajasiga koʻtarib boʻlmaydi yoki hech kimni darhol daho yozuvchi deb eʼlon qilishning imkoni yoʻq. Ammo shunchaki qoʻllab-quvvatlashning oʻziyoq ijodkorga ulkan maʼnaviy turtki beradi. Koʻplab yosh ijodkorlarimiz ilk kitobi nashr etilgach, ijodiy yoʻlini, maqsad va muddaosini aniq belgilab olayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Eʼtiborlisi, biz bugun faqat kitob chop etish bilan cheklanib qolmayapmiz, mualliflarning ishtirokida taqdimot marosimlarini tashkil qilyapmiz, ularga ustozlarni taklif etyapmiz.
Eng muhimi, mualliflik huquqi va qalam haqi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yosh ijodkorga qalam haqini chiroyli xatjildga solib, katta hurmat bilan topshirish shunchaki moddiy ragʻbat emas, balki ijodkorning koʻz nuri va qalb mehnatining yuksak qadrlanishidir.
Oʻtmishni eslaganda, beixtiyor oʻzimning boshimdan kechirganlarim bilan qiyoslayman. Chunki men ilk kitobimni chiqarish uchun nashriyotlar ostonasida oylab sargʻayganman. “Ana chiqadi, mana chiqadi” deb umid qilib, bir yarim-ikki yil deganda zoʻrgʻa tejab-tergab iqtisod qilingan qogʻozlar hisobiga chiqqan edi birinchi toʻplamim. Bugun bu holatlarni yosh avlodga gapirib bersangiz, kulgisi qistaydi. “Nahotki, shunchalik qiyin boʻlgan?” deb hayratlanadi.
Shu bois, hamma joyda koʻp-koʻp taʼkidlayman: ijod uchun shuncha sharoit yaratilmoqdami, demak, uning qadriga yetmoq kerak! Buning shukronasiga atab millat yuzini yorugʻ qiladigan goʻzal asarlar bitish burchimiz. Quvonarlisi, bugun saviyali kitoblar soni oshdi, yaxshi-yaxshi romanlar yozilmoqda. Biz yosh ijodkorlardan bundan-da kattaroq natijalar, yuksak asarlar kutib qolamiz.
Ustozimiz, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov kitoblariga yozib bergan dastxatlarida bunday oʻtli soʻzlar bor edi: “Ijodning yulduzli onlari hamisha sizga hamroh boʻlsin!”. Qarang, qanday goʻzal va teran tilak. “Yulduzli onlar” — bu tunning qop-qorongʻi yarmida, hamma uxlayotgan paytda uygʻoq boʻlish deganidir. Tunning qoq yarmida dunyodan uzilib sheʼr bitish saodatini, masalan, men boshqa hech qanday hissiyotga almashgim kelmaydi. Chunki bu — qalb mehnatining eng oliy shodligi. Ana shu pokiza tuygʻu barhayot ekan, haqiqiy isteʼdod ham, asl adabiyot ham mangu yashaydi.
— Xalqaro hamkorlik haqida gapirib oʻtdingiz. Ozarbayjon, Turkiya va boshqa mamlakatlardan ijodkorlarning Oʻzbekistonga tashrifi, shuningdek, oʻzimizning ijodkorlarning xorijiy davlatlarga safarini uyushtirish borasida uyushma sermahsul ishlamoqda. Ayting-chi, 2025-yilda xalqaro hamkorlik boʻyicha uyushmaning faoliyati qanchalik shiddatli va samarali kechdi?
— Ota-bobolarimiz taʼrifi bilan aytganda, 2025-yil koʻz yumib ochguncha oʻtib ketdi. Vaqt bunchalik tez oʻtgandek tuyulishining asosiy sababi oʻtgan yilning oʻta shiddatli davr boʻlganidir. Shu bilan birga, u yirik islohotlar va tarixiy voqealarga juda boy boʻldi. Prezidentimizning bunday shiddatli va tarixiy voqealarga boy faoliyati barchamizga chinakam oʻrnak boʻladi.
Birgina misol: mana, kuni kecha davlatimiz rahbarining “Vatan va xalq haqida oʻylar” kitobi qoʻlimizga tegdi. Ushbu kitobda biz faoliyatimizda, xususan, xalqaro hamkorlikni tashkil etishda bevosita qoʻllashimiz mumkin boʻlgan koʻplab boy tajriba va yoʻnalishlar mavjud. Bugun xalqaro aloqalar borasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) hamda unga aʼzo davlatlar bilan hamkorlikda juda katta loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Mana, yaqindagina Anqaradan maxsus taklif tushdi. Biz Hazrat Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlab Turkiyada oʻtkazilgan madaniy tadbirlar va nufuzli konferensiyalarda qatnashdik. Buyuk bobomizning u yerda oʻrnatilgan haykali poyiga gulchambar qoʻydik. Soʻng
4 milliondan ortiq kitob fondiga ega boʻlgan Turkiya milliy kutubxonasida boʻlib, u yerdagi oʻzbek adabiyoti boʻlimini koʻzdan kechirdik. Ushbu kutubxona ochilishida davlatimiz rahbari tomonidan fondga tuhfa qilingan oʻzbek adabiyoti durdonalarini, qolaversa, qardosh xalqning oʻzbek adabiyotiga cheksiz qiziqishi va yuksak hurmatini koʻrib, qalbimiz faxr-iftixorga toʻldi. Shuningdek, Turkiya Yozarlar birligi (Yozuvchilar uyushmasi) va Anqara ijtimoiy fanlar universitetida mahalliy adiblar, shoirlar hamda soha masʼullari bilan uchrashuvlar oʻtkazdik. Natijada kelgusi yillarda hamkorlikda tashkil etiladigan yangi loyiha va tashabbuslar boʻyicha muhim kelishuv hamda shartnomalar imzolandi.
Ayni shu kecha-kunduzda Gurjiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan xalqaro adabiyot festivaliga taklifnoma oldik. Bundan tashqari, yil davomida Kashmir xalqaro adabiyot festivalida va Ozarbayjonda oʻtkaziladigan kitob taqdimotlarida qatnashish boʻyicha qizgʻin tayyorgarlik koʻrilyapti. Shu bilan birga, Tojikiston davlat universitetining oʻzbek tili fakultetiga borib, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha rejalarimiz ham nihoyasiga yetib qoldi.
Albatta, bunday keng koʻlamli hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda davlatimiz rahbarining ochiqlik siyosati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzaro tajriba almashish, turli oʻlka ijodkorlarining asarlari bilan yaqindan tanishish yurtdoshlarimiz uchun yangi va salmoqli asarlar yaratishda kuchli turtki boʻladi. Birinchi navbatda, bu jarayon yosh ijodkorlar uchun juda foydali va oʻziga xos katta tajriba maydoni boʻlib xizmat qiladi. Prezidentimiz koʻp bor “Siz axir osmonni olmoq boʻlsangiz, Ne uchun yelkamni tutib bermayin!” deya taʼkidlaganidek, bugun chin maʼnoda oʻzbek yosh ijodkorlariga oʻz isteʼdodini namoyon etishi uchun ulkan imkoniyatlar va keng shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Bugun Oʻzbekistonning koʻplab mamlakatlar bilan kuchli va doʻstona aloqalari mavjud. Bu xoh adabiyot, xoh madaniyat yoki iqtisodiyot sohasi boʻlsin, davlatimizga har tomonlama katta manfaat keltiradi. Masalan, AQSH Prezidenti tashabbusi bilan taʼsis etilgan va Oʻzbekiston taʼsischi mamlakatlardan biri sifatida taklif qilingan, Gʻazo sektorini qayta tiklashni maqsad qilgan Tinchlik kengashining birinchi yigʻilishida ham Prezidentimiz munosib ishtirok etib qaytdi. Bu ham Oʻzbekistonning xalqaro siyosiy maydondagi oʻrni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Bunday global miqyosdagi ezgu tashabbuslarni davlatimiz rahbari, Yangi Oʻzbekiston siyosati doimo qoʻllab-quvvatlaydi. Zero, dunyo miqyosida barqaror tinchlikni saqlab qolish faqat bitta davlat yoki bitta Prezidentning saʼy-harakatiga bogʻliq emas. Ammo shuni unutmaslik kerak: faqat tinchlik barqaror boʻlgan joydagina chinakam taraqqiyot va rivojlanish boʻladi.
Nasib etsa, kelgusida AQSH bilan bevosita adabiyot yoʻnalishida ham keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatimiz bor. Maʼlumki, Amerika adabiyoti dunyoning eng yirik adabiy merosiga ega boʻlib, Uolt Uitman, Jek London, Mark Tven, Uilyam Folkner, Ernest Xeminguey singari jahonga mashhur ulugʻ ijodkorlarni bizning oʻquvchilarimiz yaxshi bilishadi.
— Yaqinda Prezidentimizning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030”
strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi muhim farmoni qabul qilindi. Ayting-chi, mana shu tarixiy hujjatdan kelib chiqqan holda, bugun Yozuvchilar uyushmasi zimmasiga qanday dolzarb vazifalar yuklanmoqda?
— Yozuvchilar uyushmasiga har kuni oʻnlab xatlar, murojaatlar kelib tushadi. Ularning aksariyati bevosita mahallalar va maktablardan yoʻllangan boʻladi. Hozir mahallalarimizda juda ajoyib kitob doʻkonlari va zamonaviy kutubxonalar tashkil etilmoqda. Bu maskanlarda mahalla va maktab ahli mutolaa qilish imkoniyatiga ega. Murojaatlarning asosiy qismi aynan mana shu kutubxonalar fondini yangi kitoblar bilan toʻldirish haqida. Biz ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatib, ushbu maskanlar fondiga oʻzbek adabiyotining eng nodir durdonalarini muntazam yetkazib beryapmiz.
Shuningdek, bu yil yurtimizda mahallalararo kitobxonlik tanlovlarini oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, albatta, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli va samarali oʻtkazish hamda maʼnaviy tafakkurini yanada yuksaltirishdir. Hozir koʻp yoshlar telefon va kompyuterlarga qattiq bogʻlanib qolgan. Yuqoridagi kabi qiziqarli va ommaviy tanlovlar esa ularni mutolaaga qaytaradi. Chunki mutolaa, eng avvalo, insondagi goʻzal tuygʻularni tarbiyalaydi.
Shu maqsadda Yozuvchilar uyushmasi bugun qator kitoblarni oʻz homiyligida chop ettirmoqda. Har yili yubileyi munosabati bilan atoqli adiblarimizning saylanma va tanlangan asarlari, shuningdek, “Mard askarga sovgʻa”, “Nazm boʻstoni”, “Nasr gulshani” kabi yirik turkumdagi asarlarni nashr etib kelmoqdamiz. Bu yil ham xalqimiz va yoshlarimiz uchun koʻplab yangi asarlarni chop ettiramiz.
Shu bilan birga, taʼlim muassasalarida ijodiy uchrashuvlar oʻtkazmoqdamiz. Birgina oʻtgan yilning oʻzida mana shunday jonli uchrashuvlarda va turli maʼnaviy tadbirlarda 1 million 300 ming nusxadan ortiq kitob bepul tarqatildi. Joriy yilda ham ushbu xayrli ishlarni izchil davom ettiramiz. Toʻgʻri, bu raqamlar bir qaraganda juda koʻpdek tuyulishi mumkin, ammo bugun 38 milliondan ortiq yurtdoshimiz borligini hisobga olsak, bu koʻrsatkich hali kam ekani seziladi. Shuning uchun keyingi yillarda hamkor tashkilotlar bilan birga kitobxonlik targʻibotini yanada faol va keng koʻlamda olib boramiz. Oldimizda adabiyot sohasi rivoji uchun qilishimiz kerak boʻlgan muhim ishlar va katta marralar hali juda koʻp.
— Sirojiddin aka, mazmunli suhbatingiz uchun sizga koʻpdan koʻp rahmat! Albatta, biz Yozuvchilar uyushmasi jamoasi bugun qanchalik shiddat, yuksak samaradorlik va faollik bilan ishlayotganini koʻrib turibmiz. 2026-yilda ham uyushma jamoasiga ijodiy barkamollik va ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Yozuvchilar uyushmamizga butun yurtimiz maʼnaviyatining asl targʻibotchisi va uni yanada yuksaltiruvchi buyuk kuch boʻlib xizmat qilishida zafarlar yor boʻlsin!