Ammo uzoq yillar davomida bu imkoniyatlardan deyarli foydalanilmadi. Mavjud korxonalar ham ishlay olmasdan, uzoq yillar tashlandiq qoldirilgani haqiqat. Bir necha yil oldin yurtimizda xususiylashtirish jarayonlari faollashgan dastlabki davrlarda shunday yirik korxonalarning bir nechtasiga borganimiz yodimda. Ulkan quvvatga ega, yirik ishlab chiqarish zavodlari mutlaqo qarovsiz, kimsasiz maskanga aylangandi.
Imkoniyat va sharoit boʻlmagani hududning iqtisodiy holatida ham yaqqol aks etdi. Toshkent viloyati poytaxtimizga eng yaqin, gigant korxonalar manzili boʻlishiga qaramay, yaqin yillargacha rivojlanishdan ortda qolayotgan hudud sifatida tilga olinardi. Sanoat imkoniyatlari nafaqat mamlakat iqtisodiyoti rivoji, balki aholi turmush tarzini yaxshilashga ham taʼsir koʻrsatmasdi.
Hozir Toshkent viloyatidagi oʻzgarishlar hamda umumiy taraqqiyot qiyofasiga qarab turib, hududdagi faol islohotlar 2017-yildan keyin boshlanganiga ishonish qiyin. Ammo davlatimiz rahbarining qatʼiy irodasi bilan qisqa vaqtda viloyat tub oʻzgarishlarga yuz burdi. Hududda mutlaqo yangi imkoniyatlar ochilib, uzoq yillar davomida ishlatilmay kelgan ulkan salohiyat, yer osti va yer usti boyliklari, sanoat quvvati, mehnatkash xalqining bor imkoniyatlari toʻla ishga solinyapti. Toshkent viloyati yana mamlakatimizdagi eng yirik sanoatlashgan hudud sifatida tilga olinyapti, faqat bu gal koʻlam ham, koʻrsatkichlar ham, loyihalar ham ancha ulkan.
Bunga doir misollar talaygina. Soʻnggi sakkiz yilda viloyatga 10 milliard dollarlik hududiy va 8 milliard dollarlik tarmoq investitsiyalari jalb qilinganining oʻziyoq yangi quvvatlar haqida tasavvur hosil qiladi. Bularning hisobiga hududda 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonasi ochildi. Maʼlumotlarga koʻra, oxirgi uch yilda yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan korxonalar soni 1,8 baravar koʻpaydi, 100 milliard soʻmdan ziyod aylanmaga ega korxonalar soni esa qariyb 200 taga yetdi. Har yili yuzlab yangi loyihalar ishga tushirilyapti.
Bu taraqqiyotda har bir tumanning oʻz oʻrni bor. Masalan, viloyatning Ohangaron tumani hududi oltin, kumush, mis kabi qimmatbaho metallarga boy. Ammo yaqin yillargacha rivojlanishdan ortda qolgan, eng ogʻriqli nuqtalardan biri edi. Ulkan yer maydoni, boy sanoat xomashyosi va chorvachilik uchun beqiyos tabiiy iqlimga ega boʻlishiga qaramay, eng qoloq tumanlardan biri sifatida koʻrilgan. Bugun esa Ohangaron viloyatning eng yirik industrial manziliga aylandi.
2016-yildan keyin kirib borgan islohotlar shiddati sabab hududda birin-ketin gigant sanoat korxonalari qad rostladi. Qurilish materiallari sanoati shu qadar rivojlandiki, bu yoʻnalishda ulkan klaster zanjiri hosil boʻldi. Ayniqsa, hududdagi tabiiy maʼdanlar zaxirasi va mustahkam xomashyo bazasi elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Joriy yilning 13-fevral kuni davlatimiz rahbari Toshkent viloyati Ohangaron tumaniga tashrifi davomida ana shunday yirik sanoat zonalaridan biri — “Eltech Industrial” texnoparkida boʻldi. Mazkur majmua elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish va eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan yirik sanoat klasteriga aylanmoqda. Texnopark toʻrtta hududdan iborat boʻlib, umumiy maydoni 362 gektarni tashkil qiladi. Hozirgi kunda 4 ta loyiha ishga tushirilgan, 27 ta loyiha shakllantirilgan. Umumiy qiymati 797 million dollar boʻlgan korxonalarda minglab yangi ish oʻrinlari yaratish va salmoqli eksport hajmiga erishish rejalashtirilgan.
Jumladan, texnoparkda elektrotexnika sanoatining yirik ishlab chiqarish quvvatlari joylashgan. Kabel mahsulotlaridan tortib, maishiy texnikalargacha ishlab chiqariladi. Prezidentimizning mazkur zamonaviy korxonaga tashrifi bu obyektning mamlakatimiz sanoati siyosatidagi strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi. Davlatimiz rahbari texnoparkdagi loyihalar bilan tanishish davomida elektrotexnika sanoatini iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylantirib, koʻrsatkichlarni kelgusida oʻn milliard dollarga yetkazish, buning uchun ichki va tashqi bozorlarda mustahkam oʻrin egallash, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hamda soha uchun yetuk, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
70 ming tonna mahsulot, 800 ta yangi ish oʻrni
Bugun elektrotexnika sanoati dunyoda eng rivojlanayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. Xalqaro tahlillarga koʻra, 2025-yilda elektrotexnika xizmatlari bozori hajmi 135 milliard dollardan oshgan va keyingi yillarda oʻrtacha 5 foizli oʻsish saqlanib qolishi kutilyapti. Bunday ijobiy tendensiyani yurtimiz sharoitida ham koʻrishimiz mumkin. Xususan, soʻnggi yillarda mamlakatimiz elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmi 8,1 barobar oshib, umumiy sanoat ishlab chiqarishdagi ulushi 3,5 foizga yetdi. Ayni paytda sohada mingdan ortiq kichik va oʻrta korxona faoliyat yurityapti. Ularda 52 mingdan ziyod aholi band.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Ohangaron tumani elektrotexnika sanoati uchun zarur boʻlgan xomashyo bazasiga boy. Birgina mis xomashyosi ishlab chiqarish boʻyicha keyingi yillarda jahonning yetakchi davlatlari qatoriga qoʻshilganimiz imkoniyatlarni yaqqolroq namoyon etadi. Mahalliy korxonalar ham bundan unumli foydalanishga intilyapti. Texnoparkda ishga tushirilgan loyihalar doirasida mis quvurlar va fitinglar, mikroprotsessor modullari va sim-kartalar, yuqori kuchlanishli kabellar hamda maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Davlatimiz rahbari texnoparkda ishga tushirilayotgan bir necha yangi quvvat bilan tanishdi. Ular orasida mamlakatimizda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi boʻyicha yetakchilik qilayotgan “Infinity Copper Group” korxonasi ham bor.
Anvar NODIRXONOV,
“Metal Processing technology” korxonasi rahbari:
— Korxonamizda toʻrtta ishlab chiqarish zavodi mavjud boʻlib, ularning biri Ohangaron tumanidagi texnoparkda ochildi. Bu qiymat va koʻlam jihatidan ancha yirik loyiha. Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda texnopark hududidagi 10 gektar maydonda amalga oshirilyapti. Jarayonda 14,9 million dollarlik investitsiya oʻzlashtirildi. Ayni paytda qurilish ishlarining 90 foizi yakunlangan.
Faoliyatimiz mis quvurlar va fitinglar ishlab chiqarishga qaratilgan. Bunda narx va sifatga alohida eʼtibor beriladi. Yangi zavod Yevropa va Xitoyning eng ilgʻor texnologiyalari asosida jihozlangan boʻlib, energiyatejamkor va aniq ishlovchi uskunalar yordamida xalqaro standartlarga mos mahsulotlar ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 36 million dollar boʻlib, uch bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda yillik 35 ming tonna hajmda mis quvurlar va fitinglar ishlab chiqarilib, 300 ta ish oʻrni yaratiladi. Ikkinchi bosqichda ishlab chiqarish 50 ming tonnaga, uchinchi bosqichda esa 70 ming tonnaga yetkazilib, 800 kishining bandligi taʼminlanadi. Hozirgi kunda birinchi bosqich ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik.
Davlatimiz rahbari korxonamiz faoliyati bilan tanishish davomida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari ulushini oshirish muhimligini taʼkidladi. Shu kabi zamonaviy, raqobatbardosh korxonalar sonini koʻpaytirish orqali ichki bozor ehtiyojini toʻliq qondirish va eksport salohiyatini yanada kengaytirish zarurligini aytdi.
Asosiy vazifamiz mahalliylashtirish koʻrsatkichlarini oshirib borishga qaratilgan. Mahalliy sanoat korxonalari hisobiga bunga erishilayotgani quvonarli. Birgina korxonamiz misolida olsak, bugungi kunda mahsulotlarimiz import oʻrnini toʻliq bosadi. Masalan, yurtimizga oʻtgan yili 15 million dollarlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Dastlabki bosqichdayoq 350 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan. Mahsulotlar Birlashgan Arab Amirliklari, AQSH, Afrika qitʼasi hamda Yevropa davlatlariga yetkazib beriladi.
Hozir ham asosiy xaridorlarimiz Yevropa va MDH davlatlari boʻlib, mahsulotlarning 90 foizi eksport qilinyapti. Ilgari mis quvurlar va fitinglar yurtimizga asosan Yevropa va Xitoydan import qilingan boʻlsa, hozir ichki bozorni toʻliq oʻzimiz taʼminlash quvvatiga egamiz.
Ikki yildan keyin loyihaning uchinchi bosqichini ham yakunlaymiz va ishlab chiqarish quvvati 70 ming tonnaga yetkaziladi. Yangi zavodimiz toʻliq ishga tushgach, yiliga 10 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, ichki bozordagi tannarxni
5 foiz tushirish kutilyapti.
Hamyonbop narx, yuqori sifat
Keyingi yillarda Oʻzbekiston elektrotexnika sanoati sezilarli darajada rivojlandi. Gap faqat sonda emas, sifat jihatidan ham ichki va tashqi bozorda xaridorlar ishonchini qozonmoqda. Har kuni duch keladiganimiz elektron uskunalarning aksari bugun milliy brendlarimiz ostida ishlab chiqarilayotgani odamni quvontiradi. Ayniqsa, maishiy texnika bozorida hozir milliy mahsulotlarimiz xaridorgirlik jihatidan uncha-muncha xorij brendinikidan ustunlik qilmoqda. Chet mamlakatlar bozorida ham talabgirligi yuqori ekaniga guvoh boʻlyapmiz.
Bu mazkur sanoat tarmogʻi rivoji uchun keng yoʻl ochilib, barcha imkoniyatlar yaratib berilgani, mahalliy tadbirkorlarimiz esa katta bozor hamda raqobatda oʻrin egallash uchun tinimsiz harakat qilayotganining mahsuli. Bundan oʻn yillar oldin ichki bozorda maishiy texnika ishlab chiqaradigan bitta mahalliy brend nomini bilardik. Unga ham ishonchimiz yoʻq, sifati borasida ancha past baho berganimiz hozirgacha yodimda. Bugun esa oʻnlab mahalliy brendlar mavjud va aksari narx hamda sifat borasida xorijnikidan qolishmayapti. Koʻpchiligimiz bozorda oʻzimizning brendni tanlayapmiz. Arzon boʻlgani uchun emas, sifati sabab.
Ohangarondagi texnoparkda davlatimiz rahbari zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan “Premier” korxonasida ham boʻldi. Prezidentimiz ish jarayoni, mahsulotlari sifatini koʻzdan kechirib, mutaxassis va ishchilar bilan suhbatlashdi. Shu yerning oʻzida korxonaning 2026-2027-yillarga moʻljallangan rivojlanish dasturi taqdimot qilindi.
Saidmuxtor SAINURIDDINOV,
“Premier” korxonasi rahbari:
— Bu korxonamizning ikkinchi yirik zavodi hisoblanadi. 2023-yilning avgust oyida davlatimiz rahbari sovitkichlar ishlab chiqarish zavodimizga tashriflari chogʻida yangi loyihamiz uchun yer maydoni ajratish topshirigʻini bergan edi. Texnopark hududidan
10 gektar yer ajratilganidan soʻng oʻn oy ichida zavodni qurib bitkazib, ishga tushirdik. Ayni vaqtda 11,3 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan.
Loyiha Birlashgan Arab Amirliklarining “Fajr Al Mustaqbal General Trading” korxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti, umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil qiladi. Jarayonda 250 ta yangi ish oʻrni yaratilib, 4 million dollar eksport qilish koʻzda tutilgan. Mahsulotlar asosan Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiya, Qirgʻiziston, Afgʻoniston kabi davlatlarga eksport qilinadi.
Hozirgi kunda korxonamiz ishlab chiqarish hajmi boʻyicha Oʻzbekistonda ikkinchi oʻrinda turadi. Markaziy Osiyo boʻyicha ham shunday yirik korxonalar orasida yetakchilik qilyapmiz. Bu ishlab chiqarish quvvatlarimiz shunga yarasha ekani, ichki bozor talablarini qondirish imkoniyatimiz yuqoriligini koʻrsatadi. Kelgusida texnoparkdagi majmua toʻliq ishga tushishi hisobiga 87 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilyapti.
2021-yilda tashkil etilgan korxonamiz uchun bu katta natija. Ammo maqsadlarimiz bundan-da baland. Chunki yurtimizda tadbirkorlar, xususan, elektrotexnika sanoati rivoji uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgani biz kabi ishlab chiqaruvchilarni quvvatlarni bir necha barobar oshirishga undayapti. Ayni paytda yana 4 ta yangi zavod qurish loyihasi ustida ishlayapmiz. Yangi bozorlarga kirib borib, eksport koʻrsatkichlarini karrasiga oshirishni maqsad qilganmiz. Davlatimiz rahbari bu borada bir qancha koʻrsatmalar berdi. Ularni bajarish uchun barcha imkoniyatlarimiz bor.
Qolaversa, mahsulotlar turi, sifati va narxi borasida doimiy izlanishdamiz. Boisi, brendimiz premium sifatdagi mahsulotlarni hamyonbop narxlarda yetkazib berishi bilan xaridorlar ishonchini qozonib kelmoqda. Sifat va zamonaviy dizayn uygʻunligi, hududlarda servis xizmatlarini koʻrsatish uzluksizligi taʼminlangani uchun brendimiz qisqa vaqtda bozorda mustahkam oʻrin egallashga erishdi. Endilikda yanada koʻproq yangi bozorlarga kirib borish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishni maqsad qilganmiz.
Texnoparkdagi loyihamiz bu jarayonda eng yiriklaridan biri boʻladi. Chunki bu yerda imkoniyatlar kengligi, infratuzilma uzluksizligi, lokatsiya jihatidan barcha viloyatlarga qulay joylashuv ishimizni yanada jadallashtiradi.
* * *
Bugun dunyoni elektronika vositalarisiz tasavvur qilish qiyin. Qoʻlimizdagi mobil qurilmadan tortib, har kuni foydalanadiganimiz kompyuter texnologiyalari, avtomobillar, maishiy texnika, elektr energiyasi va aloqa tarmoqlari simlarining bari elektrotexnika sanoati mahsulotlaridir. Ana endi ushbu tarmoqqa boʻlgan talabni tasavvur qilavering. Uning rivojlanishi esa bevosita mamlakat taraqqiyoti, iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari bilan bogʻlanayotganining boisi shunda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri