Tez kunlarda jadidchi Isʼhoqxon Ibrat haqidagi film namoyish etiladi

    Madaniyat 19 Sentabr 2020 1241

    1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimiz kino teatrlarida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Kinomaniya” studiyasi tomonidan suratga olingan “Ibrat” badiiy filmining premyerasi boʻlib oʻtadi.

    Film shoir, tarjimon, tarixchi va tilshunos olim, jadidchi Isʼhoqxon Ibrat haqida boʻlib, unda olimning mashaqqatli hayot yoʻli tasvirlangan.

    Film qahramoni oʻndan ortiq Sharq va Gʻarb davlatlarida boʻlib, ularning tili va madaniyatini mukammal oʻrgangan. Faoliyati davomida Turkistonda dastlabki tovush metodiga asoslangan jadid maktablarining tashkilotchisi va targʻibotchisi sifatida katta eʼtibor qozondi.

    U noshir-matbaachi sifatida birinchilardan boʻlib “Matbaai Isʼhoqiya”ni tashkil qiladi va kitob nashrini yoʻlga qoʻyadi.

    Isʼhoqxon Ibrat arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan. Shu bilan birga, u eng qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini chuqur oʻrgangan.

    Film rejissyori Jahongir Qosimov, ssenariy mualliflari Nurillo Abbosxon va Abduqayum Yoʻldoshev, postanovkachi operator Rustam Murodov, postanovkachi rassom Doniyor Abdurahmonov, kompozitor Dmitriy Yanov-Yanovskiy. Rollarni Farhod Mahmudov, Saidkomil Umarov, Karim Mirhodiyev, Akbarxoʻja Rasulov, Shahzoda Matchonova, Zulxumor Moʻminova kabi taniqli aktyor va aktrisalar ijro etgan.