“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda qoʻshma reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Belgilangan rejaga asosan, 2021-yilning 9-sentyabr kuni oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida qishloq xoʻjaligi, melioratsiya, yoʻl-qurilish texnikalaridan foydalanishda texnika havfsizligi qoidalariga rioya etilishi bilan bogʻliq masalalarga eʼtibor qaratildi. Mazkur tadbir davomida viloyatning aksariyat tumanlarida texnika vositalaridan foydalanishda qoidabuzarlik holatlari aniqlandi.

Xususan, Nurobod tumanidagi “Poʻlatchi” MFY da yashovchi fuqaro Z.X. va “Ulus” MFYda yashovchi Sh.A.larga tegishli T-28x4MS rusumli traktorlarning yoritish, toʻxtash va burilish chiroqlari toʻliq yonmasligi, yon oynalari yoʻqligi aniqlandi.

Paxtachi tumanidagi “Urgʻuch” mahallasida yashovchi fuqaro R.P.   boshqaruvidagi traktor koʻzdan kechirilganda, texnik koʻrikdan oʻtkazilmaganligi, texnika xavfsizlik qoidalari qoʻpol ravishda buzilganligi maʼlum boʻldi.

Bulungʻur tumanida oʻtkazilgan reyd tadbirida davomida “Kattaqishloq”  MFY xududida fuqaro K.E. WZ-3025 rusumli ekskovator-yuklagichni tegishli hujjatlarsiz boshqarib ketayotgani kuzatildi. 

Shuningdek, inspeksiyaning Payarik tuman boʻlimi inspektorlari tomonidan oʻtkazilgan reyd tadbirlarida ham 1 ta qonunbuzilish holati aniqlandi.

Qoʻshma reyd davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, aybdorlarga nisbatan maʼmuriy chora koʻrildi, deya xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.